18:31 / 16.09.2017
4 576

Qora niqobli bosqinchilar ushlandi

Qora niqobli bosqinchilar ushlandi
Soat 11:00larda Yakkasaroy tumanida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birining yoniga kelib to‘xtagan avtomashinadan uch nafar yigit tushdi. Ular yon-atrofga alanglab, ko‘cha kimsasiz ekanligiga ishonch hosil qilishgach, yigitlardan biri mashinani boshqarib kelgan sherigiga yuzlandi, deb yozadi Kun.uz nashri.

- Said aka, siz shu yerda bizni kutib turasiz. Men Orif bilan ichkariga kiraman. Agar biror gap bo‘lsa, xabar qilasiz. Qo‘lga tushib qolsak, bir-birimizni tanimaymiz.

- Mayli, omadinglarni bersin...

Saidni avtomashina yonida qoldirgan Yorqin (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Orif bilan uy tomon yo‘l olishdi. Ikkinchi qavatga ko‘tarilishgach, yuzlariga o‘zlari bilan olib kelgan niqoblarni kiyishdi. So‘ngra Orif eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Eshikni ochgan yoshgina bolakay salom berishga ham ulgurmadi. Bosqinchilar o‘zlarini ichkariga urishdi.

Farzandlari bilan singlisinikiga mehmonga kelgan D.Hakimova ostonada paydo bo‘lgan niqobli kimsalarni ko‘rib, esini yo‘qotayozdi. U ovoz chiqarishga ham ulgurmadi. Bosqinchilardan biri o‘g‘liga pichoq tirab, yotoqxona eshigini ochib berishni so‘radi. U kalit qayerdaligini bilmasligini aytgan edi, jinoyatchi jahl bilan ularni turtib, zalga olib kirdi. O‘g‘liga pichoq o‘qtalgani esa ularga qimirlamay o‘tirishni buyurdi. Sherigi esa yotoqxona eshigini buzishga kirishdi. U eshikni ochgach, ichkariga kirib, xonani titkilay boshladi. Birozdan keyin shoshilib chiqdi va sherigiga “bo‘l” deya ishora qildi. Ular zumda ayol bilan farzandlarining qo‘llarini, baqirmasliklari uchun og‘izlarini ham skotchlab tashladilar-da, voqea joyidan g‘oyib bo‘lishdi.

Farzandlari yordamida bandilikdan xalos bo‘lgan ayol shu zahoti singlisiga qo‘ng‘iroq qildi. U ham vaqtni o‘tkazmay, ichki ishlar idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lib o‘tgan voqea haqida xabar berdi... Olib borilgan tezkor sa’y-harakatlar o‘z samarasini berib, bosqinchilar qo‘lga olindi.

Ko‘chada “ko‘z-quloq” bo‘lib turgan Said Sardorov sheriklari – o‘zidan 11-12 yosh kichkina bo‘lgan yigitlarni bu jinoyatdan qaytarish, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish o‘rniga ularga sherik bo‘lgani afsuslanarlidir.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi tomonidan bosqinchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Shuningdek, ulardan jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni undirish ham belgilandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qora niqobli bosqinchilar ushlandi