11:45 / 26.07.2017
9 220

“Neksiya”, “Kobalt” va “Damas” o‘g‘rilari ushlandi

“Neksiya”, “Kobalt” va “Damas” o‘g‘rilari ushlandi
O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati o‘tgan haftada respublika hududida fosh etilgan transport vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, noma’lum shaxs Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani Mustaqillik qishloq fuqarolari yig‘ini Uzumzor ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan, shu tumanda yashovchi A.Sh.ga tegishli «NEKSIYa» rusumli avtomobilni olib qochadi. Olib borilgan qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida, avtomobil Yangiyo‘l tumanining Ramadon qishloq fuqarolari yig‘ini hududidan davlat raqam belgilari yukxonasiga solingan va texnik soz holda topildi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda, ushbu jinoyatni Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan J.V. sodir etganligi aniqlanib, ushlandi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahri Birlik ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan, shu tumanda yashovchi, O.A.ga tegishli «VAZ-21061» rusumli avtomobilni noma’lum shaxs olib qochadi. Ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, avtomobil Bo‘stonliq tumanining Dumaloq qishloq fuqarolari yig‘ini hududidagi ochiq dala maydonidan to‘rt dona g‘ildiraklari, domkrati, akkumulyatori, orqani ko‘ruvchi oynalari, magnitafoni va kolonkalari echilgan holda topilib, ushbu jinoyatni Qibray tumanida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan A.N., 1992 yilda tug‘ilgan A.X. va namanganlik 1992 yilda tug‘ilgan T.A. sodir etganliklari aniqlandi. Ular bilan o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida ushbu guruh tomonidan yana xuddi shunday jinoyat sodir etilganliklari ma’lum bo‘ldi.

Toshkent shahrining Sergeli tumani 8-mavzesida noma’lum shaxs qarovsiz qoldirilgan, shu tumanda yashovchi Q.S.ga tegishli «KOBALT» rusumli avtomobilni olib qochadi. Ko‘rilgan choralar natijasida avtomobil shu kuni Olmazor tumanining Qorasaroy ko‘chasida harakatlanib ketayotganda yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan ushlanadi. Ushbu jinoyatni Buxoro viloyatining Vobkent tumanida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan J.M. sodir etganligi aniqlandi.

Samarqand viloyatining Payariq tumanida yashovchi Z.F. o‘ziga tegishli «DAMAS» rusumli avtomobil olib qochilgani haqida ichki ishlar bo‘limiga murojaat qiladi. Olib borilgan qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida avtomobil shu tuman hududidan topilib, ushbu jinoyatni Payariq tumani Chelak shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan, 1988 yilda tug‘ilgan K.Z. sodir etganligi aniqlandi.

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida piyodani noma’lum transport vositasi urib, yo‘l-transport hodisasi joyidan qochib ketgani haqida atrofdagi fuqarolar tomonidan ichki ishlar bo‘limiga xabar qilinadi va tan jarohati olgan piyoda yo‘lovchi mashinada kasalxonaga olib boriladi. Noma’lum haydovchini va transport vositasini aniqlash yuzasidan ko‘rilgan choralar natijasida, ushbu yo‘l-transport hodisasini Uzun tumanida yashovchi, 1978 yilda tug‘ilgan M.M. «NEKSIYa» rusumli avtomobilida sodir etganligi aniqlandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Neksiya”, “Kobalt” va “Damas” o‘g‘rilari ushlandi