17:05 / 04.11.2017
7 426

Qo‘qon shahrida kollej o‘quvchisi o‘z kursdoshini pichoqlab qo‘ydi...

Qo‘qon shahrida kollej o‘quvchisi o‘z kursdoshini pichoqlab qo‘ydi...
O‘zbekistonda yoshlar o‘rtasida og‘ir jinoyatlarga qo‘l urilayotgani juda xavotirli. Birgina “Jasurbek Ibrohimovning ishi” nafaqat mintaqamizda, balki butun dunyo miqyosida ham turli muhokamalarga sabab bo‘lganidan xabardorsiz.

Huquq-tartibot xodimlarining e’lon qilgan rasmiy xabarlarida kollej o‘quvchilarining yonidan topilgan “sovuq qurollar” jamoatchilikning keskin fikr-mulohazalariga sabab bo‘lib, oiladagi, ta’lim maskanlaridagi ta’lim-tarbiya masalalarini kuchaytirish lozimligi ko‘p bora aytildi.

Eng yomoni, bunday “yoshlarning pichoqlashuv” jinoyatlari O‘zbekiston hayotini o‘zbek va rus tillarida yoritib boruvchi ba’zi bir nashrlarning “bayroqdor” maqolalariga aylanib bormoqda, deb yozadi Qalampir.uz nashri.

Masalan, navbatdagi yoshlar jinoyati Qo‘qonda sodir bo‘lgani aytilmoqda. Aniqrog‘i...

Xabarlarda aytilishicha, Qo‘qon neft va gaz sanoati kollejining 16 yoshli o‘quvchisi 3 noyabr kuni o‘z kursdoshiga pichoq bilan hamla qilgan. Voqeaning boshqa guvohlari 2 nafar o‘smirning ancha vaqtdan buyon tortishib yurishganini ta’kidlashgan.

Xabarda aytilishicha, guvohlardan biri shunday degan:
“Darsdan so‘ng ular yakkama-yakka kurashish uchun kollej hovlisiga chiqishdi. Qolgan o‘quvchilar ham biri “tomoshabin”, biri “ajratib qo‘ymoqchi” bo‘lib ularning ortidan ergashishdi... Yigitlar janjallashni boshlashdi. Bir payt kutilmaganda ulardan biri pichoq chiqardi va ikkinchisining qorniga sanchib, qochib ketdi. Biz “tez tibbiy yordam”ni chaqirdik”.

Kollej o‘qituvchilaridan biri bo‘lib o‘tgan hodisani o‘z fikr-ma’lumotlariga tayanib tasdiqlagan:
“...Bu o‘quvchimiz “tarbiyasi og‘ir” talabalardan... Uning ustidan avval ham shikoyatlar tushgan. Bu o‘quvchi ustidan uchastka noziriga shikoyat yozdik. Uning otasi jazoni o‘tash maskanlarida. Uning onasiga biz bir necha marta “qotillikka moyilligi” borligini va tarbiyasi og‘irligini aytganmiz. Kollejga kirishdan avval o‘quvchilar tekshiruvdan o‘tishadi. Bu bola qayerdan pichoq olgani hozircha noma’lum. Bu ish bilan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ish olib bormoqda”.

Hozirda tengdoshiga nisbatan og‘ir tan jarohati yetkazgan o‘quvchi qo‘lga olingan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan tanaga jarohat yetkazish aybi) bilan jinoyat ishi ochilgan, deyiladi xabarda.

Mazkur voqea yuzasidan tergov harakatlari olib borayotgan tegishli tashkilotlar hozircha aniq ma’lumotlar e’lon qilmasligi aniq. Tahririyatning bu mavzuga murojaat qilishidan yagona maqsad — jamoatchilikni o‘smir yoshlar ta’lim-tarbiya masalasiga jiddiyroq e’tibor berishga chaqirish.

Tahririyat mazkur voqeaning tafsilotlarini kuzatishda davom etadi...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘qon shahrida kollej o‘quvchisi o‘z kursdoshini pichoqlab qo‘ydi...