18:02 / 08.09.2017
8 876

To‘y-hashamlarni tartibga solish haqida ba’zi bir fikrlar...

To‘y-hashamlarni tartibga solish haqida ba’zi bir fikrlar...
To‘y mavzusi — yoz mavsumining eng qaynoq mavzusiga aylangani sir emas. Bu borada ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning fikrlari keng muhokama qilinmoqda. To‘ylarni o‘tkazish tartibi bo‘yicha Toshkent shahri hokimining tavsiyasi ham ko‘p tomonlama bahs-munozaraga sabab bo‘lmoqda.

Avvalroq, 200 kishilik osh, 2 kishilik kuyovnavkar va kelin uyini kuyov jihozlashi haqida tahliliy maqola e’tiboringizga havola etgan edik. “Odamlar nima deydi?” rukni ostidagi maqola orqali yurtdoshlarimizning fikri bilan qiziqdik. 300 ga yaqin kishilarning fikrlarini o‘rgandik. Ularning eng muhimlari bilan tanishtiramiz, deydi Qalampir.uz nashri.

Madinaxon Umarjonova:
Yoshlar o‘zi ishlab, hamma harajatini o‘zi qoplay oladigan darajaga yetganida oila qurishga ruxsat etilsin. Shunda hamma o‘zi uchun o‘zi harakat qiladi. Keyin oilalar ham mustahkam bo‘ladi. Ota-onalar to‘yga ajratadigan pulni farzandlarining o‘qishiga, hunar o‘rganishiga sarflaydi. Nafaqat yigitlar, qizlar ham o‘zini tiklab, pulning qadriga yetib, pul topish mashaqqatini bilganidan keyin, ikki yosh qanday orzu-havas bo‘lsa, ro‘yobga chiqarishsa yarashadi.

Shaxlo Nurmatova:
Uyni kuyov jihozlaydigan bo‘lsa, qaynonalar kelin qadriga yetgan bo‘lardi. Natijada oilalar buzilmas edi...

Shahnoza F.:
Agar shunday bo‘lsa, kuyov taraf hamma narsani men qildim deb kelinni xizmatkorday ishlatadi.

Amura:
Ayol kishi, kerak bo‘lsa, uy ham oladi, uyni bezatadi ham. Erkak kishi qachonki o‘zi ishlab uylansa, oilaning qadriga yetadi. Hozir ko‘p yoshlar o‘zlari ishlaydilar. O‘zlari to‘yga pul ishlab shunga yarasha to‘y qilishsa, isrofgarchilik bo‘lmaydi. Chunki mehnat bilan topilgan pulni ko‘chaga sochgisi kelmaydi. 18 yoshga kirdimi farzand o‘z “aravasini” o‘zi tortishi kerak, degan fikrdaman. Ham o‘qib, ham ishlasa bo‘ladi. Masalan, Rossiya va Yevropada shunday... Bizda esa nevarasigacha boqishadi!

Zafar Komilov:
Juda isrofgarchilik bo‘layotgandi... To‘ylarni tartibga solish kerak. Hozirgi to‘ylarga ketadigan pulga 1–2 xonali uy olsa bo‘ladi. Ota-onalar bolam o‘ksimasin deb hamma narsasini qilib berishayotgan edi. Zo‘r to‘y bo‘lsa ham, oddiy to‘y bo‘lsa ham odamlar 3 kun eslashadi.

Ozoda:
200 kishiga ham chiroyli to‘y o‘tkazsa bo‘ladi. 15–20 yil oldin kelin bu darajada sarf-harajat qimas edi. Nechta qiz uzatgan oilalarni bilaman, qarzga botib ketishgan. O‘sha ketadigan pullarga uy, mashina, kerakli narsalar olishsin. Yoki dunyo bo‘ylab sayohatga chiqishsin.

Ali:
Hozirgi kunda haqiqiy erkaklar kamayib ketyapti... Avvallari erkaklar ayol kishidan bir tiyin ham olmas edi, ayollar uy ishlari bilan, erkaklar ro‘zg‘or tebratish bilan band bo‘lishgan. Zamonaviy bo‘laman deb erkaklik g‘ururi yo‘qolib ketyapti, chamamda. Uylanganida “qizi-ku, kerak bo‘lsa qiladi” deb kelin tomonni qiynashadi. Agar sharoiti bo‘lmasa, kelin tomon qarz oladi. Keyinroq qaynona-kelinning mebelini mensimasligi mumkin. Qarabsizki, urush-janjal va ajrashish yuzaga keladi...

Ansora Tohirova:
Sizlarga o‘zimning hayotimdan misol keltiraman: shu yili yoz faslida kelinlik baxtiga musharraf bo‘ldim. Qizlik uyimdan faqatgina bitta oq libos bilan kelin uyimga keldim. To‘yga oz vaqt qolganida, biznikilar harakatga tushishdi. Kuyov tomon 4 xona uy ajratishdi. To‘yga bir hafta qolganida biznikilar 2 ta katta mashinada mebel va sarpolarni kuyovnikiga jo‘natishdi. Qaynotam esa hamma buyumlarni o‘zimizga qaytarib yubordilar. Hamma hayron bo‘ldi, to‘y qoldirildi, deb o‘yladik. Qaynotam otamga qo‘ng‘iroq qilib, “Quda, bilasiz, men mahallada obro‘-e’tiborim bor. Ertadan keyin falonchinikiga kelini mana shuncha sarpo-surug‘ qilib kelibdi, degan gap menga yarashmaydi. Sarpolaringizni qaytarganimga ko‘nglingiz g‘ash bo‘lmasin. Men u narsalarni qabul qila olmayman. Ertadan keyin yana son-sanoqsiz tog‘oralar qilmang. Quda, biz hamma narsani tayyor qilib qo‘yganmiz. Bizga faqat qizingiz kerak”, dedilar.

Hamma sarpolarim uyimda qoldi. Mana salkam bir oylik kelinman, dashnom eshitganim yo‘q, aksincha bu narsalarni chin dildan biznikilar qabul qilishganini hozirgacha qaynona va qaynotam rahmat so‘zi bilan tilga olishadi. Jamiyatda shunday oilalar ham bor...

Ra’no:
Kuyov uy-joy qilsin, uni bezatsin, to‘y qilsin, qalin puli bersin, to‘y yuborsin, oq ko‘ylak olib bersin...ko‘payib ketmadimi? Kelin hamma narsani tayyoriga kelsa, turmushning qadri bo‘larmikan? Hammasiga mehnati bilan yetishguncha kuyovlar qarib uylanarkan-da endi...

Zulayho Karimova:
Har qancha orzu-havasing bo‘lsa, oilangda farzandlaring, kelining, kuyoving bilan baham ko‘raver, aziz inson! To‘qlarga yedirib sochmasdan... Puling ko‘p bo‘lsa, masjid qur, ko‘prik qur, yetimxonaga, bevaga, kambag‘alga ber, ehson qil...

Mohinur:
Bir tarafga yuklab qo‘yish noto‘g‘ri, hamjihatlik bilan har ikkala tomon qilishi kerak. Hozirgi vaqtda yigit kishining pul topishi oson bo‘lmayapti...

Dilfuza:
O‘zbekni to‘yi qachon 200 kishi bilan o‘tgan? Kuyov taraf to‘y qilsinmi, qalin puli bersinmi, mebel, gilam, parda, chinni olsinmi? Uy-joy, kelin sarpo, tilla buyumlar bersinmi? Hozir uchrashuvda tilla berilyapti, oldinlari kabi bir kiyimlik atlas mato emas. To‘g‘ri, haddan tashqari ba’zilar manmanlikka berilib ketishdi, dabdaba qilaman deb. Bularga chora ko‘rish kerak. Qiz bolani qanaqasiga sepsiz uzatish mumkin? Masalan, men ham qizimni sepsiz uzata olmayman. Me’yorida qilish kerak. Konditsioner, televizor, xolodilnik, kir yuvish mashinasi, stol-stul qilish qayerdan chiqdi? Bularni yo‘q qilish kerak! Kuyov tarafga ham uyat, bularni qabul qilishi.

Bahodir Mo‘minov:
Juda to‘g‘ri fikr. Kuyov uyini o‘zi bezatishi kerak. Shunda mebelni ranggi devor ranggiga tushmabdi, degan gaplar bo‘lmaydi. Shunda ajrimlar ham kamaygan bo‘lardi.

Gulbahor Mirkomilova:
To‘g‘ri fikr! Kuyov kelinni olib ketsa, o‘sha mebeldan foydalansa, hammasi o‘ziga bo‘lganidan keyin o‘zi qilsin-da! Biz ham hamma sharoitlarni qilib, keyin kelin olamiz. Ota-onasi aqlli, hushli qilib tarbiyalasa bo‘ldi.

Ahmad:
Ikkinchi banddagi tavsiya ham g‘oyat muhim. To‘yxona, restoran va kafelarda o‘tkaziladigan tadbir ish kunlari soat 18:00 dan 23:00 gacha o‘tkazilishi belgilangan, debsiz. Lekin restorandan uyga qaytib kelgan kelin-kuyov, navkaru yangalari, qarindosh-urug‘lari va hokazolar butun mahallani boshiga ko‘tarib, ertalab soat 4 gacha to‘yni davom ettirishlariga nima deysiz?! Hovlida bo‘lsa, mayli-ku, bir-biriga yaqin joylashgan. 5, 7, 9 qavatli uylarning hovlisida bo‘layotgan bunday 2-seriyalar ertasi kuni xizmatga borish oldidan uxlamoqchi bo‘lgan fuqarolarning asabiga tegmaydimi?! Bunga kim javob beradi?

Fotima:
To‘ppa-to‘g‘ri qaror qilingan. Agar rostdan ham amal qilishsa, baxtli oilalar ko‘payarmidi. Umuman keragi yo‘q shu marosimlarni. Orzu-havas deyishadi, lekin shu orzu-havasni deb kimdirlar qarzga botib, to‘lay olmay kasal bo‘lishadi. Qonun sifatida belgilansa, yaxshi bo‘lar edi. Ana shunda qaynonalar mebel qilmagan deb janjal qilishmasmidi...

Shuhrat:
Bu to‘y marosimlarni ixchamlashtirishni avval katta lavozimdagilar o‘zlari o‘rnak bo‘lib, namuna bo‘lib kamaytirib berishlari kerak...

Munira:
Shu ortiqchalikni tartibga solishga yana bir original yechim bor. Kamida 3 oy davomida deputatlar va senatorlar to‘y marosimiga o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, to‘y qanaqa o‘tganligi bo‘yicha hukumat rahbarlariga ma’lumot yetkazishi kerak. Qonun buzuvchilarga ma’muriy jazo ham belgilanishi lozim.

Dilnoza:
Bizning o‘zbeklar pul ko‘payib ketsa, chegarani bilmay qolishadi. Hamma fikrlarga qo‘shilaman. Taklifim shuki, to‘yda bezaklarini ham imkon boricha soddaroq qilishsin.

O‘qiganingizdek, fikrlar turlicha... Kimdir to‘ylarni tartibga keltirish bo‘yicha tavsiyalarni ma’qullasa, yana kimningdir kuyov tomonga “rahmi kelyapti”.

Siz-chi, Siz qanday fikrdasiz, aziz “Zamin.uz” tahririyati mushtariylari? Fikr-mulohazalaringizni kutamiz!

To‘ylarni o‘tkazish tartibi bo‘yicha Toshkent shahri hokimining tavsiyasi hanuz kun tartibida. Biz mazkur mavzuga yana qaytamiz...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘y-hashamlarni tartibga solish haqida ba’zi bir fikrlar...