22:05 / 07.11.2017
8 731

“O‘g‘lim bemor, doriga pul kerak” yoxud “zamonaviy biznesmen”lar firibgarligi...

“O‘g‘lim bemor, doriga pul kerak” yoxud “zamonaviy biznesmen”lar firibgarligi...
Yodingizda bo‘lsa, bundan avvalroq bir navoiylik onaxonning videomurojaatini e’tiboringizga havola etgan edik. Maqolada murojaat egasi “bunday vaziyatga” qanday tushib qolgan bo‘lishi mumkinligini tahlil etishga uringan edik (onaxonni firibgarlikda ayblamadik). Biroq ushbu maqola xususida mutasaddi xodimlardan na tahririyatga “bir parcha” maktub, na “bir daqiqalik” qo‘ng‘iroq bo‘ldi!

Muammo ochiq qoldi, biroq mavzu davom etadi...

Bugungi globallashuv jarayoni, ya’ni “texnika asri” barcha imkoniyatlardan unumli foydalanishimizni taqazo etmoqda. Bundan ko‘rinadiki, ham vaqtimiz, ham naqdimiz tejaladi. Hatto sahovatpesha xalqimiz uchun ehson qilish birmuncha osonlashdi, desam adashmagan bo‘laman.

Sizga ijtimoiy tarmoqlar orqali “Falonchi jiyanim kasal, doriga pul yo‘q”, yoki, “Mening farzandimga zudlik bilan qon kerak” deb yozib xabar ostiga manzil, bank plastik kartochka surati, telefon raqamini qoldirib, “sahovatpesha insonlar ko‘magiga muhtojmiz” mazmunidagi ma’lumotlar kelgan, kelmagan bo‘lsa, qulog‘ingizga chalingan, to‘g‘rimi?

Ammo, xabar tarqatayotgan “muhtojlar” haqiqatdan ham bemormi?!
Rost bo‘lsa, nega tegishli idoralarga murojaat qilishmagan?

Murojaatlarning aksariyati soxta, firibgarlik emasmi?
Ayrim soxta murojaatlarning ko‘cha-kuyda tilanchilik qilib “jig‘ingga tegaveradigan” lo‘lilardan nima kam joyi bor?

Avvaliga soddaligim tutibmi ishondim, qani endi qo‘limda bo‘lsa-yu yordam bersam, deb o‘ylab yurdim. Shu payt qo‘l telefonimga “O‘n sakkiz yoshli o‘g‘lim avtohalokatga uchradi, unga zudlik bilan qon kerak” mazmunidagi xabar keldi. Rosti, ukam ko‘z oldimga kelib ketdi, ukam tengi yigit ekan dedim-u qon berish maqsadida ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni olgan yigit mendan “qizamiq”, “sariq kasal” bo‘lmaganmisiz kabi savollarni berdi. Savolga javob olganidan so‘ng, soat o‘n birlarga barchamiz biladigan “Yangi ToshMI”ga kelishimni aytdi.

Belgilangan vaqtda yana sim qoqib, “Yetib keldim” desam, “Uzr, vaqtim yo‘q edi, ertaga kelolasizmi?” dedi-yu go‘shakni qo‘yib qo‘ydi! Ichimdagi shubha “bolaladi”!

Agar haqiqatdan o‘g‘liga qon kerak bo‘lganda “bugun keling”, “ertaga keling” deb vaqt o‘tkazarmidi ota, jigargo‘shasiga qanday qilib bo‘lsa ham tezroq shifo topilishi uchun har qanday narsaga tayyor bo‘lar edi. Xulosa chiqarishga shoshilmasday bu borada ko‘pchilikning fikrini qanday, e’tibor qarataylik-chi...

Shoira Isaqova, psixolog:
– Ijtimoyi tarmoqlar orqali tarqayotgan bu kabi xabarlar, ayrimlarning “yangi biznes” qilish “usuli”ga aylanmoqda. To‘liq manzilni joylashtiradi va g‘oyibdan mo‘maygina pul kelishini kutib turadi. Ammo xabar tarqatganlarning hammasini firibgarlikda ayblab bo‘lmaydi. Yaqinda o‘zim Facebook orqali shaxsiy postimda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida yashovchi, yuragidan jarrohlik muolajasini o‘tkazgan yosh yigitga moddiy yordam berilishini so‘rab yozganman. Biroq undan avval yigitning uyi, mahalla fuqarolar yig‘ini, tuman hokimiyatiga murojaat qilib, haqiqatdan kasalligini aniqlab, oilaviy ahvolini to‘liq o‘rganganman.

Taxminan ikki oy avval talabalar orasida kimdir “biz ham paxtaga borar ekanmiz. Yana qayerga denglar, falon viloyatning eng chekka tumaniga” desa, xonada o‘tirgan bir yigit “Ha, bir o‘ynab kelarkanmiz-da, ijtimoiy tarmoqqa “kasalman, yordam kerak”, deb yozsang, o‘z-o‘zidan pul oqib keladi” deydi.

Badanim jimirlab ketdi!!!

Nahotki bo‘lajak oliy ma’lumotlilar shunday fikrlasa, rostdan kasal bo‘lib qolsa nima bo‘ladi? Umuman, tengdoshlarimizni “ma’naviy kasallik”ka chalinishlariga sabab nimada?

Munira Isomiddinova, pedagog:
– Avvalo, bu narsa oiladagi tarbiyaga bog‘liq. Talabalarning aksari bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmaydi, uyida esa unga e’tibor kam, nazorat deyarli yo‘q, bekorchilikdan, dangasalikdan turli ishlar kelib chiqaveradi.

Shunday mazmunda ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam so‘ragan Gulnora G‘ulomovaning (ismi o‘zgartirilgan) xatida yuqori tashkilotlarga xabar berilgani yozilgan. Ariza muallifiga aynan qaysi tashkilotlarga va qachon murojaat qilganligini so‘rasak, aniq bir gap ayta olmadi. Demak, hech qanday tashkilotga murojaat qilinmagan, deb xulosa qilish mumkin.

Odamlarning rahmini keltirish maqsadida, hech qaysi tashkilotga xabar bermay, ammo tashkilot nomiga loy chaplayotgan yurtdoshlarimiz ham afsuski yo‘q emas.
“Yuqori tashkilotlardan javob xati kelmaydi baribir” deguvchilar ko‘plab topiladi.

Xo‘sh, nega javob kelmaydi? Avvalo, muammo yuzasidan aynan qaysi tashkilotga xabar berish lozimligini hammamiz ham bilamizmi? Menimcha, yo‘q. Tegishli tashkilotlardan murojaatlarimizga qonuniy chora ko‘rilishini, ya’ni mushkulimiz oson bo‘lishini talab qilishga haqqimiz bor-ku, nega talab qilmaymiz? Bu bizning huquqiy savodxonligimiz yetarli emasligidan dalolat, to‘g‘rimi?

Huquqini yaxshi bilib, kerakli joyga ariza bilan murojaat qilgan bemorlar, garchi ayrim holatlarda “shikoyatchi” degan dashnomlarga qolsa-da, asta-sekin chora, ya’ni shifo topmoqda. Masalan, Qashqadaryo viloyatida yashovchi Baxtiniso Mahmudovani olishimiz mumkin. Fuqaro Toshkent shahriga keltirilib, kerakli muolajalarni olgandan so‘ng o‘z viloyatiga yuborildi.

Demak, imkoniyatlar tobora kengayib bormoqda. Sog‘lom bo‘la turib, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zimizni “bemor” qilib ko‘rsatishni bas qilaylik!

Bilsangiz agar, soxta murojaatlar orqali “yordam puli yig‘ish” ham firibgarlikning bir turi! Firibgarlik — jinoyat va u jazoga tortilishi muqarrar!

Moddiy yordam bermoqchi bo‘lgan aziz yurtdoshlar, avval kimga yordam berayotganimizni bilib, so‘ng saxovat yo‘lini tutsangiz, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi. Zero, haqiqiy yordamga muhtoj insonlar qolib, “zamonaviy biznesmen”larning boyishiga xizmat qilmaylik!

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “O‘g‘lim bemor, doriga pul kerak” yoxud “zamonaviy biznesmen”lar firibgarligi...