18:13 / 19.01.2020
2 948

Markaziy bank 2019 yilda nima uchun 4 mlrd dollarlik oltin sotganini izohladi

Markaziy bank 2019 yilda nima uchun 4 mlrd dollarlik oltin sotganini izohladi
Foto: O‘zA
O‘zbekiston Markaziy bankining 2019 yilda 4 milliard dollarlik oltinni eksport qilish orqali almashuv kursi barqarorligini ta’minlagani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan keng muhokama qilindi, deb xabar berdi O‘zA.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov ushbu ma’lumotga izoh berdi.
- Bitta masalani e’tiborga olish kerak-ki, Markaziy bank almashuv kursi barqarorligini ta’minlash uchun oltin sotmaydi.
Oddiy iqtisodiy mexanizm sifatida keltiradigan bo‘lsam, Markaziy bankning oltin sotib olayotganda ishlab chiqaruvchiga bergan pulini iqtisodiyotdagi pul emissiyasi deb qarash kerak.

Misol uchun, 2018 yilda 70 tonna, 2019 yilda 110 tonna oltin eksport qildik. 110 tonna oltin taxminan 5 milliard dollar bo‘ladi. Lekin, bizning bir yillik valyuta bozoridagi intervensiyalarimiz hajmi 3,8 milliard dollar. Bu joriy yil davomida ishlab chiqarilgan oltin hajmidan kamroqdir. Biz o‘tgan yili 36,6 trillion so‘mlik oltin sotib oldik. Shu orqali iqtisodiyotga shuncha pulni emissiya qildik. Bu iqtisodiyotga qo‘shimcha miqdorda pul kirdi degani.

Nega ko‘proq oltin sotdik? Negaki, biz tashqi bozordagi holatdan ham kelib chiqamiz. Ya’ni narx qulayroq shakllanayotgan bo‘lsa, ma’lum ma’noda oltinni ko‘proq sotishimiz mumkin. Narx noqulay shakllanayotgan bo‘lsa kutib turamiz. Bunda Markaziy bank tahlilchilarining prognozlari bizga qo‘l keladi. Oltinni sotishdan kelib tushgan pul valyuta bozorida sotilishini anglatmaydi. Ya’ni bizning oltin sotish operatsiyalarimiz oltin-valyuta zaxiralarini samarali boshqarish vazifalaridan kelib chiqib amalga oshiriladi.

Yana bir gap. Valyuta islohotlarining dastlabki bosqichlarida ichki valyuta bozorining rivojlanishi va uning ishtirokchilari yangi sharoitlarga to‘liq moslashmaganligi holatida ham biz neytrallik tamoyiliga amal qildik. Bu nima. Ya’ni erkin shakllanadigan almashuv sharoitida Markaziy bank xalqaro zaxira valyutalarini yig‘maydi ham, ishlatmaydi ham.

Agar valyuta intervensiyasini amalga oshiradigan bo‘lsak, odatda bu almashuv kursini qadrsizlantirish yoki qadrini ushlab turish orqali amalga oshiriladi. Bunda valyuta zaxiralari kamayib yoki ko‘payishi yuzaga kelishi mumkin. Oltin zaxiralari o‘zgarmasligi, bu haqiqatdan ham erkin shakllangan almashuv kursi talablariga javob beradi.

2019 yilda oltin-valyuta zaxiralarimiz 28,6 milliard dollarni tashkil etdi. Ya’ni o‘tgan yili oltin-valyuta zaxiralarimiz 2 milliard dollardan ziyodroqqa oshdi. To‘g‘ri bu asosan narx orqali yuz bergan bo‘lsa-da, lekin xalqaro zaxiralarimiz kamaymadi. Biz yil davomida almashuv kursini qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud zaxiralarimizni ishlatmadik
.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Markaziy bank 2019 yilda nima uchun 4 mlrd dollarlik oltin sotganini izohladi