12:44 / 24.07.2019
3 540

Vazir: Bunday narx bilan iqtisodda o‘sishni rejalashtirish qiyin. Gaz xorijga 128 dollardan sotilyapti, aholiga esa 41 dollardan

Vazir: Bunday narx bilan iqtisodda o‘sishni rejalashtirish qiyin. Gaz xorijga 128 dollardan sotilyapti, aholiga esa 41 dollardan
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev ishtirokida «Mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, shuningdek, iste’mol savatchasi hisobi hamda tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor» mavzusida OAV vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonni 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish Konsepsiyasida bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Jumladan, xizmatlar sohasida raqobat muhitini rivojlantirish, yangi uy-joy siyosatini tatbiq etish natijasida urbanizatsiya jarayonini ma’muriy tartibga solish, zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarni joriy etish orqali sog‘liqni saqlashning yangi modelini shakllantirish, noxomashyo bozorlarni kengaytirish uchun zaruriy sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgani aytildi.

Vazir ushbu Konsepsiya bilan tanishtirarkan, tariflar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Hozirgi narxlar bilan iqtisodiyotda o‘sishni rejalashtirib bo‘lmaydi, — dedi Botir Xo‘jayev. — Misol uchun, biz ming kubometr gazni xorijga 128 dollardan eksport qilyapmiz, aholiga esa xuddi shu gaz 41 dollardan yetkazib berilyapti. Shuningdek, bizda gaz qazib olish tannarxi ham juda baland. Rejamizga ko‘ra, 2030 yilgacha sanoat hajmi har yili 4 foizdan oshib borsagina, belgilangan maqsadimizga erishamiz».

Jurnalistlar iste’mol savatchasi haqida savol berdi.

«Bu tushuncha hozir mamlakatimizda test tizimida sinab ko‘rilmoqda, lekin shuni aytish mumkinki, O‘zbekistonda iste’mol savatchasining taxminiy miqdori 650 ming so‘mni, yashash uchun talab etiladigan eng kam mablag‘ esa 800 ming so‘mni tashkil qiladi, — dedi Botir Xo‘jayev. — Iste’mol savatchasi degan tushuncha O‘zbekistonda 2021 yilda joriy qilinishi mo‘ljallanmoqda».

Muloqot davomida hozirgi vaqtda respublikada xufyona iqtisodiyot darajasi bir muncha baland ko‘rsatkichda ekani ta’kidlandi.

«Tadqiqotlarimiz natijasiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonning xufyona iqtisodiyot darajasi taxminan 45-46 foizni tashkil etmoqda, — dedi vazir Xo‘jayev. —

Xufyona iqtisodiyot rivojlangan mamlakatlarda ham bor. Lekin uning iqtisodiyotdagi ulushi qanchaligiga qarab baholanadi. Bizning iqtisodiyotimizda bu daraja bir muncha baland».

Uning qo‘shimcha qilishicha, xufyona iqtisodiyotdan chiqishda valyuta siyosatini liberallashtirish va daromad solig‘idagi o‘zgarishlar sezilarli harakat bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Vazir: Bunday narx bilan iqtisodda o‘sishni rejalashtirish qiyin. Gaz xorijga 128 dollardan sotilyapti, aholiga esa 41 dollardan