13:09 / 30.03.2017
6 750

O‘qishga kiritish uchun 15 ming dollar so‘ragan tovlamachi ayol qo‘lga olindi

O‘qishga kiritish uchun 15 ming dollar so‘ragan tovlamachi ayol qo‘lga olindi
O‘zbekiston MXX xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamenti xodimlari bilan birgalikda poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul so‘ragan tovlamachini qo‘lga oldilar, deb xabar bermoqda Sputnik nashri.

Toshkentlik 48 yoshli "G.O." ismli ayol (ism-sharifi tergov manfaatlari yuzasidan oshkor qilinmadi) odamlar ishonchiga kirishga ustasi farang bo‘lib, huquqni himoya qilish, hokimiyat va boshqa davlat muassasalarida tanishlari borligini aytib pul evaziga barcha muammolarni hal qila olishiga ishontirib kelgan.

Qarindoshini Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga o‘qishga joylashtirishga qaror qilgan "N.I." uning navbatdagi o‘ljasiga aylandi. "G.O." undan 15 ming dollar so‘ragan hamda pulning bir qismini o‘quv yurti rahbariyatiga berishini aytgan.

Operativ xodimlar tovlamachini talab qilingan pulni olayotganida ushladilar.

"Surishtiruv jarayonida ayol aybini tan olib, shu yo‘l bilan boyib ketishni maqsad qilganini aytdi. Uning aytishicha, yuqori tashkilotlarda tanishlari borligi haqidagi gaplari shunchaki yolg‘on bo‘lgan", — dedi MXX vakili.


Tergov davomida uning "faoliyati"dan jabrlangan yana bir shaxs borligi ma’lum bo‘ldi. Toshkentlik tadbirkor "B.D." poytaxtning Yashnobod tumanidagi "Aviasozlar" bozoridan magazin qurishga joy ajratilishi uchun unga 47 ming dollar bergan. Biroq va’da qilingan joyni olmaganidan so‘ng u aldanganini tushungan.

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘qishga kiritish uchun 15 ming dollar so‘ragan tovlamachi ayol qo‘lga olindi