20:41 / 01.03.2017
37 625

“My5”, “Milliy TV”, “Zo’r TV”: Kim bachkanalikda birinchi, kim jiddiylikda?

“My5”, “Milliy TV”, “Zo’r TV”: Kim bachkanalikda birinchi, kim jiddiylikda?

Oxirgi yillarda O‘zbekiston media bozori rivojlandi. Yangi gazeta va jurnallar, radiolar, internet-saytlari bilan bir qatorda, yangi telekanallar oynai jahon yuzini ko‘rdi. Har bir telekanalning faoliyati ortida yuzlab, hatto, minglab xodimlarning mehnati yotadi.

Media bozorining rivojlanishi o‘z-o‘zidan davlat va nodavlat OAVlar tushunchasini yuzaga keltirishi turgan gap. So‘nggi uch yil ichida tashkil etilgan “My5”, “Zo’r TV” “Milliy TV” telekanallari o‘tgan vaqt mobaynida o‘z yo‘nalishi, ko‘rsatuvlari, filmlari bilan tomoshabinlar mehrini qozondi, deb yozadi Qalampir.uz. Uch telekanal orasida bundan bir yil avval etakchilik so‘zsiz “My5” telekanaliniki edi. Xo‘sh, hozirchi?

Raqobat o‘rtadagi farqni darrov ko‘zga yaqin qildi. “My5” telekanali ish boshlagan ilk kunlardanoq, asosan yoshlar auditoriyasini qamrab olishga, yoshlarbop ko‘rsatuvlar, qo‘shiqlar va kliplar, filmlar namoyish etishga bel bog‘ladi. To‘g‘ri, ora-sirada O‘zEOAVMA loyihalari, kattalarga mo‘ljallangan filmlar, videoroliklar ham namoyish etildi, biroq efir vaqtining asosiy qismini yoshlar band qildi. Natija yomon bo‘lmadi. Yosh-yalang tilidan “My5” tushgani yo‘q. Biroq bu auditoriyaning asosiy qismini maktab, akademik lisey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari, uy bekalari tashkil etardi.



Qachonlardir efirdan mustahkam o‘rin olgan sayoz ko‘rsatuvlar, telba-teskari gaplarni TV orqali aytadigan boshlovchilar sabab “My5” ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tomoshabinlar, jiddiy auditoriyaning e’tirozlariga duch keldi. Biroq xulosa u qadar ta’sirli bo‘lmadi, telekanal yoshlar auditoriyasiga qadar katta foyda bermaydigan, shou-biznesga oid ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar sonini keskin ko‘paytirdi.

Bugungi tomoshabinning saviyasi ancha o‘smaganmi, unga jiddiy, yangi, ko‘ngilochar bo‘lganda ham, bachkanalikdan holi ko‘rsatuvlar kerak edi. Ayni shu davrda “Milliy TV” telekanali maydonga chiqdi. Avvalo, telekanal tasvirning sifatliligi, ko‘rsatuvlarning dizayni bilan e’tiborga tushdi. Hashamatli studiyalardan tortib, oddiy detallargacha qimmatbaholarini afzal ko‘rgan telekanal ishni ham yoshlar, ham katta avlod vakillarini “qo‘lga olish”dan boshladi va buning uddasidan chiqdi.

“Milliy TV” ko‘ngilochar telekanal nomini oqlay oldi. Bir vaqtning o‘zida ham informasion, ham ko‘ngilochar, ham tahliliy, ham tok-shou, ham oshxonabop ko‘rsatuvlarning ortidan quvmay, dasturlari ketma-ketligini reja asosida olib bordi. Unda “My5”dagi kabi respublikada bo‘layotgan voqealiklar kun davomida, ma’lum vaqtlarda yoritib borilmasa-da, kanal jiddiylikni boshqa ko‘z ilg‘amas jihatlari bilan ushlab qola oldi.

Har yaxshining bir yomoni bo‘ladi, deganlaridek bu telekanalning ham o‘ziga yarasha kamchiliklari yo‘q emas. “Milliy TV”da milliyligimizga yot bo‘lgan ayrim jihatlar, xususan, teleboshlovchilarning kiyinish uslubi ko‘p tanqidlarga uchradi. Anonslar ostidagi ovoz ham tanqidlarni inobatga olgan holda o‘zgartirildi.



Bugun “Milliy TV” telekanalida ham dunyoning boshqa televidenielaridan ko‘chirilgan ko‘rsatuvlar yo‘q emas. Bunga misol tariqasida “MTV Show” dasturini keltirish mumkin. Ko‘rsatuv “Vecherniy Urgant” ko‘rsatuvidan ko‘chirilgan bo‘lsa-da, bu ko‘chirmakashlik muvaffaqiyatli va ayni damda “qimmatbaho” chiqqan.

Telekanal orqali “Otalar so‘zi...” kabi ko‘rsatuvlarning efirga uzatilishi esa keksalar uchun ayni muddao bo‘layapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

“Milliy TV”ning ham bachkanalik borasida kamchiliklari etarli. “Avtotest” serialini bunga yaqqol misol sifatida ko‘rsatish mumkin. Serial ko‘p vaqt namoyish etilmagan bo‘lsa-da, sayoz ssenariysi, voqealarning mantiqsizligi, bachkana hazillari bilan juda tez tilga tushib, kanalning mavqeiga biroz salbiy ta’sir ko‘rsatdi.



Bugungi kunda efirga uzatilayotgan “Baqlajon stand up show” dasturi ham serialning yo‘lidan bormoqda. Bachkana va milliylikdan umuman yiroq bo‘lgan hazillar, kishining medasiga tegadigan qochirimlar, bugun ayrim guruhlar tomonidan ijro etilib, tanqiddan boshi chiqmayotgan latifalarning sheriklari “Baqlajon stand up show” dasturi orqali “efir ko‘rki”ga aylandi.

Joriy yildan boshlab efirga chiqa boshlagan “Zo’r TV” telekanalidan ham tomoshabinlar u qadar katta yangilikni kutayotgani yo‘q. Boisi telekanal jamoasi asosan shou-biznes vakillaridan tarkib topgan. Ustiga-ustak yo‘nalish va ko‘rsatuvlar borasida “Zo’r TV” ham “Milliy TV” va “My5”ni takrorlashi turgan gap.

Birgina Jahongir Poziljonovning loyihasi “Xontaxta” deb nomlanishining o‘ziyoq, bu kanaldan bachkanalikni kutmaslikning iloji yo‘qligidan belgi berib turgandek.

Bugundan e’tiboran har bir kanal bahoriy ko‘rsatuvlarni efirga uzatishni boshladi. “My5” uch yillik logotipidan voz kechdi. Qizil va kulrangdan iborat yangi logotipdan jiddiylik, mulohazakorlik sezilib turibdi. Qiziq, nahot “My5” bachkanalikdan, yosh ijodkorlarning yengil-elpi ko‘rsatuvlaridan butkul voz kechsa?

“Zo’r TV” hali ishonchni oqlaganicha yo‘q. Buning uchun vaqt o‘tishini kutishimiz kerak. So‘ng do‘ppini bir erga qo‘yib, bahslashsak arziydi.

“Milliy TV” esa mavjud kamchilikning o‘rnini to‘ldirib, bachkanalik yo‘lidan qaytsa, bugungi media bozorida o‘z o‘rnini yanada mustahkamlashi tayin.

Qiziq, uch telekanal o‘rtasidagi raqobat qanday bo‘larkin. Kim qaysi yo‘ldan ketadi?

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
ABBOSBEK
ABBOSBEK 28 января 2021 14:26
Menga MY5 Kanali yoqadi MY5 ga omad yor bulsin!
Yangiliklar » Jamiyat » “My5”, “Milliy TV”, “Zo’r TV”: Kim bachkanalikda birinchi, kim jiddiylikda?