Shavkat Mirziyoyev Ramzan Qodirovni qabul qildi

  • 16 oktyabr 2017, 22:37
  • 4 656
  • Jamiyat
  • Shavkat Mirziyoyev Ramzan Qodirovni qabul qildi
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovni qabul qildi.

    Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqdoshlik munosabatlarini mustahkamlashga, shuningdek, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini alohida ta’kidladi.

    Joriy yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga oliy darajadagi tashrif chog‘ida imzolangan ikki mamlakat hududlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim turli tarmoqlarda yaqin hamkorlik va kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash yo‘lida yangi imkoniyatlar yaratgani qayd etildi.

    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning yaqinda Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida tomonlar hududlar darajasidagi aloqalar faollashayotganidan mamnun ekanliklarini bildirib, ushbu hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladilar.

    Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Checheniston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zaro savdo hajmi va nomenklaturasini kengaytirish, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

    » » Shavkat Mirziyoyev Ramzan Qodirovni qabul qildi