15:31 / 14.09.2017
7 366

O‘zbekistonda sudlanganlik sababli ishga qabul qilmaslik taqiqlanadi

O‘zbekistonda sudlanganlik sababli ishga qabul qilmaslik taqiqlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasini jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tahlil qilish natijalariga ko‘ra ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlikning rasmiy sayti xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egaligi belgilangan.

Mehnat kodeksining 6-moddasida mehnatga oid munosabatlarda kamsitishning taqiqlanishi ko‘rsatilgan.

Biroq amaldagi qonunchilikda shaxsning o‘zini yoki yaqin qarindoshlarini muqaddam sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishi tartiblari aniq belgilanmaganligi, fuqarolarning mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqini to‘liq amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Vaholanki, amaliyotda shaxsni yaqin qarindoshlarining yoki o‘zining sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etish holatlari kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 42-moddasida jazo mahkumni ahloqan tuzatish, uning jinoiy faoliyatni davom ettirishiga to‘sqinlik qilish hamda mahkum, shuningdek boshqa shaxslar yangi jinoyat sodir etishining oldini olish maqsadida qo‘llanilishi belgilangan.

Qonunda ko‘zlangan maqsadni amalga oshirish uchun esa muqaddam sudlangan, jazoni to‘liq o‘tab kelgan shaxslarni ahloqan tuzatish, yangi jinoyat sodir etishining oldini olish, ishga joylashtirish va normal hayotga moslashtirish masalalarini hal etish lozim bo‘ladi.

Loyihada Mehnat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritilib, shaxsning muqaddam sudlanganligi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno yoxud yaqin qarindoshlarining sudlanganligi munosabati bilan ishga qabul qilishni rad etilishini taqiqlovchi normani o‘rnatish nazarda tutilmoqda.

Mazkur masala yuzasidan xorijiy davlatlarning qonunchiligi o‘rganildi. Taklif etilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartish, vatanparvar, tashabbuskor, bilimli, intiluvchan kadrlarni boshqaruvga jalb qilish — shaxsni mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqini to‘liq amalga oshirilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda sudlanganlik sababli ishga qabul qilmaslik taqiqlanadi