13:54 / 24.01.2020
2 647

Prezident iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan 5 ta vazifani ko‘rsatib o‘tdi

Prezident iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan 5 ta vazifani ko‘rsatib o‘tdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Parlamentga Murojaatnomasi davom etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil va keyingi yillarda iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan dasturiy va maqsadli vazifalarga ko‘rsatib o‘tdi:

Birinchidan, 2020 yilda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va inflyatsiyani jilovlash – iqtisodiy islohotlar jarayonidagi bosh vazifamizdir.

Ikkinchidan, iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investitsiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.
Joriy yilda 23 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtiriladi hamda 206 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushiriladi.

Jumladan, Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksida sintetik suyuq yoqilg‘i, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida azot kislotasi, ammiak va karbamid ishlab chiqarish quvvatlari barpo etiladi.
Toshkent metallurgiya zavodi, Toshkent metrosining Sirg‘ali tarmog‘i, yer usti halqa yo‘lining birinchi bosqichi ishga tushiriladi.

Uchinchidan, bank tizimi va kapital bozorini rivojlantirish uchun bu yil keskin choralar ko‘rishimiz lozim.
Afsuski, bank tizimi raqamli texnologiyalarni qo‘llash, yangi bank mahsulotlarini joriy etish va dasturiy ta’minotlar bo‘yicha zamon talablaridan, 10-15 yil orqada qolmoqda.

To‘rtinchidan, barqaror iqtisodiy o‘sishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish, tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish hisoblanadi.

Bu yil eksportyorlarga kafillik beradigan va xarajatlarning bir qismini qoplaydigan – Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda eksportni oldindan moliyalashtirish uchun – Eksport – kredit agentligi tashkil etiladi.

Bizning tashqi savdoga chiqadigan yuklarimizning 80 foizi Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi va Rossiyaning tranzit yo‘laklari orqali o‘tadi.
Shuningdek, tayyor mahsulotlarimiz eksportining 50 foizi, ayrim tovarlar bo‘yicha esa 80 foizi Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ana shu omillarni inobatga olib hamda Rossiya va Qozog‘istonga ishlash uchun borgan fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida, bugungi kunda O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish bilan bog‘liq masalalar o‘rganilmoqda.

Beshinchidan, sanoat tarmoqlarini uzluksiz xomashyo va zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlash zarur.
Iqtisodiyotning qator muhim tarmoqlari, jumladan, kimyo, neft va gaz, energetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, zargarlik sanoatini xomashyo bilan ta’minlash uchun, avvalo, geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish lozim.

Biz keyingi 3 yilda yo‘l qurilishiga 9,8 trillion so‘m, suv tarmoqlariga – 4,6 trillion so‘m, elektr tarmoqlariga – 18,2 trillion so‘m, tabiiy gaz ta’minotiga – 1,2 trillion so‘m mablag‘ ajratdik.
Bu raqamlar – ushbu tarmoqlar uchun so‘nggi 10-15 yilda sarflangan mablag‘lardan bir necha barobar ko‘pdir".

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident iqtisodiyot sohasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan 5 ta vazifani ko‘rsatib o‘tdi