07:31 / 26.05.2017
10 456

O‘zbekistonlik taniqli olim AQShda vafot etdi

O‘zbekistonlik taniqli olim AQShda vafot etdi
O‘zbekistonlik mashhur olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdumajid Po‘latov joriy yilning 23 may kuni AQShda vafot etdi.

“Qalampir.uz” saytiga ma’lum qilishlaricha, Abdumajid Po‘latov so‘nggi kunlarda jigar saratoni bilan bilan og‘rigan va davolanish uchun AQShga yuborilgan edi.

Ma’lumot uchun, Abdumajid Po‘latov dunyo bo‘ylab 300 dan ortiq shogirdlar tayyorlagan. Ularning ichida fan nomzodlari, fan doktorlari va professorlar bor.

Professor 1949 yil 4 martda Toshkentda tavallud topgan. 1966-1971 yillari Novosibirsk davlat universiteti matematika fakultetida tahsil olgan. 1971-1979 yillari Novosibirskdagi SSSR Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Matematika instituti ilmiy xodimi bo‘lib ishlagan.

1976 yil fizika-matematika fanlari nomzodi, 1979-1994 yillarda Toshkent davlat universiteti amaliy matematika va mexanika fakulteti dosenti, 1980-1992 yillarda brilliant bichish usullari bo‘yicha qator grantlar sohibi, dasturlar rahbari bo‘lgan.

So‘ngra 1992 yili fizika-matematika fanlari doktori, 1994-2000 yillarda ToshDU matematika va mexanika fakulteti professori, 2000-2002 yillarda O‘zMU kompyuter texnologiyalari fakulteti professori, 2002-2006 yillarda O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti Kompyuter lingvistikasi kafedrasi mudiri sifatida faoliyatini davom ettirgan.

2006 yil O‘zMU granti asosida “Ko‘zi ojiz talabalarga kompyuterda ishlashni o‘rgatish va kompyuterni ko‘zi ojizlarga moslashtirish” loyihasiga rahbarlik qilgan.

Hozirgi kungacha O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti Umumiy tilshunoslik va kompyuter lingvistikasi kafedrasi professori sifatida ishlagan.

1988 yildan buyon uning rahbarligida 12ta nomzodlik dissertasiyasi himoya qilingan. Matematika sohasida “Po‘latov maktabi”, “Toshkent maktabi” ilmiy yo‘nalishi bilan tanilgan.

1994-1998 yillarda Xalqaro informatika jamiyati (Germaniya), 1993 yildan O‘zbekiston matematiklar jamiyati a’zosi, “XXI asrning 2000 mashhur olimi” (Kembrij) kitobiga kiritilgan.

U “Qavariq ko‘pyoqlar” (Novosibirsk, 1992), “Ingliz tili” (rus tilida. Toshkent, 1998), “Dunyoviy o‘zbek tili” (T.Mo‘minova va I.Po‘latova bilan hamkorlikda. Toshkent, 2003), “Hayot formulalari” (qo‘lyozma), “Ingliz tili” (o‘zbek tilida, qo‘lyozma), “Kompyuter lingvistikasi” (2 jild, qo‘lyozma), “Inglizcha-o‘zbekcha- ruscha lug‘at” kitoblari hamda “Kompyuter lingvistikasi” (S.Muhamedova bilan hamkorlikda. Toshkent, 2007) o‘quv qo‘llanmasi muallifi edi.

Abdumajid Po‘latov nafaqat matematika sohasida, balki ingliz tili, tilshunoslik, falsafa fanlari doktori, professori sifatida kitoblar yozgani uchun AQShning “Who is who?” (“Kim aslida kim?”) kitobiga kiritilgan.

Tahririyatimiz nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor qilamiz.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik taniqli olim AQShda vafot etdi