14:16 / 13.09.2016
7 439

Akio Kavata: Do‘stim Islom Karimovning siyosatini doim ma’qullar edim

Akio Kavata: Do‘stim Islom Karimovning siyosatini doim ma’qullar edim

Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Akio Kavato O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov haqida xotirlab, Kommersant.ru nashriga intervyu berdi, deyiladi "Kun" nashrida.

"Men Islom Karimov bilan oxirgi marta 2004 yilning avgustida ko‘rishgandim, o‘shanda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimini tark etib, vatanimga yo‘l olayotgandim. Shu munosabat bilan prezident qarorgohida rasmiy tadbir o‘tayotgandi, men Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ioriko Kavaguti xonimga muzokaralarda hamrohlik qilgandim. O‘shanda bir voqea yodimda qolgan: Yaponiya delegasiyasi uchrashuvni yakunlab, O‘zbekiston rahbari bilan xayrlashayotganda bexosdan qo‘limdagi qog‘oz tushib ketdi. Bundan xijolat bo‘lib, endi qog‘ozni ko‘tarmoqchi bo‘lganimda G‘arbda "shafqatsiz mustabid" deb ataluvchi prezident Karimovning o‘zi engashib qog‘ozni oldi-da, jimgina menga uzatdi. Nahotki, diktator elchi oldida ana shunday qilsa?! Men uning olijanobligini his qilgandim va hech qachon u haqida yomon gapirmadim", - deydi sobiq elchi.

Akio Kavata o‘zbek xalqining kattalarni hurmat qilish borasida yaponlarga o‘xshab ketishini ta’kidladi, lekin O‘zbekistonda an’analarga sodiqlik ulardan-da kuchli ekanligini tan oldi.

"Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimiga kirishar ekanman, mamlakat prezidentiga imperatorimiz tomonidan tasdiqlangan ishonch yorlig‘ini topshira turib, barcha rasmiyatchilik bilan bog‘liq vazifalarimni tugalladim va bir qarashda kichik xatoga yo‘l qo‘ydim - qo‘limni cho‘ntagimga soldim. Shu payt Karimovning nigohi menga qadalgani va bu unga yoqmaganini sezdim. Bu menga berilgan birinchi saboq edi: rahbar uchun rasmiyatchilik - quruq so‘z emas, u hech narsani e’tibordan chetda qoldirmasdi, bunga ko‘p marta guvoh bo‘lganman", - deya xotirlaydi Akio Kavata.

"O‘sha paytlar men yangi temir yo‘l liniyasi qurilishiga alohida e’tibor qaratgan edim, bu temir yo‘l mamlakatning shimoliy va janubiy tomonlarini tog‘lar orqali birlashtirishi kerak bo‘lgan. Men betashvish pasifist sifatida shimol va janub o‘rtasidagi xo‘jalik aloqalarining yaxshilanishi haqida o‘ylab, o‘jar yapon amaldorlarini yo‘lni moliyalashtirishga arang ko‘ndirardim. Prezident Karimov esa kengroq fikr yuritardi, aynan shu loyiha davlat rahbarining uzoqni ko‘ra bilishiga yaqqol misol bo‘la oladi.

Men prezidentni O‘zbekistonga nisbatan yapon faol siyosati o‘zgarishsiz qolishiga ishontirgandim, bu Islom Karimovga juda ma’qul kelgandi.

Islom Karimov o‘z mamlakati mustaqilligini juda qadrlar edi va qandaydir xorijiy kuchlarning unga aralashuvini yoqtirmasdi. Men uning siyosatini doim ma’qullar edim.

Islom Karimov 25 yildan ortiq vaqt davomida davlat boshqaruvida ko‘p ishlarni amalga oshirishga ulgurdi. Eng avvalo, davlat tizimini yo‘lga qo‘ydi, mustaqil iqtisodiyot barpo etdi. Shu bilan bir qatorda mustaqil tashqi siyosatni ishlab chiqa oldi. Mana shunday murakkab jarayonda u ko‘p narsalardan voz kechishiga to‘g‘ri keldi, zero Islom Karimov birinchi navbatda o‘z mamlakati haqida qayg‘urardi", - deya ta’kidladi sobiq yapon elchisi.

Akio Kavata bugungi O‘zbekistonning ko‘rkamlashganiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

"O‘zbekistonga sharqiy yo‘nalishdan parvoz qilar ekansiz, balandlikdan Farg‘ona vodiysi dalalarining orastaligiga qarab ajablanasiz. Zavod va fabrikalarga tashrif buyursangiz, o‘zbek menejerlari o‘z ishini yaxshi tushunishi bilan ijobiy taassurot qoldiradi. Avgust oyining boshida Yaponiya delegasiyasi tarkibida O‘zbekistonga tashrif buyurdim va so‘nggi yillarda Toshkentning naqadar go‘zallashganiga guvoh bo‘ldim. O‘zbeklar o‘z qo‘li bilan yangi qadriyatlarni yaratishni yaxshi bilishadi.

So‘zim so‘ngida prezident Karimovning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardligimni bildiraman. Insonlar odatda unutishga moyil bo‘lishsa-da, ishonchim komil: Karimov tomonidan o‘rnatilgan umumiy yo‘nalish - davlat mustaqilligi va kishilar hayotining farovonligi yo‘lida xizmat qilish meros bo‘lib qoladi. Ruhingiz tinch bo‘lsin, Islom Abdug‘anievich", - deya o‘z so‘zlariga yakun yasadi Akio Kavata.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Akio Kavata: Do‘stim Islom Karimovning siyosatini doim ma’qullar edim