Ma’naviy tubanlik yoki o‘z keliniga suqlanib qaraydigan qaynotalar haqida

  • 29 noyabr 2016, 13:45
  • 9 731
  • Jamiyat
  • Ma’naviy tubanlik yoki o‘z keliniga suqlanib qaraydigan qaynotalar haqida

    Kelinni kimdir qiz o‘rnida, kimdir kelin o‘rnida, yana kimdir esa ayol o‘rnida ko‘rishini bilasizmi?

    Gap o‘z zurriyodining ayoliga suqlanib qaraydigan ma’naviy tuban qaynotalar haqida ketmoqda. Shunday insonlar ham bormi, deya yoqa ushlayotgan bo‘lsangiz kerak? Afsuski, jamiyatimiz bunday insonlardan xoli emas...

    Jamiyatimizda shunday insonlar borki, ularni er qanday ko‘tarib yuribdi ekan, deb o‘ylab qolasan kishi. Bunday razil insonlarning soni oz bo‘lsa-da, jamiyatning qusurlaridan hisoblanadi.

    Nima uchun oilalardan baraka ko‘tarilib ketmoqda, nima uchun duolar qabul bo‘lmayapti? Chunki oilaning har bir a’zosi o‘z vazifasi va burchini unutib qo‘ygan. Ota oilaning ustuni bo‘ladi. Uning so‘zi so‘z, qarori qaror bo‘lishi kerak. Hozirda esa ko‘pchilik erkaklar oilani qanday qilib mustahkamlash haqida bosh qotirmasdan, ro‘zg‘ordagi mayda-chuydalarga aralashib, hatto kelinni qozonigacha aralashadigan bo‘lib qolishgan. Oilaning tizgini esa qaynonalar qo‘lida. Birovning bolasiga kelinim yo qizim deb emas, cho‘ri sifatida qarash, xaddan tashqari o‘g‘lini ayash yoki qizg‘anish kabi illatlar ba’zi onalarimizga xos bo‘lib qolmoqda.

    Yigit ham uylanganidan keyin, kelinga Yaratganning menga bergan omonati deb emas, xonadoniga dastyor deb qaraydi. Ba’zi kelinlar esa qaynbo‘yinlar bilan masofani qattiq ushlash kerakligini unutib qo‘yishadi. Ayniqsa, qaynota bilan.

    Turkmanistonning “Kelin” degan filmi bo‘lar edi. Unda yangi tushgan kelin qaynbo‘yinlar bilan faqat kichik bolalar orqali gaplashadi. Bu odat hozirda ham Xorazmning ba’zi tumanlarida saqlanib qolgan. Aynan mana shu joylarda oilaviy ajrimlarning soni kam.

    Ilgari qaynota hovlida yursa, kelinlar tashqariga chiqishga istihola qilishgan. Hozirda esa kelin bilan qaynbo‘yinlar orasidagi masofaga qo‘shilib hayo pardasi ham ko‘tarilgandek.

    Kelin tug‘ruqxonada yotsa, qaynonaga qo‘shilib qaynotalar ham tug‘ruqxonaga boradigan bo‘lishgan. Bu ham mayli, kelin yotgan joyga, tug‘ruq zaliga qaynotalarning, otalarning kirib borishi umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

    Bir xonadondagi manzarani aytib berishdi. Qo‘shni chiqib qarasa, hovlidagi so‘rida kelin bir tomonda, qaynota ikkinchi tomonda yonboshlaganlaricha televizor tomosha qilishayotgan ekan. Kelinning qaynota huzurida yonboshlab yotishi odobsizlik va behayolikdir. Qaynotaning indamasligi esa uning farosatsizligidir.

    Uqba ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollar oldiga kirishdan saqlaning!” dedilar. Shunda ansoriy bir kishi: “Qayni haqida nima deysiz?” deb so‘radi. Unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qayni o‘limdir”, deb javob qildilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

    Payg‘ambarimiz (alayhissalom) mahrami bo‘lmagan ayollar yoniga borishdan qattiq qaytarganlar. Qaynlar, ya’ni erining erkak qarindoshlari haqidagi savolga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qayni o‘limdir”, deb lo‘nda va keskin javob qilganlar. Buning ma’nosi, Ibnul Amr «Nihoya» nomli kitobda yozganlaridek, «Ayol o‘laqolsin, aslo bunday qilmasin», deganidir. Erning erkak qarindoshlari kelin oldiga, yonida eri bo‘lmaganida kirsa, er-xotin munosabatlari buzilishi mumkin. Chunki er o‘zi bilan xotini o‘rtasidagi sirlardan bironta qarindoshining ham ogoh bo‘lishini istamaydi.

    Kelinlarga o‘gitlarimiz: qaynota bo‘ladimi, qaynog‘a yoki qaynuka bo‘ladimi, ularning oldida harir, tor, kalta liboslarda yurmaslik, iforlar sepmaslik, ular bilan bir joyda yolg‘iz qolmaslik xarakatini qilish zarur. Harna qilganda ham ular erkak kishi. Hayoda, iboda, yuksak odobda bo‘lish har bir mo‘minning sifati. Hayo pardasi bo‘lgan insonlarning iffat pardasi yirtilmas. Bu parda shunday muborakki, uncha-muncha xatolarni o‘zida berkitib, yo‘q qiladi.

    Munira Abubakirova,
    O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
    Manba: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy veb portali

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Ma’naviy tubanlik yoki o‘z keliniga suqlanib qaraydigan qaynotalar haqida