10:01 / 25.04.2017
7 308

Yaxshilik evaziga buyuk inson bo‘lib etishgan bola

Yaxshilik evaziga buyuk inson bo‘lib etishgan bola
Yigirmanchi asrning boshlarida shotlandiyalik fermer botqoqlik yonidan o‘tib, uyiga ketayotganda yordam so‘rab baqirayotgan ovozni eshitdi. U ovoz kelgan tomonga borganda botqoqlikka botib qolgan bolani uchratdi. Bola qo‘rqinchli botqoq changalidan chiqishga, qutulishga harchand harakat qilmasin, buning ilojini topolmas edi. Uning har bir harakatidan keyin botqoqlik uni yanada o‘z domiga tortardi. Bola qo‘rquv va ilojsizlikdan battar nola qilardi. Fermer yo‘g‘ongina daraxt shoxini sindirib, uni bolaga uzatdi. Bola shoxga osilib, ajal komidan chiqdi. U botqoqlikdan chiqqandan keyin ham anchagacha o‘ziga kelolmay, ko‘z yoshi to‘kdi, eng asosiysi u tirik qoldi!

— Yur, menikiga, kiyimlaringni yuvib, quritib olasan, o‘zingga kelganingdan keyin uyingga ketasan, — dedi fermer.

— Yo‘q, —deb bosh chayqadi bola, — meni otam kutyapti, kech qolganimga xavotirlanib o‘tirgan bo‘lsa kerak.

U o‘zini o‘limdan qutqargan odamga minnatdorchilik bildirib, chopib ketdi...

Ertasi kuni tongda fermerning uyi oldiga zotdor otlar qo‘shilgan, muhtasham arava kelib to‘xtadi. Undan juda bashang kiyingan janob tushdi:

— Kecha siz o‘g‘limning hayotini saqlab qoldingizmi?

— Ha, men, — deb javob berdi fermer.

— Xizmatingiz uchun sizga qancha haq to‘lashim kerak?

— Janob, xafa qilyapsiz, hech nima kerak emas. Mening o‘rnimda bo‘lgan har qanday aqli raso odam shunday yo‘l tutgan bo‘lardi.

— Yo‘q, buni shunday qoldira olmayman, chunki o‘g‘lim bu dunyodagi eng qimmatbaho boyligimdir. Istagan pul miqdorini aytishingiz mumkin, — gapida turib oldi erkak.

— Bu mavzuda boshqa gapirishni istamayman. Xayr!

Fermer ketish uchun ortiga qayrildi, shu payt o‘g‘li yugurib kelib otasini quchdi.

— O‘g‘lingizmi? — deb so‘radi badavlat mehmon.

— Ha, — dedi fermer, faxr bilan bolasining boshini silar ekan.

— Unda bunday qilamiz. Men ta’lim berish uchun o‘g‘lingizni Londonga olib ketaman, o‘qish haqini o‘zim to‘layman. Agar u ham otasiga o‘xshagan bag‘rikeng, olijanob inson bo‘lsa, mazkur qarorimizdan afsuslanmaymiz, deb o‘ylayman.

Oradan yillar o‘tdi. Fermerning o‘g‘li maktabni, keyin tibbiyot universitetini bitirib, dunyoga mashhur inson bo‘lib etishdi, nomi tarix zarvaraqlariga “pensilinni ixtiro qilgan odam”, deb bitildi. U Aleksandr Flemming edi.

Kunlardan bir kun Londonning eng qimmat klinikasiga o‘sha janobning zotiljamning og‘ir turiga uchragan o‘g‘li keltirildi. Bu safar uning hayotini kim saqlab qoldi, deb o‘ylaysiz? Albatta, Aleksandr Flemming ixtiro qilgan penisillin saqlab qoldi. Flemmingning ta’lim olishiga yordam bergan odamning ismi Randolf Cherchill, o‘g‘li esa keyinchalik Angliya bosh vaziri lavozimiga ko‘tarilgan Uinston Cherchill edi.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yaxshilik evaziga buyuk inson bo‘lib etishgan bola