21:44 / 16.10.2017
8 900

Rossiyalik 7 yashar bola uch karra o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashgan ekan…

Rossiyalik 7 yashar bola uch karra o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashgan ekan…
Bu voqea ilk bor 1947 yili Rossiyaning Oryol shahrida sodir bo‘lgan. O‘shanda hikoyamiz qahramoni Mixail Zыbunovskiy yetti yoshda edi.
O‘sha kuni besh yashar singlisi bilan hovlida o‘tirgancha jodugarlar, “domovoy”lar haqidagi qo‘rqinchli hodisalarni bir-birlariga so‘zlab berishayotgandi. Shubhasiz, bu voqealarni ular buvilaridan eshitishgan. Qancha qo‘rqinchli voqea haqida gapirishsa, shuncha ko‘proq qo‘rqib borishardi. Ana, hikoyadagi jodugar supurgiga minib olgancha katta pechkaning ichiga kirib ketdi. Bir mahal tovuqxonadan jodugarning uv tortgani quloqqa chalindi. Bolalar o‘z hikoyalaridan o‘zlari qo‘rqib, kutilmaganda uy ichkarisiga ura qochishdi. Kiriboq o‘zlarini karavotga otishdi-yu, ko‘rpaga o‘ranib olishdi…

BIRINChI UChRAShUV

Yarim kechasi Misha o‘zini kimdir turtayotgandek cho‘chib uyg‘ondi. Ko‘zlarini ochdi-yu… Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida baland bo‘yli, yashil kiyim kiygan askar turardi. Askarning boshida qalpoq bo‘lib, yon atrofidan yashil nur taralardi.

Bu dahshatdan azbaroyi qo‘rqib ketgan Misha jonholatda onasining yoniga yotdi va ko‘rpaga o‘ralib oldi. Bu orada onasi ham uyg‘onib ketdi va u ham baland bo‘yli, yashil kiyimdagi askarni ko‘rdi. Ammo qo‘rqmadi chog‘i, ehtiyotkorlik bilan so‘radi:
— Siz… Kimsiz? Sizga nima kerak?
Askar javob bermadi. Hanuz Mishaning karavoti tepasida qotgancha turaverdi. Onasi zarda bilan o‘rnidan turdi-yu, karavotning bir chetida uxlayotgan qizchasini ko‘tarib olib yoniga yotqizdi. Misha esa hanuz ko‘rpaga o‘ralgancha tek yotardi.
Ona sal o‘zini bosib yana so‘radi:
— Kimsiz? Bu yerga qanday kirib qoldingiz?
Kutilmagan mehmon og‘ir xo‘rsindi-da, daf’atan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Shu ondayoq atrofdagi yashil nurlar ham yo‘qoldi. Ammo derazaning tashqari tarafida sap-sariq olov yuz ko‘rsatdi. Ona ham bu manzaradan qo‘rqib ketgandi. Yig‘lab yubordi. Unga Misha jo‘r bo‘ldi. Olov esa birpasdan keyin o‘chdi…
Ertalab uyg‘ongach, ona-bola uyning har bir burchagini titkilab o‘sha askarni, olovni qidirishdi.
Hech narsa topa olishmadi.

IKKINChI UChRAShUV
Navbatdagi uchrashuv Misha 14 yoshga qadam qo‘ygan kuni sodir bo‘ldi. U kuz boshlarida Platonovo qishlog‘idagi qarindoshlarnikiga borib, kechasi hech kimga bildirmay, bog‘dagi olmazorga kirgandi. Bu kolxozning bog‘i bo‘lib, bog‘da sarxil mevalar ko‘p edi. Bog‘dan ancha narida, daryo bo‘yida eski, tashlandiq cherkov bo‘lg‘uvsi edi. Qarasa, cherkovning tepasida rang-barang, xuddi Gavana sigarasi shaklida noma’lum ob’ekt aylanmoqda. Ob’ekt aylanasiga olovsifat nurlardan iborat edi. Misha qo‘rqib ketdi va chakalaklar ortiga berkindi. Bir muddat ko‘zlarini ham yumib oldi. Ko‘zini ochganda esa qarshisida o‘sha olis bolalikdagi yashil kiyimli, baland bo‘yli askar qotib turganini ko‘rdi. Misha beixtiyor baqirib yubordi. Askar shu zahoti ko‘zdan yo‘qoldi. Sigarasifat ob’ekt ham katta tezlikda uchib ketdi.

UChINChI UChRAShUV
Bu uchrashuv endi 25 yildan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Misha kunlarning birida Shablыkono qishlog‘idagi yaqin do‘stining xonadoniga mehmon bo‘lib kelayotgandi. Hali do‘stining uyiga yetmagandi. Yo‘lovchi mashina uni katta yo‘l chetida qoldirdi. Ichkarilab bir necha chaqirim yo‘l bossa, do‘stining xonadoniga boradi. Buning uchun bir soatga yaqin piyoda yo‘l bosish lozim edi.

Kech tushib borardi. Osmonda asta-sekin yulduzlar nur socha boshladi. Bir mahal Misha osmonda o‘zidan rang-barang nurlar taratayotgan sharsimon narsani ko‘rib qoldi. Bolalikdagi qo‘rquvlar allaqachon unut bo‘lgan, albatta. Lekin yuragi bezovta urib, a’zoyi badanini muz ter qopladi. Hoynahoy, bolalik qo‘rquvlari, dahshatlari to‘laligicha yo‘qolmagan ko‘rinadi. Afsuski, atrofda berkinsa arziydigan pana joy yo‘q. Hammayoq dala. Sharsimon narsa esa tobora unga yaqinlashib kelardi. Bu o‘zga sayyoraliklar kemasi ekaniga Mishaning yuragida zarracha shubha qolmadi. Juda yaqinlashib kelgach, ko‘rdiki, bu kemaning aylanasi illyuminatorlardan iborat. Ichkarisidan esa bir necha yassi yuzli odamsifat, ammo odam qiyofasidan uzoq bo‘lgan kimsalar tashqarini kuzatardi. Shu payt kutilmaganda qarshisida baland bo‘yli, o‘sha olis bolalikdagi kabi yashil kiyimli, kiyimlaridan yashil nur taralayotgan askar hozir bo‘ldi. Sal o‘tib uning yonida yana boshqa odamsifatlar paydo bo‘ldi. Ularning kiyimi to‘q sariq rangda bo‘lib, o‘zidan xuddi shunday rangli nur taratib turardi. Misha sal o‘zini bosib olib yerga o‘tirdi. Shu zahoti qalbidagi qo‘rquv hissi qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi va havoda muallaq turgan askar hamda uning sheriklarini kuzata boshladi.

Ularning yuzlari do‘mboq, ko‘kimtir, yassi burun, og‘iz qismida lablar yo‘q, umuman, yuzlari to‘liq yassi ko‘rinishda edi. Qo‘llari juda uzun, ular Misha tomonga uzatilgan holda turardi. Sal o‘tib askar ham, yonidagilar ham birdan g‘oyib bo‘ldi. Ancha balandda muallaq qolgan kema ham darhol katta tezlikda noma’lum tarafga parvoz qila ketdi. Ana shundan keyingina Misha haqiqiy qo‘rquvni, dahshatni chuqur his etdi va qanday do‘stining uyi tomonga chopa ketganini o‘zi ham payqamay qoldi…

Bu dahshatlarni faqat Mishaning o‘zi biladi. O‘shandan beri qorong‘i kechada yurmaydigan, kunduzlari ham yolg‘iz ko‘chaga chiqmaydigan bo‘ldi. Lekin o‘zga sayyoraliklar kemasini ham, yashil kiyimli askarni ham, yonidagi yassi yuzlilarni ham qaytib ko‘rmadi. Gohida o‘yga toladi, bosh qotiradi. Ularning muddaosi nima edi? Nega aynan Mishani tanlashdi-yu, nima sababdan muloqotga kirishishmadi?..

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rossiyalik 7 yashar bola uch karra o‘zga sayyoraliklar bilan uchrashgan ekan…