21:25 / 18.04.2017
7 405

Andijonda o‘tgan haftada ikki nafar “bola sotuvchi” ushlandi

Andijonda o‘tgan haftada ikki nafar “bola sotuvchi” ushlandi
Jinoyatchi degan so‘zni ayol kishiga nisbatan ishlatish juda og‘ir. Chunki, biz ardoqlaydigan ayol – ona, yaratuvchi, nafosat va go‘zallik timsoli. Ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zida ayollik nomiga dog‘ tushirib, jinoyatga qo‘l uradiganlar ham uchrab qoladi.

Andijon IIBning Kun.uz’ga xabar berishicha, Andijon viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tgan haftada “Odam savdosi” jinoyati bo‘yicha ikkita holat fosh etildi.

2017 yil 15 aprel kuni Shahrixon tumani Abdubiy qishlog‘ida yashovchi fuqaro Makonova Navro‘za (ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘zining 2005 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Elyorbekni D. Charosovaga 18 million so‘mga sotishga kelishib, Shahrixon shahridagi Madaniyat va istirohat bog‘ining kirish qismida 5 million so‘m qiymatidagi pulni olib, voyaga etmagan farzandi Elyorbekni D. Charosovaga topshirgan paytida ushlangan. Kelishilgan pulning qolgan qismini farzandini hujjatlarini berganidan so‘ng olmoqchi bo‘lgan “onaizor” endi sudning qora kursisiga o‘tirishi aniq. Makonovaga nisbatan Shahrixon tuman IIB tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xuddi shu kuni Bo‘z shaharchasi Ulug‘bek mahallasida istiqomat qiluvchi Gullieva To‘raxon turmush o‘rtog‘i Temir Qo‘chqorov bilan til biriktirib, Gullieva To‘raxonning birga yashovchi farzandi 2005 yilda tug‘ilgan To‘labek Aytboy o‘g‘lini Ch. Navkarovaga 20 million so‘mga sotishni rejalashtirishadi. MXX viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi SVOJJDLQK departamenti hamda Oltinko‘l tuman IIB hamkorlikda o‘tkazgan tadbir davomida “xaridor” kelishilgan summadagi pulni Oltinko‘l tuman Markaz mahallasi hududidagi Dehqon bozorining kirish darvozasi yoniga olib kelib, “sotuvchi”ga berayotgan paytida ushlandi.

Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijonda o‘tgan haftada ikki nafar “bola sotuvchi” ushlandi