23:42 / 26.05.2017
17 306

Hoy, qiz, ikkinchi xotin bo‘lishga shoshilma! Ertaga rahbaring sendan...

Hoy, qiz, ikkinchi xotin bo‘lishga shoshilma! Ertaga rahbaring sendan...
— Oilali erkakka ikkinchi xotin bo‘lib tegib, norasida go‘daklar ko‘z yoshiga sabab bo‘lib, bir ayolning baxtiga chang solgan qizu juvonlar haqida eshitsam, ich-ichimdan nafratim qo‘zirdi. «Baxt sheriklikka berilmaydi», deb o‘ylardim. Biroq bir kun kelib, bu o‘z boshimga tushadi, deb sira o‘ylamagandim…

Otamning nochor hayoti, omadsiz taqdiri tufayli shu ishlar yuz berdi. Dadam yoshlik paytida onamni sevib qolgan, ammo dadamning o‘qimaganligi, ustiga-ustak, bo‘shangligini deb onamning ota-onasi sovchilarni quruq qaytaraverishgan. Ikki yosh o‘ylamay-netmay, shart­ta qochib ketishgan. Tashabbus onamdan chiqqan. Dadam bunday ishga uzoq vaqt ko‘nmay yurgan. Onamning qochib ketishi oilasiga isnod edi. Ota-onasi qizidan, aka-ukasi yakkayu yagona singlisidan voz kechgan. Dadamning qarindoshlari esa ularning taqdiri bilan qiziqmagan ham hatto.

Shu voqealar tufayli ota-onam poytaxtga kelib qolishgan. Ijaraga uy topib, nikoh o‘qitib, birga yashayverishgan. Dadam qurilishga g‘isht teruvchi bo‘lib yollangan. Ijara uyda men va ukam tug‘ildik. Dadam bir necha marotaba ishini o‘zgartirib, qora mehnatda kun ko‘rmadi hisob. Shaharda yashashning o‘zi bo‘lmaydi. Otam tunu kun bolalarimni boqaman, deb ishlardi. Ammo birdan to‘shakka yotib qoldi-yu, men kollejni bitirmasimdan bu yorug‘ olamni tark etdi. Biz esa bo‘zlab qolaverdik…

Otamning vafotidan keyin onam maktabda farroshlik qila boshladi. Men esa kollejni bitirib, o‘qishga hujjat topshirdim. Bilim olishga ishtiyoqim baland edi, ammo institutga kirolmadim. Maxsus tayyorlov kurslariga borishga esa sharoitimiz to‘g‘ri kelmasdi. Shu sabab men ish izlashga majbur bo‘ldim. Bir idoraga kotiba kerak ekan. Oyligi kam bo‘lsa ham, quvonib ishga tushdim. Onamning oyligi ijara to‘lashga ketar, meniki esa eb-ichishga sarflanadi. Ukam hali maktabda o‘qiydi, uning xarajatlariga ham zo‘rg‘a pul ajratardik. Shu tariqa oradan oylar o‘tdi. Bir kuni idoramiz boshlig‘i meni huzuriga chaqirtirdi. Qirq yoshlardagi basavlat, kamgap odam edi. Har safar meni ko‘rganda, g‘alati qarashidan cho‘chirdim».

«Puldan qiynalmayapsizlarmi, singlim?» deb sharoitimni obdan surishtirganidan darrov tushundim. «Ha, rahmat, yaxshi», dedim sir boy bermay. «Ijara uyda yashash qiyin, bilaman. Sizning ham bo‘yingiz etib qoldi, hademay oila qursangiz, onangiz va ukangiz qiynalib qolsa kerak», dedi boshlig‘im. Bu o‘y yuragimni tirnab kelgani sabab indamadim. «Shuning uchun onangizni ona, ukangizni uka o‘rnida ko‘radigan yaxshi bir inson bilan rishta bog‘lasangiz, u oilangizga qarashib tursa, yomon bo‘lmasdi. Axir chiroyli qizsiz… Yaxshi hayotga loyiqsiz», dedi u allaqanday umid bilan. Maqsadini tushunsam-da, o‘zimni tushunmaganga olib turaverdim. «Agar istasangiz, sizni boshimda ko‘tarib yuraman! — dedi boshlig‘im o‘rnidan turib.

— Bir aldamchi yigitga uchrab, baxtiqaro bo‘lishingizni xohlamayman. Men ahdimda turaman. Sizga ikki xonali uy sovg‘a qilishni ko‘nglimga tugib qo‘yganman. Onangizning ishlashiga hojat bo‘lmaydi, barcha xarajatlarni o‘z bo‘ynimga olaman. Sizni esa o‘qishga kiritaman, keyinchalik firmamda boshqaruvchi bo‘lasiz». «Axir sizning oilangiz bor-ku?» dedim titrab va qandaydir nafrat bilan. «Ochig‘ini aytaman, xotinim bilan bir necha yildan beri begonalardekmiz. Uning o‘z hayoti bor, men bilan ishi yo‘q. O‘rtada farzandlar bo‘lmaganida, allaqachon ajrashardik. Qachongacha ish deb, oila deb ko‘nglimga qarshi boraman? Sizni ilk bora ko‘rgandayoq yuragim jiz etgan. Sizni yoqtiraman…»

Bu gaplarda samimiylik yo‘qday tuyildi menga. Ichimdan qandaydir o‘kirik toshib kelar, men esa uni bosib turardim. Badavlat odam esa pok muhabbatdan so‘zlardi. Dadamning qiyofasi ko‘z oldimga kelib, negadir o‘z ojizligimni his qildim. Xayollarimda asrab kelgan, pok muhabbatim sohibi o‘sha oq otdagi shahzodam haqidagi orzularimga achinib yig‘lardim. «Meni tinch qo‘ying!» degancha xonadan otilib chiqib ketdim. Uyga borguncha ko‘z yoshlarimni tiyolmadim. Uyda esa meni yana bir noxush xabar kutib turardi. Ostonada o‘tirgancha g‘amga cho‘kkan onam ham yig‘lardi. «Tinchlikmi, nima bo‘ldi, oyijon?» dedim o‘z dardimni unutib. «Qizim, — deya meni bag‘riga bosdi onam. — Belim og‘rigani uchun pol artishga qiynalardim, bilasan. Direktor «Nuqul chala artasiz», deb koyirdi. O‘rnimga boshqa ayolni ishga olibdi. Meni esa haydashdi…»

Bu ish dard ustiga chipqon bo‘ldi. Axir men bo‘shashga ariza yozishga qaror qilgandim. Endi nima bo‘ladi? Menam ishsiz qolsam, nonga ham pul topolmay qolishimiz aniq . Bir-birimizga suyanib, ancha payt yig‘ladik. Biroq onamga bo‘lgan voqeani aytishni istamadim. Volidamning ezilishini ko‘rgim kelmadi. Ertasiga hech nima bo‘lmagandek, ishga bordim. Boshlig‘imdan qochib yurdim. Onam boshqa ish izladi, ammo topolmadi. Uy egasi esa ikki oydan buyon ijara pulini so‘rab xunob qilardi. Oilam butkul ilojsiz ahvolda qoldi. Shunday kunlarda boshlig‘im qo‘limga bir dasta pul tutqazib: «Buni olib qo‘ying, kerak bo‘ladi», dedi. Pulga muhtoj bo‘lmaganimda yuziga qaramasdim, biroq oldim. Pul uch oylik ijara haqiga etardi. Rahmat, aytib chiqib ketdim. Qarzdan qutulib, erkin nafas oldik. Quruq rahmat bilan qutulmasligimni ertasiga bildim. Boshlig‘im meni tushlikka taklif qildi. «Egan og‘iz uyalar», deganlaridek men ham rad etolmadim. Tushlik asabiy holatda o‘tdi. Uning gap-so‘zlaridan ijirg‘anardim. Onamning bel og‘rig‘i kuchayib, to‘shakka yotib qolgach, vaziyat yanada murakkablashdi. Shifokor umurtqada churra borligini, operasiya qilish lozimligini aytdi. Boshlig‘imdan yana qarz ko‘tardim. U mamnun holda anchagina pul berdi va evaziga uchrashuvga taklif etdi…

Operasiya yaxshi o‘tdi. Hozir onam kasalxonada, men unga qarayapman. Ishga borolganim yo‘q. Ukam esa uyda yolg‘iz. Aytishicha, bir amaki kelib, ancha eguliklar tashlab ketibdi. Bu boshlig‘im ekanini bilardim. Onam bu yordamlarni beminnat deb o‘ylayapti. Men esa unga to‘g‘risini aytolmadim. Hali onam oyoqqa tursa, u tag‘in taklifini aytadi. Unga ikkinchi xotin bo‘lib erga tegsam, onam ham, ukam ham qiynalmaydi. Ijara puli deb sarson bo‘lmaymiz. Lekin yuragimdagi oppoq orzularim-chi?

GULNORA

Iqbol ADILOVA, ruhshunos:
— Ikkinchi yo‘l, ya’ni shayton taklif etadigan yo‘l hamisha oson bo‘lgan. Sizga og‘irligini sezib turibman, singlim. Biroq og‘ir vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘lni tanlab, vijdon amriga quloq solish bu insonga xos fazilat. Bugungi kuningiz sizga taqdir sinovi. Ikkilanmasdan boshlig‘ingizning taklifini rad eting. U sizga munosib emas. Yigirma yoshga to‘lmagan qizning hali butun hayoti oldinda. Kimgadir ikkinchi xotin bo‘lgandan ko‘ra, oddiyroq yigitga turmushga chiqqan yaxshi.

Siz baxtga loyiqsiz, lekin bunday sarobga emas. Boshlig‘ingiz uy olib bergani bilan uni sizga sovg‘a qilib qo‘ymasligiga ishonchim komil. Vaqtinchalik boshpanaga aldanib, hayotingizni ostin-ustin qilib yuborasiz. Nari borsa, o‘n-o‘n besh yilda husningiz qaytadi. U esa tag‘in yoshini izlaydi. Bunday voqealarning bir nechtasiga guvoh bo‘lganman. Ishonavering, singlim, bunday yolg‘onga aldanmang. Onangizning ahvolini tog‘alaringiz bilsa, qarab turishmaydi. Ming qilganda ham, u ularga jigar, qarindosh. Bir qorindan talashib tushgan yolg‘iz singillarini xor qilib qo‘yishmaydi, bunga ishonaman. Boshlig‘ingiz qarmoq tashlaganini tushunib undan ijirg‘angan ekansiz, demak, esli qizsiz, vaqtida aql-hushingizni yig‘ishtirib oling.

Nomardlar har qadamda uchraydi. Ular xuddi o‘lja izlayotgan yirtqichga o‘xshaydi. Bir qarashda bundaylarning chiyabo‘ri ekanligini anglaysan. Ular to‘dadagi eng ojiz o‘ljani tanlaydi. Bundaylarning shashtini sindirish uchun dadil bo‘lish kerak. Hayot kurash uchun berilgan. Birinchi sinovdayoq yengilgan odam hayotda qiynaladi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hoy, qiz, ikkinchi xotin bo‘lishga shoshilma! Ertaga rahbaring sendan...