09:59 / 22.06.2017
11 462

Endi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilinadi

Endi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 21 iyun kuni “Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada liberallashtirish, eksportga mahsulot etkazib berishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish, mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarning raqobatdoshligini va moliyaviy barqarorligini oshirish, ortiqcha va eskirgan ruxsat berish tartibotlarini bekor qilish orqali ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish maqsadida:

1. 2017 yilning 1 iyulidan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

tadbirkorlik sub’ektlariga yangi meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilishga ruxsat etiladi;

o‘zi ishlab chiqargan tovarlarni xorijiy valyutaga ularning tannarxidan past narxlar bo‘yicha mustaqil ravishda yoki vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalarining tashqi savdo tashkilotlari orqali eksport qiluvchi tashkilotlarga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 26 martdagi PQ-1731-sonli qarori bilan tashkil etilgan Mahsulotlarni jahon bozorida haqiqiy vujudga kelgan, shu jumladan, tannarxidan past narxlar bo‘yicha eksport qilish masalalarini ko‘rib chiquvchi maxsus ekspert komissiyasi qarorlari asosida, soliq solish maqsadida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishdan olingan tushumlar miqdori tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) sotishning haqiqiy narxidan kelib chiqqan holda aniqlanadi;

o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlar uchun amalda bo‘lgan imtiyozlar va preferensiyalar o‘zlari egasi bo‘lgan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga tatbiq etiladi;

ilgari foydalanishda bo‘lgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni ular tayyorlangan vaqtdan boshlab 5 yil o‘tgandan keyin eksport qilish O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarisiz amalga oshiriladi;

keltirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan tovarlarning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish muddatlari 3 ish kunigacha qisqartiriladi.

2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi xalqaro karantin qoidalarining o‘simliklar karantini sohasidagi milliy normativ hujjatlarga joriy etilishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar rejasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 11 martdagi “Eksport-import operasiyalarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-26-sonli qarorining 3-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:

“3. Belgilab qo‘yilsinki, qonun hujjatlarida belgilangan TN TIF kodlari guruhlariga mansub, ilgari foydalanishda bo‘lgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilish O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bunda ilgari foydalanishda bo‘lgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilish ular tayyorlangan vaqtdan boshlab 5 yil o‘tgach O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorisiz amalga oshiriladi”.

4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

ilgari ishlatilgan mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlarni eksport qilishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi haqidagi Nizom loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017 yil 21 iyun

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilinadi