16:03 / 20.02.2017
9 450

Lola Karimova-Tillyaeva yana bir xayrli ishga qo‘l urdi

Lola Karimova-Tillyaeva yana bir xayrli ishga qo‘l urdi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bolaga tabassum ulash” xayriya aksiyasi doirasida Jizzax viloyatida 1338 nafar bola shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, 45 nafar bola operasiya qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi raisi, O‘zbekiston gimnastika federasiyasi prezidenti, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili Lola Karimova-Tillyaeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali xabar bermoqda, deb yozadi Qalampir.uz sayti.

O‘zbekiston hududlarida istiqomat qiluvchi bolalarni yuqori sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib olgan mazkur tadbirga kam ta’minlangan oila farzandlari hamda Jizzax viloyatidagi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari jalb qilingan.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti xodimlari – oftalmolog, travmatolog, otorinolaringolog, EXOKG shifokori, kardiojarroh va kardiolog mutaxassislaridan iborat shifokorlar guruhi viloyatning Forish, Zomin, Zarbdor, Do‘stlik, Paxtakor, Zafarobod, Mirzacho‘l, G‘allaorol, Baxmal va Yangiobod tumanlariga tashrif buyurdilar.

Mutaxassislar bolalarni ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lig‘i jarrohlik aralashuvini talab etgan bolalarga operasiyalar amalga oshirdilar. 137 nafar bola Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga davolanish uchun olib kelindi.

“Ushbu xayriya aksiyasi doirasida viloyatdagi yosh shifokorlar uchun oftalmologiya, travmatologiya-ortopediya, kardiojarrohlik, kardiologiya, otorinolaringologiya va anesteziologiya sohalaridagi yuqori texnologik usullar buyicha treninglar amalga oshirildi”, deydi Lola Karimova-Tillyaeva.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi tomonidan mazkur loyiha 2012 yildan buyon amalga oshirilib kelinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lola Karimova-Tillyaeva yana bir xayrli ishga qo‘l urdi