21:09 / 11.05.2017
10 295

Hojiboy Tojiboyev shogird sifatida kimni tan olgan?

Hojiboy Tojiboyev shogird sifatida kimni tan olgan?
Xotira va qadrlash kunida hamma o‘z yaqinlarini, do‘stu birodarlarini xotirlab yod etadi. Shunday insonlar borki, uni xalq yodga oladi, sog‘inib xotirlaydi. Ana shunday insonlar orasida taniqli o‘zbek kino va teatr aktyori, so‘z ustasi O‘zbekiston va Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Hojiboy Tojiboyev ham bor.

Garchi bugun oramizda bo‘lmasa-da, u tanti o‘zbek xalqining kundalik hayotidagi voqealarni yumorga aylantirib, kulgi orqali etkazib bera olgan so‘z ustasi bo‘lgan. Shuning uchun insonlar qalbida mangu yashaydi. Bugun iste’dodli so‘z ustasi Avaz Oxun ustoz Hojiboy Tojiboyevni xotirlab, u bilan bog‘liq xotiralarini biz bilan o‘rtoqlashdi, deb yozadi Qalampir.uz.

“Avvalo ustozlarni xotirlar ekanmiz, ularning ruhlari shod bo‘lishini tilab duo qilamiz. Biz hayotda ko‘rish va hamsuhbat bo‘lish baxtiga erishgan ustozlar orasida Hojiboy Tojiboyev ham bor. Menga u kishi bilan ko‘rishish 2003 yil nasib qilgan. Aynan shu yili “Har qadamda hangoma” nomli konsert dasturini muxlislariga havola etgan edi.

O‘shanda 1-bosqich talabasi edim. Kursdoshlarim bilan konsert ko‘rish uchun orqa eshikdan kirdik. Konsert judayam zo‘r bo‘ldi, havasimiz kelib, tomosha qildik. Konsert tugagach, sahna ortida ustoz Ma’murjon Umarov bizni Hojiboy Tojiboyev bilan tanishtirdi. Hojiboy aka bu yigitlar qo‘lidan nima keladi, deb so‘raganda, birimiz qo‘shiq, birimiz she’r aytdik. Men esa Nabi Rahimov, Soyib Xo‘jaev ovozlaridan parodiya qilib berganman. Shunda ustoz bu bolada nimadir bor, ertaga tayyorlanib kelsin, sahnaga chiqaramiz, degan edi.

Men kechasi bilan uxlolmaganman. Ertasiga sahnaga chiqdim, natija zo‘r bo‘ldi va men tezda mashhurlikka erishdim. Yuqori kurs talabalari hatto meni ushlab ko‘rmoqchi bo‘lgan. Birinchi kursning yarmini tugatmagan talabaga ishonib, sahnaga chiqarish bu katta jasorat. Hamma ham bunday tavakkalga qo‘l o‘rmaydi. U kishida kelajakni ko‘ra bilish qobiliyati ham bor edi.

2004 yilgi konsertida kimdir muqovasiga karikatura rasmi tushirilgan gazeta tashlab ketibdi. Rasmda bir tarozi tasvirlangan bo‘lib, tarozinig bir pallasida Hojiboy akaning rasmi bir pallasida barcha qiziqchilarning rasmi bor edi. Hojiboy aka tomon bosib turibdi. Buni ko‘rgan ustoz juda qattiq xafa bo‘lgan. Kim bu karikaturani chiqardi, nima haqqi bor deb g‘azablangan. Bu hamkasblarimni menga qarshi qilib qo‘yadi-ku, ular nima deb o‘ylashadi, deb gapirgan. Shunda men yana bir bor undagi hech kimda yo‘q, ajoyib xislatlarga tasanno aytganman.

Haqiqatan ham, u kishida maqtanchoqlik, manmanlik, kibr tuyg‘ulari yo‘q edi. Haqiqiy ijodkor ana shunday beg‘araz bo‘lishi kerak. Yana bir jihati bor ediki, hozirgilar sahnaga chiqishi bilan oilasini ko‘z-ko‘z qilishga, ular bilan rasmga tushib, turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashtiradi. Ustoz esa oila shaxsiy masala, har bir odamning o‘z siri, derdilar. Hech bir konsertlarida oilasi haqida gapirmaganlar.

Hojiboy akaning shogirdlari judayam ko‘p bo‘lgan, ular qaysidir bir intervyusida hali meni qoniqtiradigan shogird ko‘rmadim, deganlar. Bu balki ijodining yo‘nalishi qiyinligidandir. Chunki guruh bo‘lib kuldirish boshqa, 2-2,5 soat sahnada turib, bitta o‘zi odamlarni kuldirish judayam qiyin. Agar hayot bo‘lganlarida balki meni shogirdi sifatida tan olarmidi...

2008 yil 3-bosqichda o‘qiyotgan paytimda, Hojiboy akaning yo‘nalishida “Talabalik – oltin davrim” degan kichkina 1,5 soatlik konsert qo‘yganman. Afsuski, shifoxonada bo‘lgani uchun bu konsertimga kelolmagan”.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hojiboy Tojiboyev shogird sifatida kimni tan olgan?