07:03 / 02.10.2017
5 908

Moskva va Butun Rus Patriarxi Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qildi

Moskva va Butun Rus Patriarxi Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qildi
Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Moskva Patriarxati delegatsiyasi 30 sentyabr kuni Samarqandda bo‘lib, muqaddas qadamjo va tarixiy obidalar bilan tanishdi, deb yozadi Darakchi nashri.

Mehmonlar dastlab Xo‘ja Doniyor maqbarasini ziyorat qildi.

Ushbu tabarruk majmuani bir necha din vakillari ziyorat qiladi. Samarqandga tashrif buyuradigan xorijlik mehmonlar, nufuzli delegatsiyalar bu yerda bo‘lishni o‘zlari uchun sharaf, deb biladi.

Moskva Patriarxati delegatsiyasi qadamjoning yaratilish tarixi va keyingi yillarda bu yerda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, ibodat amallarini ado etdi. Mamlakatimizda vijdon erkinligi ta’minlangani, barcha din vakillarining o‘z diniy qadriyatlarini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi.

Shundan so‘ng mehmonlar Hazrati Xizr majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yurtboshimiz qabriga gul qo‘yib, hurmat bajo keltirdi.

Majmuada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari, mahobatli maqbara, milliy uslubdagi ayvon va boshqa inshootlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ushbu ko‘rkam obida xalqimizning buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov xotirasiga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtiromining ifodasi ekani ta’kidlandi.

Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill boshchiligidagi delegatsiya a’zolari, shuningdek, Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Registon majmuasi va boshqa tarixiy obidalarni ham tomosha qildi. Buyuk ajdodlarimizdan meros qadimiy inshootlarni asrab-avaylash va ularni kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi ishlarga yuksak baho berdi.

Samarqand shahridagi Aleksey soborida Moskva va Butun Rus Patriarxi Kirill ishtirokida tantanali marosim o‘tkazildi. Unda rossiyalik mehmonlar hamda xristian diniga e’tiqod qiluvchi yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.

Viloyat musiqali drama teatrida Rus pravoslav cherkovi xor jamoasining konsert dasturi namoyish etildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Moskva va Butun Rus Patriarxi Birinchi Prezident Islom Karimov qabrini ziyorat qildi