13:50 / 21.11.2019
3 563

Korrupsiya - tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklovchi omil

Korrupsiya - tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklovchi omil
Ushbu maqola Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklovchi omillarni oʻrganish yuzasidan olib borilgan tadqiqot natijalari asosida tayyorlandi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan koʻzlangan asosiy maqsad halqimizning farovon hayot kechirishini taʼminlashdir. Ishbilarmonlik muhitini shakllanishi, tadbirkorlik faoliyati hamda ishlab chiqarishni jadal rivojlantirish respublika aholisining farovon turmushi asosi hisoblanadi. Shu maqsadda aholining turli qatlamlarini hamda kichik korxonalarning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Birgina “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 7,2 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Shu bilan birga, bir qator hal etilmagan muammolar saqlanib qolmoqda, ayniqsa yer uchastkalarini ajratish, agrotexnik tadbirlarni olib borish, tadbirkorlik subyektlarining ishlab chiqarish infratuzilmasidan, kredit va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini taʼminlashda, faoliyatini erkin yuritishda byurokratik toʻsiqlar va sansalorliklar uchramoqda. Bunday byurokratik toʻsiqlar va sansalorliklar korrupsiya degan illatning ildiz otishiga sabab boʻladi.

Qonunchiligimizda korrupsiyaga kurashishning huquqiy asoslari yaratilgan boʻlib, 2017-yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida” gi Qonuni, Prezidentning 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-son Farmoni, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2752-son Qarori shular jumlasidandir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5729-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturining 26-bandiga muvofiq tadbirkorlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashganligi, noqonuniy harakatlar qilganligi, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini cheklashga yoki ularni toʻxtatishga sabab boʻlgan asossiz va noqonuniy harakatlar (harakatsizlik) uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish nazarda tutilgan.

“Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq korrupsiya - bu, shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishdir.

Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillardan quyidagilarni tahlil qilsak:
1) Qonun hujjatlarida korrupsiogen faktorlarni keltirib chiqaruvchi normalarning mavjudligi. Masalan, muddatlarning mavjud emasligi yoki noaniqligi, taqdim qilinishi kerak boʻlgan hujjatlarning haddan ziyod koʻpligi, yaʼni jismoniy va yuridik shaxslarga noaniq, bajarilishi qiyin boʻlgan va ogʻirlashtirilgan talablarni mavjudligi yoki norma sanksiyalarida aniq miqdorning yoʻqligi va boshqalar;

2) Mansabdor shaxslarning diskretsion vakolatlardan oʻz manfaati yoʻlida foydalanishi. Masalan, tadbirkorlikning bir turi boʻlgan fermer xoʻjaligining faoliyat yuritishida ham qator muammolar mavjud boʻlib, davlat organlari va mansabdor shaxslar fermerlarga faoliyat yuritishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan “sharoitlar yaratishi”ga koʻmaklashishni amaliyotda boshqacha qoʻllamoqdalar. Xususan, fermerlik faoliyatiga (ayniqsa ekin ekish va hosilni yigʻib olish xamda agrotexnik tadbirlarni olib borish boʻyicha) mansabdor shaxslarning ortiqcha aralashuvi holatlarining koʻpligi;

3) Davlat xizmatchilari ish haqining pastligi hamda ayrim mansabdor shaxslarning oʻz mansabini daromad manbaiga aylantirganligi, xizmat vazifalarini bajarishda mahalliychilik va urugʻ-aymoqchilikka yoʻl qoʻyishi va boshqa sabablarning mavjudligi.

Bunday holatlar tadbirkorlik faoliyati subyektlari bilan davlat organlari mansabdor shaxslari oʻrtasida jiddiy muammolar borligini bildiradi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga 2019-yilning birinchi choragida tadbirkorlardan oʻn olti mingta murojaat tushgan boʻlib, shulardan ikki mingga yaqin murojaatda mansabdorlarning xatti-harakatlaridan norozilik bildirilgan .

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudidan olingan maʼlumotlarga asosan, jinoiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlar tomonidan 2016-2017-yillar, shuningdek, 2018-yilning birinchi choragi davomida tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish, toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq 2 ming 358 ta maʼmuriy hamda 22 ta jinoiy ish koʻrilgan.

Tadbirkorlik faoliyatining qonuniy kafolatlari
Avvalambor, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.

Bundan tashqari “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida” gi Qonunga muvofiq nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emasligi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda fermer xoʻjaliklarining oʻz faoliyatida mustaqilligi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida” gi Qonunda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari dehqon va fermer xoʻjaliklarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan ushbu xoʻjaliklarning agrotexnika usullarini, yetishtiriladigan mahsulot turini tanlashiga, bu mahsulotning bahosini hamda realizatsiya qilish yoʻnalishini belgilashiga aralashishga haqli emasligi va boshqa kafolatlar belgilab qoʻyilgan.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga koʻra
Xorijiy davlatlar qonunlarida mansabdor shaxslarning tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuviga qoʻyilgan taqiqlarning meʼyoriy tavsifiga turli xil yondashuvlar bilan ajralib turadi. Masalan,

Ozarbayjon Respublikasi Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksi 602-moddasiga muvofiq tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish, mansabdor shaxslarga besh yuzdan bir yarim minggacha pul miqdoridagi jarima jazosi qoʻllaniladi.

Qozogʻiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 365-moddasiga muvofiq oʻz mansab vakolatlaridan foydalangan holda tadbirkorlik subyekti,tijorat tashkiloti faoliyatiga toʻsqinliq qilish, noqonuniy aralashishi oqibatida fuqarolar hamda tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilgan boʻlsa, 2 ming oylik hisob koʻrsatkichi miqdorida jarima bilan jazolanadi. Oʻsha xarakatlar juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda; uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa 5 ming oylik hisob koʻrsatkichi miqdorda jarima yoki olti yuz soat majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish, mol-mulkini musodara qilish, umrbod muayyan huquqdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Turkiya Respublikasi Jinoyat Kodeksining 201-moddasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklash yoki kuch ishlatib, zoʻrlik yoki tahdid bilan toʻsqinlik qilish, - uch oydan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Janubiy Koreya Respublikasi Jinoyat kodeksining 314-moddasi biznesga toʻsqinlik qilish deb nomlanib, tadbirkorlik subyekti faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki tadbirkorga kuch bilan tazyiq oʻtkazish, - besh yil qattiq tartibli majburiy ishlarga yoki oʻn besh million pul miqdorida jarima bilan jazolanadi.

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida maxsus qonunlar qabul qilinib, tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, Yevropa mamlakatlarida quyidagi choralar samarali amalga oshiriladi:
1) davlat amaldorlari va ularning oila aʼzolari daromadlari va mulki haqidagi deklaratsiya;
2) korrupsiya yoki talon-taroj qilish holatlariga yoʻl qoʻyilganlikda gumon qilinganda bu haqda anonim yaʼni yashirin xabar berish mexanizmining mavjudligi;
3) bank operatsiyalarida sarmoya yuvish ustidan nazorat mexanizmlari;
4) OAVlarning jamoatchilik nazoratidagi mustaqilligi. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida oʻtkazilgan tadqiqot ishlari OAV larining korrupsiyaga qarshi kurashdagi muhim rol oʻynashini koʻrsatdi, shu munosabat bilan Transparency International muntazam ravishda davlatlarni soʻz erkinligi, OAV mustaqilligi, shuningdek, fuqarolik jamiyatining ochiqligi va ishtirokini ragʻbatlantirishga daʼvat etadi .

Xulosa oʻrnida
Oʻzbekistondagi tadbirkorlik faoliyati erkinligini taʼminlashdagi mavjud holatlarni hisobga olgan holda, davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashganligi, noqonuniy harakatlar qilganligi, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini cheklashga yoki ularni toʻxtatishga sabab boʻlgan asossiz va noqonuniy harakatlar (harakatsizlik) uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi bilan bogʻliq masalalarni huquqiy tartibga solish uchun qonunchilikka tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarur.

Binobarin qonunchiligimizda mansabdor shaxslarning tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy tarzda aralashganligi uchun maxsus javobgarlik oʻrnatilmaganligi, tadbirkorlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda qiyinchiliklar tugʻdiradi, ayrim mansabdor shaxslarga esa tadbirkorlar huquqlari va manfaatlari buzilgan holatlarda javobgarlikdan qutilib ketish imkoniyatini yaratadi.

Yuqoridagi tahlillardan hamda xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik Kodeksi hamda Jinoyat Kodeksiga tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlikni belgilovchi normani kiritish jamiyatimizda sodir boʻlayotgan qonun buzilishlarini oldini oladi.

D.Anvarova
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti masʼul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Korrupsiya - tadbirkorlik faoliyati erkinligini cheklovchi omil