15:47 / 08.08.2017
6 496

Aholi uchun arzon va sifatli go‘sht: bu yo‘ldagi ishlar samarasi

Aholi uchun arzon va sifatli go‘sht: bu yo‘ldagi ishlar samarasi
Bugungi kunda jamiyatimizda sog‘lom turmush tarziga amal qilish, iste’mol mahsulotlari tarkibiga e’tibor qaratish hayot davomiyligining birlamchi omiliga aylanib bormoqda.

Ayniqsa, navqiron avlod vakillari orasida jismonan nimjon bolalar ko‘payib bormoqdaki, bunda ekologiyaning ifloslanishidan bo‘layotgan ta’sir barobarida, oilalarda oqsil va uglevodorodlarga boy mahsulotlar iste’moli kamayib borayotgani bilan izohlanmoqda.

Darhaqiqat, jismonan baquvvat, immuniteti mustahkam inson bo‘lib ulg‘ayishda go‘sht va go‘sht mahsulotlarining o‘rni yuksak. Zero, go‘sht mahsulotlari inson salomatligini mustahkamlashi bilan birga, ruhan tetik hamda faol turmush tarzini kechirishda ham muhim ahamiyatga ega. Chunki tarkibida asosiy oziq moddalari – oqsil, yog‘, uglevod, vitaminlarga boy taomni iste’mol qilish inson hayoti va salomatligining asosi, uzoq umr ko‘rish va mehnat qobiliyatini belgilovchi bosh omildir.

Shunday ekan, hukumatimiz tomonidan aholining go‘sht mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish, sifatli go‘sht bilan ta’minlash maqsadida barcha zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, qoramolchilik va chorvachilikni rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. Bu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi fermer va tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratilib, faoliyatlarini yanada kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, hozirgi kunda 662 ta qoramolchilik yo‘nalishidagi naslchilik xo‘jaliklarida 100 ming boshdan ziyod yuqori mahsuldor naslli qoramol parvarishlanmoqda. Birgina 2016 yilda ular tomonidan 9 ming boshdan ko‘proq qoramol shaxsiy yordamchi, fermer va dehqon xo‘jaliklariga sotilgan. Chorvachilik sohasini 2021 yilgacha bo‘lgan muddatda rivojlantirish borasida belgilangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, yirik shoxli qoramollar bosh soni 14 million 800 ming boshga, mayda shoxli mollar 23 million 127 ming boshga etkaziladi, bu esa mamlakatimizda go‘sht etishtirishni 26,2 foizga oshirib, O‘zbekiston aholisi ehtiyojini to‘liq qondirishga erishiladi.

Mamlakatimiz hukumati tomonidan kelajakni o‘ylab ana shunday keng ko‘lamli amaliy sa’y-harakatlar olib borilayotgan bo‘lsa-da, ayni kunlarda go‘sht narxi keskin ravishda oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bilan bog‘liq chora-tadbirlarni ko‘rish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Toshkent shahri bozorlaridagi mahalliy oriq mol go‘shtining narxi 32-35 ming so‘mni, laxm esa 40-45 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Shu bois hukumatimiz tomonidan respublikamiz aholisini hamyonbop, arzon va sifatli go‘sht bilan ta’minlash maqsadida Polshadan katta miqdorda muzlatilgan go‘sht olib kelindi.

Xorijdan olib kelingan muzlatilgan go‘sht Toshkent shahrining barcha bozorlaridagi (ularning umumiy soni 12 ta) «Elga xizmat» do‘konlariga hamda «Korzinka» supermarketining (Aviator, TTZ, Chilonzor, Yunusobod va boshqa filiallarida) filiallariga aholiga qulaylik yaratish maqsadida sifatli holda, qadoqlab (1,5-2,5 kg.) sotish uchun tarqatilgan.

Barcha bozorlarimizda Polshadan keltirilgan go‘sht hukumat tomonidan belgilangan imtiyozli arzonlashtirilgan narxda 21 000 so‘mdan sotilmoqda.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, hukumatimiz tomonidan ko‘rilayotgan bunday chora-tadbirlar zamirida yurtimizda inson manfaatlari ustuvorligi o‘z ifodasini topishi bilan bog‘liq ezgu amaliy ishlar mujassam. Zero, xalqimiz turmush farovonligini yaxshilash, inson salomatligida muhim bo‘lgan iste’mol mahsulotlari sifatiga doimiy e’tibor qaratish hukumatimiz kundalik faoliyatidagi muhim mezonga aylangan.

Manba: «Uznews.uz»

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Aholi uchun arzon va sifatli go‘sht: bu yo‘ldagi ishlar samarasi