16:55 / 06.01.2017
15 559

“Mahalla” kanali bosh qashlaguncha “Milliy TV” “Otalar so‘zi...”ni ilib ketdi

“Mahalla” kanali bosh qashlaguncha “Milliy TV” “Otalar so‘zi...”ni ilib ketdi

2016 yilning 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagani haqida xabar berilgan edi.

Unda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bir oy muddatda “Mahalla” telekanalida yoshi kattalarga bag‘ishlangan va har kuni namoyish qilinadigan “Keksalar davrasida” doimiy rubrikasini tashkil etishi, shuningdek “Mahalla” telekanalida har oyda “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvining bittadan yangi seriyasi tayyorlanib, namoyish etilishi aytilgan edi.

Uzoq yillar “O‘zbekiston” telekanalida namoyish etilgan
“Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvi so‘nggi vaqtlarda telekanal efirlarida ko‘rinmay qolgan edi. Uning o‘rnini “Dengizdan tomchi” videofilmlari egalladi. Mirabbos Mirzaahmedov esa bu dasturda boshlovchilik qilmadi.

Keyinchalik, dasturning yangi ko‘rinishi “Darakchi” gazetasiga ko‘chdi. Gazetada Mirabbos Mirzaahmedov hayotda turli qiyinchiliklarga duch kelgan, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘ydagi qo‘ydi-chiqdilar yuzasidan murojaat qilgan kishilarga maslahat berar, bu esa maqola ko‘rinishida gazeta sahifalarida chop etilar edi.

Tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmagan “Milliy TV” telekanali esa “Otalar so‘zi” loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Unda boshlovchilik vazifasi esa Mirabbos Mirzaahmedovga topshirildi. Ma’lumotlarga qaraganda, dastur hali efir yuzini ko‘rmagan bo‘lsada, uning 5-6 soni tayyorlangan, deb xabar bermoqda Qalampir.uz sayti. Mirabbos Mirzaahmedovning esa boshqa telekanallar bilan hamkorlik qilish niyati yo‘q.

Prezident farmonida “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvini “Mahalla” telekanalida tiklash aytilgan edi. Mirabbos Mirzaahmedov ishtirokidagi “Otalar so‘zi”ni esa “Milliy TV” namoyish etish arafasida turibdi. Qiziq, “Mahalla” telekanali “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi”ni qaysi holatda tiklarkin? Unda boshlovchilikni kim uddalaydi, muallifliknichi? Boisi bu dasturni O‘zbekiston xalq artisti Orif Alimahsumov olib borgan davrlarda ham ko‘rsatuvdagi videofilmlar Mirabbos Mirzaahmedov muallifiligi asosida yaratilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Mahalla” kanali bosh qashlaguncha “Milliy TV” “Otalar so‘zi...”ni ilib ketdi