O‘zbekistonda odamlarni qamatish bilan shug‘ullangan militsiya kapitani 11 yilga qamaldi

  • 21-11-2017, 16:45
  • 2 878
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonda odamlarni qamatish bilan shug‘ullangan militsiya kapitani 11 yilga qamaldi
    Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumani IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimi — kapitan A.Yunusov o‘n bir yilga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar berdi «Postda» nashri.
    Xabarga ko‘ra, vazifasi jinoyatni qidirish, fosh etish bo‘lgan bu xodim jinoyatni o‘zi yaratib, begunoh odamlarni ayblab, qamatish bilan mashg‘ul bo‘lgan.

    Xususan, A.Yunusov ilgari jinoyat sodir etgan qizlar bilan tanishib, ularni yo‘ldan urib, Faxriddin ismli fuqaroning mashinasiga giyohvand modda tashlab qo‘yishni tayinlaydi. Qizlar mashinaga giyohvand moddani qo‘yib, YPX maskanidan o‘tayotganlarida kapitan A.Yunusov YPX xodimlari bilan hamkorlikda, bunga huquqi bo‘lmagan holda, mashinani tintuv qilib, qizlar imo-ishora bilan ko‘rsatgan joydan giyohvand moddani topib, Faxriddinning huquqlarini buzgan holda, xolislar ishtirokisiz dalolatnoma tuzadi va hujjatlarni tergovga oshiradi.

    Qalbaki hujjatlar asosida Faxriddinga qarshi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 276-moddasi («Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Tergovda va sudda qizlar Faxriddinga qarshi yolg‘on ko‘rsatma beradilar. Natijada Faxriddin aybdor deb topiladi.

    Faxriddinning onasi sud zalidan yig‘lab, tuhmat qilayotganlarni qarg‘ab chiqib ketayotganini ko‘rgan qizlarning biri oradan bir qancha vaqt o‘tgach, ayol ishlaydigan do‘konga borib, bor gapni oqizmay-tomizmay hikoya qilib beradi. Shu tariqa Faxriddinning onasi tuman prokuraturasiga arz bilan murojaat qiladi. Ish qaytadan ko‘rib chiqiladi. Tergov harakatlari chog‘ida A.Yunusov va qizlardan biriga aloqador bo‘lgan yuqoridagiga o‘xshash yana bir holat aniqlanadi.

    Shunday qilib, Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumani IIB JQ tezkor vakili 11 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Shuningdek, unga ikki yil davomida moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarni egallash taqiqlandi. Qizlarga ham qilmishlariga yarasha jazo tayinlandi.

    » » O‘zbekistonda odamlarni qamatish bilan shug‘ullangan militsiya kapitani 11 yilga qamaldi