Sohibqiron Amir Temur Evropa manbalarida. Venesiya arxividagi haligacha chop etilmagan sirli ma’lumotlar

  • 24 aprel 2017, 21:49
  • 8 319
  • Jamiyat
  • Sohibqiron Amir Temur Evropa manbalarida. Venesiya arxividagi haligacha chop etilmagan sirli ma’lumotlar
    XIV asrning oxirida Evropa davlatlari juda tang ahvolga tushib qoldi. Usmoniy turklar davlatining hujumi xavfiga etarli tarzda javob qaytara olmasligini bilgan Evropa qirollari va Rim papasi yordam ko‘zini Sharqqa, Amir Temurga qaratdilar. Uning shaxsiga va hukmronligiga qiziqish ortib bordi. Qirollar va Rim papasi Amir Temur bilan yozishmalar olib bora boshladilar. Sohibqiron huzuriga elchilar va sayohatchilar yuborilib, uning e’tiborini jalb qilishga harakat kuchaydi.

    Amir Temur huzurida bo‘lgan va u bilan muloqot qilgan elchilar, uning harbiy yurishlari guvohi bo‘lgan sayyoh va savdogarlarning Amir Temur haqidagi kitoblari evropaliklarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu tarzda XV asrdan boshlab Temur va uning davlati haqida Evropada bir necha tarixiy manbalar yaratildi. Ularning orasida elchi va monax Ioann Grinlo, savdogarlar Paole Zane, Beltramus de Mignanelli va Emmanuil Pilotti, ispan elchisi Rui Gonzales de Klavixo, asirga tushgan nemis askari Yoxannes Shiltberger xotiralari muhim ahamiyat kasb etadi. Aytib o‘tish kerakki, XIV asrning oxiri - XV asr boshlarida Evropada to‘plangan Amir Temur, uning saltanati, qo‘l ostidagi erlari, qo‘shini, urush olib borish uslublariga oid ma’lumotlar nashr etish maqsadida emas, balki Evropa qirollari va Rim papasi uchun to‘plangan bo‘lib, asosan maxfiy hujjatlar hisoblangan. Shuning uchun ham bu ma’lumotlar asrlar davomida o‘rganilmagan va qo‘lyozma holatida qolib ketgan.

    Rim papasi va Fransiya qiroli Karl XVning elchisi Ioann Grinlo Amir Temur suhbatlarida ishtirok etgan, uning saltanatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va bu haqda asar yozgan evropalik birinchi muallif hisoblanadi. U 1401 yilning avgustida Amir Temur bilan uchrashadi. Grinloning asari «Temur va uning saroyiga oid xotiralar», deb ataladi. Bu asar fransuz va lotin alifbosida yozilgan bo‘lib, 23 bobdan iborat. Asarda muallif Amir Temur taxtga chiqqan vaqtdan boshlab 1402 yil avgust oyigacha bo‘lgan voqealar haqida imkon qadar ma’lumot berishga harakat qilingan.

    Emmanuil Pilotti 22 yil davomida Misrda yashagan, arab tilini mukammal bilgan Misr sultoni Farajning yaqin kishisi bo‘lgan. U Amir Temurning Damashq yurishi haqida ma’lumotlar to‘plagan. Uning Amir Temur haqidagi ma’lumotlari Venesiya arxivida saqlanadi va haligacha nashr qilinmagan.

    Paole Zane esa 1400 yilda Venesiyaning Damashqdagi konsuli bo‘lgan. U Venesiya senatining topshirig‘i bilan Amir Temur haqida ma’lumotlar to‘plagan. Uning ma’lumotlaridan iborat yig‘ma jild ham haligacha Venesiya arxivida saqlanmoqda va chop etilganicha yo‘q.
    Italiyalik savdogar Beltramus de Mignanelli tomonidan yozilgan «Temurlang hayoti» asari muhim manbalardan biridir, chunki bu asar shaxsan muallifning ko‘rganlari asosida yozilgan. Beltramus de Mignanelli uzoq muddat davomida Damashqda yashab, u erda katta mulk va obro‘ orttiradi. Amir Temur Damashqni egallaganda u shaharda bo‘lgan va voqealarni shaxsan ishtirokchisidir. Anqara va Smirnaning olinishi haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni ham to‘plagan. Asar 1416 yilda lotin alifbosida yoziladi. 1764 yilda asarning Venadagi milliy kutubxonada saqlanayotgan qo‘lyozma nusxasi Stefan Bazilius tomonidan nashr qilinadi. Amir Temur yurishlaridan juda katta zarar ko‘rganligiga qaramay muallif voqealar rivojini haqqoniy tarzda yoritib bergan.

    Esdalik va asarlar orasidagi eng qimmatbaho manbalardan biri ispaniyalik elchi Rui Gonzales de Klavixo kundaliklari hisoblanadi. Rui Gonzales de Klavixo badavlat oiladan chiqqan, otasi ham, o‘zi ham saroydagi nufuzli amaldorlardan bo‘lgan. Klavixo 1404 yilda Leon va Kastiliya qiroli Genrix III (1390-1406)ning topshirig‘i bilan Samarqandga keladi. Unga Alfonso Paes de Saita Mariya va Gomes de Salazar hamroh bo‘ladilar. Uning asari «Samarqandga, Temur saroyiga sayohat kundaligi» deb ataladi. Klavixo kundaliklari ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchisida elchilarning Samarqandgacha boshidan o‘tkazgan voqealari, turli hududlar tabiati, xalqlari turmushiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

    Ikkinchi qismda muallif Kesh va Samarqandda Temur saroyidagi uchrashuvlarni tasvirlaydi. De Klavixo mamlakat, saroy, xalq va uning turmushi haqida ajoyib va takrorlanmas ma’lumotlar beradi. Bugungi kunda Rui Gonzales de Klavixo kundaliklarining asl nusxasi Madriddagi Milliy kutubxonada saqlanadi. Birinchi marta kundalik Sevilyada noshir Argote de Molina tomonidan «Buyuk Temurlang hayoti, uning imperiyasi erlari bilan» nomi bilan 1582 yilda nashr qilingan. Klavixo kundaliklari ilk marta I.I. Sreznevskiy tomonidan 1881 yilda Peterburgda rus tiliga tarjima qilinib, chop etilgan. O‘zbek tiliga taniqli adabiyotshunos olim, professor Ochil Tog‘aev tomonidan tarjima qilingan.

    Albatta, Temur davri manbalari orasida eng beqiyos - bu Amir Temurga evropalik qirollar tomonidan yuborilgan maktublar va ularga jo‘natilgan javob xatlaridir. Amir Temurning Fransiya qiroli Karl VI ga, Angliya qiroli Genrix IV ga yuborgan maktublari uning tashqi siyo-sati va diplomatik san’ati to‘g‘risida fikr yuritishda katta yordam beradi. Amir Temurning Karl VI ga yuborgan maktubi 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Fransiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida Fransiya Prezidenti Jak Shirak tomonidan tuhfa qilingan bo‘lib, bugungi kunda maktub Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanadi.

    Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning quyidagi so‘zlarini keltirishni lozim topdik. «Buyuk shaxslarni tarix yaratadi. Amir Temur bosqinchi to‘dalarning Evropa ichkarisiga qilayotgan harakatiga chek qo‘yganini, boshqa tajovuzkorlik yurishlarini uzoq muddatga to‘xtatib qo‘yishini hozir inkor qilib bo‘lmaydi. - Unga «Evropaning xaloskori» degan ramziy unvon berilgani bejiz emas».

    Bugungi kungacha Sohibqiron bobomiz tariximiz osmonidagi eng yorqin yulduzlardan biri hisoblanadi va albatta, bu har birimizda faxr tuyg‘usini kuchaytiradi. Xalqimiz kelgusi avlodi ham u bilan g‘ururlanishiga ishonchimiz komil.

    Manba: vodiymedia.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Sohibqiron Amir Temur Evropa manbalarida. Venesiya arxividagi haligacha chop etilmagan sirli ma’lumotlar