09:04 / 07.07.2017
7 438

Havo harorati +40 darajadan oshganda ishlamaslik yoki oylik ish haqi oshirilishi kerak emasmi?

Havo harorati +40 darajadan oshganda ishlamaslik yoki oylik ish haqi oshirilishi kerak emasmi?
So‘nggi vaqtlarda havo haroratining yuqori bo‘lishi ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Nainki, tashvishlantirmoqda, balki shu sabab odamlarning tobi qochmoqda. Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi har bir abonentga ogohlantiruv xabarlari ham jo‘natdi. Ammo bu xabarga quloq solib, hech bir fuqaro tashqariga chiqmay, uyida o‘tira olmaydi. Odatdagidek, erta tongdan ishga, o‘qishga va yana boshqa mashg‘ulotlarga yo‘l oladi.

Aholi o‘rtasida “Havo harorati +40 darajadan oshganda ishlamaslik yoki oylik ish haqi oshirilishi kerak emasmi?”, degan savollar tug‘ilmoqda. Biz savolga javob izlash uchun O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksini ko‘zdan kechirdik. Kodeksning 9-bob, 153-moddasida: “Tabiiy-iqlim va turmush sharoitlari noqulay bo‘lgan joylarda mehnat haqiga rayon koeffisientlari va ustamalar belgilanadi” , deb yozib qo‘yilgan.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, O‘zbekiston Ruspublikasi Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligiga murojaat qilishni lozim topdik. Vazirlik bergan ma’lumotlarga ko‘ra, issiqlik urishining oldini olish uchun ishchi xodimning himoya yuzasi +45 darajadan oshmasligi lozim. Bunday vaziyatda ishxona xodimlar uchun kerakli shart-sharoitlarni yaratib berishi kerak bo‘ladi. Masalan, kondisionerlar o‘rnatishi, dam olish uchun maxsus xonalar tashkil etishi, issiqdan saqlovchi maxsus kiyimlar berishi va hokazo.

Shuningdek, quyidagi shaxslar uchun ish vaqti qisqartiriladi:

- 18 yoshga to‘lmagan ishchilar uchun;

- I va II guruh nogironi hisoblangan ishchilar uchun;

- mehnat sharoiti noqulay joylarda ishlovchilar uchun;

- alohida ish toifasida ishlaydiganlar uchun;

- 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan onalar va davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladigan korxona va tashkilot ishchilari uchun.

Noqulay sharoitda ishlovchi ishchilar uchun qisqartirilgan ish vaqti bir haftada 36 soatdan ko‘p bo‘lmasligi lozim (haftasiga 4 soat kam). Bundan tashqari, mazkur ishchilar uchun doimiy mehnat ta’tiliga 3 kundan 24 kungacha qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shib berilishi ham qonun tomonidan belgilab qo‘yilgan.

Agarda ish beruvchi ushbu qonunlarga bo‘ysunmasa, nima qilish kerak?

O‘zbekiston Respublikasining 219-moddasiga asosan, ishchi hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi sharoitlarda ishni bajarishdan bosh tortishi mumkin. Buni quyidagicha amalga oshirish lozim:

Ishchi ish beruvchilarga sog‘lig‘i va hayotiga xavf soluvchi mehnat sharoiti to‘g‘risida ma’lumot berishi kerak. Ushbu holatda ish beruvchi tegishli chora-tadbirlar ko‘rishi shart. Aks holda, ishchi ishlashdan bosh tortishga to‘la haqli.

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, yuqorida issiqlik urishining oldini olish uchun ishchi xodimning himoya yuzasi +45 darajadan oshmasligi lozim, dedik. Ya’ni ko‘chada harorat qanday bo‘lmasin, ish joyingizdagi harorat +45 darajadan oshmasa bo‘lgani. Endi murojaatga yuzlansak, “Havo harorati +40 darajadan oshganda ishlamaslik yoki oylik ish haqi oshirilishi kerak emasmi?”. Ming afsus, ko‘chada havo harorati nafaqat +40, balki +50 darajadan oshganda ham siz o‘z ish joyingizga etib olishingiz shart, azizlar.

Bunday ob-havoda kondisionersiz avtobuslarda yurish azobini bir tasavvur qilib ko‘ring-chi? Bu masalaning ikkinchi tomoni. “Yo‘l azobi – go‘r azobi”, deyishgan ota-bobolarimiz. Bunday issiqda balki transport vositalarini ko‘paytirish, shu bilan birga kondisionerlar bilan ta’minlash kerakmikan, nima dedingiz? Har holda aholining barcha qismida ham kondisioneri beminnat xizmat qiladigan avtoulovlar YO‘Q!

Kim bilsin, tez orada ish vaqtini qisqartirish masalasida ko‘chadagi ob-havo ham etiborga olinar, bu bo‘yicha ham biror chora-tadbirlar ko‘rilar...


Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Havo harorati +40 darajadan oshganda ishlamaslik yoki oylik ish haqi oshirilishi kerak emasmi?