13:10 / 27.01.2017
7 820

O‘zbekistonlik firibgarlar o‘lgan insonni 31,5 ming dollarga “tiriltirib berishga” va’da qilishdi

O‘zbekistonlik firibgarlar o‘lgan insonni 31,5 ming dollarga “tiriltirib berishga” va’da qilishdi

O‘zbekistonda firibgar ayollar otaga vafot etgan o‘g‘lini 31500 AQSh dollariga “tiriltirib” berishni va’da qilishdi. Bu haqda “Inson va qonun” gazetasiga tayanib “Kun.uz” sayti xabar berdi.

Gurlan tumanida yuz bergan ushbu firibgarlik tafsiloti butun qishloqqa tarqaldi. Mazkur jinoyat gurlanlik Munavvara Davlatova va yangiariqlik Malika Ro‘zimatovalar (ism-shariflar o‘zgartirilgan) tomonidan sodir etildi.

Munavvara Davlatova bir necha yil muqaddam o‘zini “tabib”, deb e’lon qildi. Uning tabibligiga birovlar ishondi, birovlar bunga qo‘l siltab qo‘ya qoldi. Xullas, kunlarning birida “tabib” opa huzuriga 1963 yili Yangiariqda tug‘ilgan M.Rahimova kelib, qizi Malika Ro‘zimatovani darddan forig‘ etib berishni so‘raydi. Davlatova taklifni bajonidil qabul qilib, Malikani uyida “davolash”ga kirishadi. Bemor ayol bir muddat ana shu asnoda Munavvara opaning uyida “davolanadi.” “Tabib” bu jarayonda o‘z mijozini obdan o‘rganadi. Qarasa-ki, Malikadan tuppa-tuzuk sherik chiqishi ham mumkin. Davlatova buni fahmlab, anchadan buyon diliga tugib yurgan firibgarlik maqsadlarini amalga oshirishga kirishadi. Firib ishlari rejasi ham tuziladi.

Ularning tuzog‘iga dastavval Urganch tumanidagi “G‘alaba” qishlog‘ining “Asalchilik” mahallasida yashovchi Rajabboy Bobojonov tushadi. Uning o‘g‘li U.Bobojonov giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat sodir etib, ozodlikdan mahrum qilingan edi. Ikkovlon firibgarlik yo‘li bilan R.Bobojonovning ishonchini suiiste’mol qilishga kirishadi va o‘g‘lini 800 AQSh dollari hamda 400 ming so‘m pul evaziga qamoqdan ozod qilishga va’da beradilar. Rajabboy aka firibgarlarning so‘ziga laqqa tushib, aytilgan pulni ularga darhol qo‘shqo‘llab tutqazadi.

“Opa-singil” tutingan hamtovoqlar osongina qo‘lga qo‘ngan omaddan ilhomlangancha, yanada kattaroq o‘ljani poylashadi. Gurlanlik B.Otajonov to‘ng‘ich farzandi M.Otajonov avtohalokat natijasida vafot etganligi bois qattiq iztirobga tushib, og‘ir betoblik dardiga yo‘liqadi va najot izlab, Munavvara “tabib”ning uyiga boradi. Davlatova mo‘maygina daromadning “hidi”ni sezib, Malika degan “advokat” tanishi borligini, undan zarur yordam olish mumkinligini aytadi. Malikaning nimalarga qodirligini bayon qila turib, narkotik moddalar bilan muomala qilishda ayblangan bir necha shaxsni sud zalining o‘zidanoq ozodlikka chiqartirib yuborgani, 15 yilga qamalgan yana bir necha aybdorning jazosini 6 yilgacha kamaytirib berganligini aytib, balki sizning o‘g‘lingiz tirikdir, avtohalokatda boshqa kishi o‘lgandir, deya ishontirishga urinadi.

Cho‘kayotgan odam hatto xas-cho‘pdan ham najot izlaydi, deyishganidek, og‘ir ruhiy holatdagi bemor Rajabboy aka bunday avrashga laqqa ishonadi. Ish silliqqina bitayotganidan ruhlangan Munavvara esa fursatni o‘tkazmay Malikaga telefon qilib, tezda etib kelishini tayinlaydi. Malika Rajabboy akaga Urganch shahrida advokat bo‘lib ishlashini, oldin ko‘pgina ayblangan shaxslarni oqlaganini, barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tanishlari borligini, ular ko‘magida o‘g‘lini topib bera olishini aytadi.

Shundan so‘ng “advokat” ayol tezda ishga kirishib, Rajabboy akani “o‘g‘lingiz tirik, u qamoqda saqlanayapti”, deya avraydi. Farzandining tirikligiga astoydil ishongan odam ulardan pulni ham, mol-mulkni ham ayamaydi. 2014 yilning fevralidan 24 avgustiga qadar va’da va aldovlarga ishongan, ayni kunlarda go‘yoki qamoqda saqlanayotgan o‘g‘lini ozod qilish uchun firibgarlarga 31.500 AQSh dollari hamda 4 million 100 ming so‘mlik oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni beistihola in’om qilib yuboradi.

Sudda aybnuvchi M.Ro‘zimatova hamda M.Davlatovalarning aybi to‘la tasdiqlandi. Muqaddam jinoyat sodir etib, amnistiya akti tufayli muqarrar jazodan qutulib qolgan M.Ro‘zimatova bu gal javobgarlikka tortildi va 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. M.Davlatova ham tegishli jazoga tortildi.

Shu o‘rinda, fuqarolarning firibgarlar aldoviga ishonib, yillar davomida peshona teri evaziga topgan bisotini qo‘shqo‘llab ularga topshirishi kishini ajablantiradi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik firibgarlar o‘lgan insonni 31,5 ming dollarga “tiriltirib berishga” va’da qilishdi