10:33 / 22.08.2017
10 584

Prezidetn Qarori: g‘o‘za etishtirish uchun samolyotlar jalb etiladi

Prezidetn Qarori: g‘o‘za etishtirish uchun samolyotlar jalb etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 avgust kuni “2017 yilda g‘o‘za defoliasiyasini o‘z vaqtida va samarali o‘tkazish bo‘yicha kompleks tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

G‘o‘zani sifatli defoliasiya qilish, paxta hosilini erta muddatlarda yig‘ishtirib olish va paxta terish mashinalaridan samarali foydalanish uchun dalalarni o‘z vaqtida tayyorlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan 2017 yilda g‘o‘za defoliasiya qilinadigan maydonlar va uning maqbul muddatlari to‘g‘risidagi 1-ilovaga muvofiq takliflari qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari chigit ekish muddatlari, navi va g‘o‘zaning etilish davri, joylardagi ob-havo-iqlim sharoitlarini, ko‘sak ochilishi sur’atlarini hisobga olgan holda tumanlar va fermer xo‘jaliklari bo‘yicha g‘o‘zani 1-ilovada belgilangan maydonlar va muddatlarda defoliasiya o‘tkazish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rsinlar.

G‘o‘za defoliasiyasining belgilangan muddatlarda va sifatli o‘tkazilishi hamda defoliantlarni ishlatish normalari va tavsiyalariga qat’iy rioya etilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, “O‘zagrokimyohimoya” AJ rahbarlari zimmasiga yuklansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzaev:

besh kun muddatda defoliasiyaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtiruvchi respublika ekspert ishchi komissiyasini, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlar va tumanlarda ekspert ishchi komissiyalarni shakllantirsin, ularning tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoat”AJ, O‘zbekiston “Sifat” markazi, “O‘zagrokimyohimoya” AJ mutaxassislarini kiritib, ularning zimmasiga g‘o‘za defoliasiyasi ishlari tashkil etilishi va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazoratni ta’minlashga doir aniq vazifalar yuklasin;

defoliasiya ishlari o‘tkazilishi yuzasidan qat’iy va doimiy nazoratni ta’minlasin hamda agrotexnika tadbirlarini o‘tkazish borasida belgilangan muddatlar va me’yorlarga rioya etishni ta’minlamayotgan mansabdor shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini ko‘rsin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagrokimyohimoya” AJ, “O‘zagroservis” AJ joriy yilning 31 avgustigacha bo‘lgan muddatda:

fermer xo‘jaliklari bo‘yicha defoliasiya o‘tkaziladigan maydonlarni aniqlasinlar va har bir tumanni defoliantlar bilan ta’minlash hamda ularni alohida ajratilgan joylarda tayyorlash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratish, defoliasiyani tashkil etish va maqbul muddatlarda o‘tkazish tadbirlarini - “yo‘l xarita”larini ishlab chiqsinlar. G‘o‘za defoliasiya qilinadigan maydonlarni belgilashda urug‘lik go‘za maydonlari hisobga olinmasin;

erda ishlatiladigan texnikalardan to‘liq foydalanishni ta’minlashga e’tibor qaratib, defoliasiyani erda bajariladigan usullar bilan o‘tkazish uchun texnik vositalar va apparatlar tayyorlanishini tugallasinlar;

g‘o‘za maydonchalarini tayyorlashni tugallasinlar va ularda defoliantlar eritmasini tayyorlash uchun zarur idishlar va boshqa texnik vositalar mavjud bo‘lishini ta’minlasinlar.

5. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi “O‘zagrokimyohimoya” AJ buyurtmanomalari bo‘yicha g‘o‘za defoliasiyasini o‘tkazish uchun samolyotlar ajratsin va ularning 2-ilovaga muvofiq 2017 yil 31 avgustgacha mintaqalarga etib borishini ta’minlasin.

Viloyatlar hokimliklari joriy yilning 31 avgustiga qadar maxsus aerodromlar tayyorlanishini, shu jumladan uchuvchilar uchun zarur maishiy sharoitlar yaratilishini tugallasinlar.

6. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi defoliasiya o‘tkazilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatsin hamda defoliantlarni qo‘llash me’yorlariga rioya etilishi va defoliasiyaning belgilangan muddatlarda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratsin.

7. “O‘zneftmahsulot” AJ yonilg‘i-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda purkagichlar va samolyotlar ishlarini ta’minlash uchun g‘o‘zani defoliasiya qilish davrida ularning belgilangan tartibda uzluksiz etkazib berilishini tashkil etsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat xaridi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtirish va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi bir hafta muddatda, asoslangan buyurtmanomalarga binoan tijorat banklariga fermer xo‘jaliklari uchun g‘o‘za defoliasiyasini o‘tkazishga zarur kredit mablag‘larini, kelgusida ulardan defoliantlar xarid qilish hamda “O‘zagrokimyohimoya” AJ va «SAR» aviakompaniyasi xizmatlariga haq to‘lash uchun foydalanish maqsadida, belgilangan tartibda ajratsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzaev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, “O‘zagrokimyohimoya” AJ raisi U.A.Axunov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev


Toshkent, 21 avgust

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezidetn Qarori: g‘o‘za etishtirish uchun samolyotlar jalb etiladi