Ilk bor mardikor ayollar dardi TVga olib chiqildi (Video)

  • 07 avgust 2017, 16:33
  • 6 570
  • Jamiyat
  • Ilk bor mardikor ayollar dardi TVga olib chiqildi (Video)
    O‘zbekiston MTRKning “O‘zbekiston” teleradiokanali “Uchburchak” ko‘rsatuvi efirida o‘zining yashash mintaqasida mos va yaxshi daromadli ish topa olmay, Toshkent shahriga ish izlab kelib, mardikorlik qilayotgan shaxslar, jumladan, ayollar masalasi ham ko‘tarildi. Bu haqda Kun nashri xabar berdi.

    Ko‘rsatuv boshlovchisining aytishicha, Mehnat vazirligining bo‘sh ish o‘rinlari bazasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 13 867 ta tashkilotdan 84 191 ta bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etilgan.
    Har qancha chiroyli gaplarni gapirmaylik, balandparvoz so‘zlarni so‘zlamaylik tirikchilik, etishmovchilik e’tiqodni susaytirishi mumkin. Albatta, O‘zbekistonda ish o‘rinlari ko‘p. Biroq, ishsiz yurgan fuqarolarni ana o‘sha ish joylaridagi nimalardir qoniqtirmayotgani aniq.

    Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jaloliddin Abdusattorovning aytishicha, ayrim korxonalar va tashkilotlarning iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqilgan holda ishlovchilarni qoniqtirmaydigan oylik maoshlari ham bor.
    Ko‘rsatuv davomida poytaxtda vaqtinchalik ish izlab yurgan erkaklar haqida lavha efirga uzatildi. Bundan tashqari, mardikor ayollar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

    Boshlovchining aytishicha, uch kundan so‘ng o‘zga hududda yurib, ro‘yxatdan o‘tmagan fuqaro eng kam ish haqining yarim baravarigacha jarimaga tortiladi. Avvallari ular eng ish haqining uch baravarigacha bo‘lgan holatda jarima to‘lashardi.
    Ayollar haqidagi lavhada Toshkent shahrida vaqtinchalik ish izlab yurgan turli fuqarolar bilan suhbat qurildi. Ulardan birining aytishicha, asli samarqandlik bo‘lib, turmush o‘rtog‘i ishlamaydi. Ayolning o‘zi ham hech qanday ma’lumotga ega emas, shu sababdan mardikorchilikka chiqib, dala ishlari, xonadonlarni tozalash bilan shug‘ullanadi. Kuniga 30-40 ming so‘m atrofida mablag‘ topadi.

    Boshlovchining “O‘zingiz yashaydigan hududda qancha oylik berishsa, oilangiz va farzandlaringiz bag‘rida ishlar edingiz?” degan savoliga ayol: “Ish yo‘q bizda. Agarda tashkil qilib berishsa, mening farzandlarimning propiskasi bu erda-da” deya javob beradi.

    Boshqa bir ayolning so‘zlariga ko‘ra Navoiy viloyatidan bo‘lib, bog‘bonchilik, ko‘rpa-to‘shak tikish bilan shug‘ullanadi. “Bizdagi hunarmandlarga murojaat qilganingiz bilan bu erda aholi ko‘p bo‘lgani tufayli qancha ko‘p ishlasangiz, shunchalik to‘lov yaxshi bo‘ladi. Bizda unday to‘lovlar yo‘q. O‘zimizda ham kafe, to‘yxonalar bor. Bizda ertalab soat 7 dan kechki vaqtlarga qadar ishlasangiz 8 ming so‘m pul beradi. Eng katta farzandim 19 ga kirayapti. Men bolalarimni boqish uchun harakat qilayapman. Mahalla hamisha o‘zini orqaga tortgan. Shu erdagi ayollarga ham ishxonalar qilib berishsin, ish bilan ta’minlashsin. Agar ish bilan ta’minlansa, ko‘chada shunday yurishning hech kimga keragi yo‘q. Hech kim o‘zidan yayrab ketganidan, oshib-toshib ketganidan mana shu erda yurmaydi”, — deydi bu ayol.

    Yana bir ayol esa Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanidan ekanligini aytib, 2 farzandi borligi, turmush o‘rtog‘i esa 5 yil muqaddam hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qilgan. “O‘zim hamshiraman. Bizda sharoit yo‘q, ishga kirasiz, oylik yo‘q-da. Qishloq fuqarolar yig‘iniga ham chiqqanman: yordam bering, deb. Biroq, yordam bermaydi. Biz bu erga bolalarimni boqamiz, deb chiqqanmiz. Ichki ishlar xodimlari esa ushlab olib ketadi. Uydagilarimiz kelmasa, ruxsat bermaydi. Kecha onam 400 ming so‘m bilan olib chiqib ketdi”, — deydi ayol.

    Shuningdek, lavhada ichki ishlar idoralari xodimlarining mardikor yigitlarni avtobusga majburlab chiqarayotgani ham ko‘rsatildi. Boshlovchining aytishicha, shu holatlarni tasvirga olgan kunidan boshlab o‘ziga kela olmayapti. “Mana shu fuqarolar o‘zimizni yurtdoshlarimiz, kimnidir akasi, opasi, ayoli bo‘lgan bir paytlarda, o‘zimizni mamlakatda organ xodimlaridan qochib yursa? Biz bularni oqlash niyatidan, fikridan yiroqmiz. Balki bular ham qonunni buzayotgani uchun organ xodimlari maxsus choralarni ko‘rishayotgandir.

    Lekin bizni o‘ylantirayotgan, qiziqtirayotgan masala boshqa: kerakli tashkilotlar, mutasaddilar tezroq mana shu holatlarning chorasini ko‘rish kerak, deb o‘ylaymiz”, — deydi jurnalist.

    » » Ilk bor mardikor ayollar dardi TVga olib chiqildi (Video)