23:30 / 26.07.2019
3 319

Mo‘g‘ulistondan davlat ehtiyoji uchun go‘sht olib kelish uchta kompaniyaga topshiriladi

Mo‘g‘ulistondan davlat ehtiyoji uchun go‘sht olib kelish uchta kompaniyaga topshiriladi
Davlat zaxirasi va byudjet tashkilotlari, ijtimoiy soha va maxsus ob’ektlarning ehtiyoji uchun go‘sht Mo‘g‘ulistondan olib kelinadi.

«Mo‘g‘ulistondan go‘shtetkazib berish eksklyuziv huquqi Brand Investment Group Agro, Tashkent Trade Center va Baraka Holding MChJlarga beriladi», – deyiladi prezidentning muhokamaga qo‘yilgan qarori loyihasida.

Minbar nashrining yozishicha, Mo‘g‘ulistonda sanoat yaxshi rivojlanmagan, shu bois mamlakat asosiy e’tiborini chorvachilikni rivojlantirishga qaratgan. Respublikada 30 millionga yaqin qo‘y bor – bu Yangi Zelandiyadagidan ko‘p – lekin go‘sht eksport qilish uncha rivojlanmagan. Ammo oxirgi yillarda vaziyat o‘zgarmoqda. Masalan, 2017 yili 2106 tonna qo‘y va echki go‘shti eksport qilindi, bu bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 11 barobar ko‘pdir.

Hujjatni tayyorlagan Veterinariya qo‘mitasining fikricha, Mo‘g‘ulistonda ishlab chiqarilayotgan go‘shtning sifati va narxi O‘zbekiston uchun maqbuldir.

Davlat ehtiyojlari uchun go‘sht yetkazib beruvchi kompaniyalarning Mo‘g‘ulistonga quruq va ho‘l mevalarni, poliz mahsulotlari va uzumni eksport qilish, Mo‘g‘ulistondan go‘sht import qilish uchun sarflangan transport xarajatlarining 50 foizi Tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Bu kompaniyalarga import qilinadigan go‘shtga 10 foizdan yuqori bo‘lmagan ustama belgilashga ruxsat etiladi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Mo‘g‘ulistonga havo yo‘llari koridorini bir oy muddatda tashkil etadi hamda mahsulotlarni tashish va ushbu davlatdan go‘sht olib kelishda maqbul narxlarda xizmat ko‘rsatadi.

Transport vazirligi Mo‘g‘ulistonga mahsulotlarni eksport qilish, shuningdek ushbu davlatdan go‘sht hamda boshqa zarur xomashyolarni bir oy muddatda maxsus transportlar orqali olib kelishni tashkil etadi.

Avvalroq bozorlarda muttasil oshib borayotgan go‘sht narxini barqarorlashtirish maqsadida hukumat go‘sht (mol, qo‘y, tovuq go‘shti), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) hamda ularning so‘yish mahsulotlarini ham qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilgan edi.

O‘zbekistonda go‘sht narxi so‘nggi paytlarda muttasil oshib kelmoqda. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi savdo rastalarida go‘sht narxi 60 ming so‘mga yetgani haqida xabarlar tarqagan edi.

Iqtisodiyot vazirligining aytishicha, mamlakatda chorvachilikdagi tizimli kamchiliklar va yem-xashak yetishtirish uchun yerlarning yetishmasligi, sho‘rlanishi ham go‘sht narxining qimmatlashuviga sabab bo‘layapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Mo‘g‘ulistondan davlat ehtiyoji uchun go‘sht olib kelish uchta kompaniyaga topshiriladi