13:43 / 02.04.2017
20 923

Shariatda nikohning o‘rni

Shariatda nikohning o‘rni
Nikohni odamlar orasidagi eng muqaddas robita qilgan Alloh taoloning O‘z zotiga munosib hamdu sanolar bo‘lsin!

Nikoh – mening sunnatimdir, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas, degan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salovotu durudlar bo‘lsin!

Nikoh masalasi har bir kishi, oila, jamiyat va davlat, butun insoniyat uchun muhim ekanini xamma biladi. Chunki bu amaliy hayotda o‘ta muhim bo‘lib, halol va haromga, oila tashkil qilishga, kelajak avlod - farzandlarimizning dunyoga kelishiga va uning tarbiyasiga bog‘liq masaladir. Shuningdek, u er-xotinlarning haq-huquqlari va majburiyatlari, ularga amal qilish, oilani tashkil etish, boshqarish, qolaversa, saodatli qilish bilan bog‘liq masaladir. Agar oilalar jips, baquvvat, baxtli bo‘lsagina jamiyat xam jips, baquvvat, baxtli bo‘lishi o‘z-o‘zidan ayondir. Musulmonlar boshqa ishlar kabi oila masalasida ham ko‘ngliga kelgan narsani, turli bid’at - xurofotlarni yoki qandaydir odamlar tomonidan ishlab chiqilgan qonun-qoidalarni o‘zlariga ko‘rsatma yoki qo‘llanma deb bilmaydilar. Musulmonlar bu nozik ishda ham o‘z Xoliqlari, butun olam tarbiyachisi - Alloh subhanahu va taoloning amriga, Uning rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga qat’iy amal qiladilar. Chunki oila ilohiy ko‘rsatmalar, nabaviy ta’limotlar, diynu diyonat, fazilatli axloq asosida qurilgandagina mustahkam va baxtli bo‘la oladi. “Allox taolo maxfiy va oshkor ishlarimni ko‘rib turibdi, qalbimni, tilimni va a’zolarimni iffatli tutay”, - degan kishilarning oilalarigina saodatli oila bo‘la oladi. Ana shunday oilalargina mustahkam, xotirjam, qarorli, sabotli, xar turli kelishmovchilik va badbaxtliklardan uzoqda bo‘ladi. Ana shundagina nikohdan ko‘zlangan oliy maqsadga erishiladi, olijanob nasllar etishtiriladi, bashariyat muhofaza kilinib, uning sofligi saqlanib qoladi.

Alloh taolo olamdagi barcha narsalarni juft-juft qilib yaratgan. Bu haqda Qur’oni karimda alohida oyati karimalar nozil bo‘lgan. Jumladan:
“Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik”. (Zoriyat surasi 49-oyat)
Haqiqatan, hayvonot, nabotot (o‘simlik) dunyosidan tortib parranda-darrandalarning hammasi erkak-ayol jinslardan iborat bo‘lib, ilohiy qonun-qoidalarga binoan tabiiy ravishda nasl qoldirish harakatida bo‘ladilar. Bular ichida insoniyat dunyoda o‘zi uchun eng oliy maqomni egallaganligi bilan yashash, turmush qurish, zurriyot qoldirish hususida o‘ziga xos yo‘ldan boradi. Zero, inson aqlli mavjudot. U aql-idrokidan tashqari o‘zi e’tiqod qilgan din ahkomlariga ham amal qilgan holda yashaydi.
Oila nikoh bilan barpo qilinar ekan, bir tafakkur qilib ko‘raylik, dunyo miqyosini olib tahlil qilaylik. Nikoh bilan qurilgan oilali mamlakatlar va nikohsiz qurilgan oilali mamlakatlar hamda o‘shalarda bo‘layotgan turli voqealar, barchasini sanab chiqsak, nikohning qanchalik muqaddasligini, zinoning naqadar harom ekanini chin ko‘ngildan anglab olamiz. Alloh taologa shukur, musulmonlar nikohsiz oila qurishdan yiroq, nikohli oila qurishga talpinish kuchli. Chunki nikohlanish sevikli payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan sunnat. Albatta, biz musulmonlar sunnat amallarni qilishga hamda qiyomatda payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarim deb yuzlanganlarida, biz ham ummatlar qatorida bo‘lishga umid bog‘laganmiz. Barchalarimizni Alloh taolo maqsadlarimizga etkazsin.

Buyuk va komil bo‘lgan Islom dinida nikohning ahamiyati o‘ziga xosdir. “Nikoh” so‘zining shariatdagi ma’nosida Imomi A’zam rahmatullohi alayh va Imomi Shofi’y rahmatullohi alayhlarning o‘rtasida ixtilof bo‘lib, Imomi A’zam rahmatullohi alayh “nikoh” so‘zi shariatda haqiqiy ma’nosi vatiy, majoziy ma’nosi aqd (bog‘lash) deb ijtihod qildilar. Va nikohlanish amalini aqdi shar’iyga (yani ibodatlar jumlasiga) hukm qildilar.

Imomi Shofi’y rahmatullohi alayh bo‘lsa, “nikoh” so‘zining shariatdagi haqiqiy ma’nosi aqd, majoziy ma’nosi bo‘lsa, vatiy deb ijtihod qildilar. Va nikohlanish amalini aqdi moliyga (muomalotlarga) hukm qildilar. Endi aqdi shar’iy va aqdi moliy degan tushunchalarga to‘xtalib o‘tamiz.

Aqdi shar’iy deb, dinda uni qilishlik lozim bo‘lgan bir ish yuzasidan ikki kishining kelishuviga aytiladi. Masalan: Islom dinida nikohlanishga buyruq ko‘rinishidagi oyat mavjud va nikohga targ‘ib qiladigan juda ko‘p hadislar mavjuddir. Shuning uchun ikki kishining oila qurish maqsadida qilgan kelishuvlari aqdi shar’iy (savoblik ibodat) bo‘ladi.

Aqdi moliy deb, dini Islomda uni qilishlikdan qaytarilmagan va unga targ‘ib ham qilinmagan bir ish yuzasidan insonlarning kelishuviga aytiladi. Masalan: sotish, sotib olish muomalotlari dinda komil tarzdla bayon qilingan, lekin uni qilishlikka targ‘ib qiladigan hadislar yo‘q, shuning uchun oldi-sotdi ishlari aqdi moliy bo‘ladi. Shariatda uni qilishlik muboh hisoblanadi. Demak, nikoh bir mazhabda ibodatlardan, boshqa mazhablarda muomalotlardan hisoblanadi. Shuning uchun Ubaydulloh ibni Mas’ud roziyallohu anhu nikoh bobini o‘z kitoblarida ibodatlar va muomalotlarning o‘rtasida bayon qilganlar.

Mo‘’tadil holatdagi kishi uchun oila qurish ikki yoshni nikohlab qo‘yib, ota-ona oldidagi vazifani ado qilish bo‘libgina qolmay, balki u Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan sunnat bo‘lgan bir ibodat ham hisoblanadi.

Hozirgi kunlarda ba’zi xolatlarda o‘zboshimchalik bilan nikoh shartlarini so‘rab-surishtirmay yoshlarga nikoh o‘qilishi natijasida yosh oilalar ajrashib, o‘rtada go‘daklar etim, ona esa bir umrga bebaxt bo‘lib qolmoqda.
Nikoh, oila masalasida doimo mana shunday voqealar sodir bo‘lib turganligi sababli, o‘g‘il-qizlarimizni ota-onalari o‘z farzandlarini yoshi jihatidan oila qurishga tayyor ekanligiga qanoat xosil qilib, so‘ngra rasmiy imom domlalar ishtirokida nikohlatib olishlari shart. Bu o‘rinda hukumat qonunida belgilangan balog‘at yoshini e’tiborga olish o‘rinlidir. FHDYo guvohnomasi bo‘lishligini ham muhim shartlardan biri deb e’tibor qilish lozim.
Shu bilan bir qatorda bevosita nikoh va oilaga aloqador bo‘lgan bir shar’iy masala, taloq masalasi ham borki, uni ham e’tibordan chetta qoldirib bo‘lmaydi. Yoshlarimiz shariatni ushbu nozik masalasiga yengil qaramoqdalar, bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o‘z jufti haloliga nisbatan taloq lafzini ishlatib qo‘ymoqdalar. “Taloq” so‘zi aytilganda Allohning Arshi larzaga keladi, shar’iy nikoh fosid bo‘lib, er-xotin bir-biriga xarom bo‘lib qoladi. Taloq Allohning yomon ko‘rgan halollaridan bo‘lib, u oxirgi chora sifatida joriy qilingandir. Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilganlar:
“Halollar narsalar ichida Alloh uchun eng yomoni taloqdir”.
Imom – domlalarimiz shariatning ushbu hukmini ham nikoh uchun kelgan yosh kelin-kuyovlarga tushuntirib qo‘yishlari lozim bo‘ladi.
Oila – jamiyatning bir bo‘lagi. Ushbu bo‘lak sog‘lom bo‘lsa, jamiyat ham sog‘lom bo‘ladi va gullab yashnaydi.
Biz musulmonlar har bir narsada Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ergashmog‘imiz lozim. Ayniqsa, jamiyatning boshlang‘ich xujayrasi hisoblanmish oilani barpo etishda ergashsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bizdagi oilaviy hayot havas qilsa arzigulikdir. Bu ham bo‘lsa, o‘rtamizda saqlanib qolgan islomga mos odob-axloq, muomala samarasidir.
Har bir oila qurguvchi nikoh oldidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buyurgan bir ibodatga mashg‘ul bo‘layotganini tasavvur qilib, o‘sha marosimdagi har bir ishni Alloh taolo va uning Rasuli rozi bo‘ladigan tarzda qilishligi Islom diynining ulkan talablaridan biridir.

Alloh taolo nikohlarimizni mustahkam, oilalarimizni tinch-totuv qilsin. O‘zining amriga va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq hayot kechirib, shar’iy va islomiy odob-axloqlarga rioya etmog‘imizni nasib aylasin!

Quvondiq BOYMURODOV
«Cho‘lpon ota» jome masjidi imom-xatibi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shariatda nikohning o‘rni