09:03 / 05.05.2017
6 430

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga keladi

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga keladi
10-12 may kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn boshchiligidagi BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi delegasiyasi rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan yo‘nalishlarda kelgusidagi aloqalarni muhokama etishdan iborat.

Zayd Raad al-Husayn BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ettinchi oliy komissaridir. U AQShning Jons Xopkins universitetida gumanitar fanlar bakalavri va Buyuk Britaniyaning Kembrij universitetida falsafa doktori darajasini olgan. Diplomatiya sohasida yigirma yillik tajribaga ega.

2014 yilda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari etib tayinlangan va ushbu lavozimdagi ilk Osiyo vakilidir. Bungacha Zayd Raad al-Husayn BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilgan. BMT oliy komissari sifatida 24 mamlakatga tashrif buyurgan.

Zayd Raad al-Husayn xalqaro huquq, xalqaro jinoiy sudlov, tinchlikparvarlik operasiyalarini amalga oshirish va yadroviy terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi. Xalqaro jinoyat sudini ta’sis etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish, genosid va insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar elementlarini aniqlash ishlarida ishtirok etgan. Arab, ingliz va fransuz tillarini biladi.

Zayd Raad al-Husayn Iroq va Suriyadagi jangovar harakatlar hududlaridagi gumanitar ahvol, shuningdek, Venesuela, Ukraina, G‘azo sektori va Afrikaning qator mamlakatlaridagi vaziyat bilan bog‘liq masalalarni hal etishni o‘zining asosiy vazifalari sifatida belgilagan.

Zayd Raad al-Husayn mamlakatimizga tashrifi davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga intervyu berishi va tashrif yakunlari bo‘yicha Xalqaro press-klubda jurnalistlar oldida chiqish qilishi kutilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O‘zbekistonga keladi