Birovga tuhmat qilganlar o‘qimasin! Suqrotning 3 ta elagida “tutilgan” gap-so‘zlar...

  • 25-11-2017, 11:53
  • 2 015
  • Jamiyat
  • Birovga tuhmat qilganlar o‘qimasin! Suqrotning 3 ta elagida “tutilgan” gap-so‘zlar...
    Sarlavhada “Birovga tuhmat qilganlar o‘qimasin!” dedigu aynan ularga atalgan larini ham “qistirib o‘tmoqchi” bo‘ldik...

    Muddaoga o‘tishdan avval “huquqiy madaniyat” deb atalmish atamaga to‘xtalib o‘tsak, keyin shikoyatparastlik, xususan o‘zgaga tuhmat qilish va uning salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritamiz.

    Yodingizda bo‘lsa, avvalroq Adliya vazirligi Telegram’da huquqiy maslahatlar kanalini ochganligi to‘g‘risida xabar bergan edik. Tan olish kerak, kundalik hayotimizda duch keladigan ayrim muammolarni hal etishda, aniqrog‘i vaziyat o‘z haq-huquqlarimizni himoya qilish darajasiga olib kelgan holatlarda huquqiy madaniyatimizning pastligi anchayin pand beradi.

    O‘zimizcha “Bu noto‘g‘ri!”, “Qonunga to‘g‘ri kelmaydi!” deymizu lekin qaysi qonunning qaysi moddasiga to‘g‘ri kelmasligini, yanayam aniqrog‘i, qonun matni bilan tartibga solingan hatti-harakat, amaliyot va raqamlarni aytib, gapimizni isbotlashga ma’lum ma’noda ojiz bo‘lib qolamiz.

    Yuqorida tilga olingan huquqiy telekanalda tuhmat to‘g‘risidagi bir hayotiy-tarixiy maslahat e’tiborimni tordi...

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinganidan so‘ng oliy davlat organlaridan tortib har bitta vazirlik, qo‘mita va boshqarmalarning Xalq qabulxonalari ishga tushdi, aholi e’tiboriga ishonch telefonlari e’lon qilindi, veb-saytlar orqali shikoyat, ariza, talab va takliflar qabul qilinib, jamiyatda mavjud muammolar hal etildi va hal etilmoqda...

    Davlat organlarining mas’ul shaxslari, aniqrog‘i mutasaddi xodimlar bilan xalq vakillari o‘rtasidagi o‘ziga xos “ko‘prik” ancha-muncha muammolarga yechim topgani rost.

    Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek shikoyat va e’tirozlar ichida nohaq ayblovlar, “alam”, “o‘ch” kabi tuyg‘ular undagan harakatlar, eng yomoni, tuhmatlar ham, ming afsuski, uchrab turadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, kurmaklar orasida guruch donalari ko‘rinadigan bo‘lib qoldi...

    Tahririyatga turli shikoyatlar bilan qo‘ng‘iroq qilib turadigan fuqarolarimiz ko‘p. Aksariyatining shikoyatlar ostida (albatta, hamma ham o‘z manfaatini ko‘zlab shikoyat qilishi tabiiy) “shaxsiy manfaat” yotadi. Bunday kishilar ularning shikoyati “bir yoqlama” e’lon qilinishi xohlashadi. Biz masalaga xolislik bilan yondashib, “ikkinchi tomon”ning ham arz-dodini eshitib bilgach, atroflicha tahlil qilib (kasb taqozosi bilan) o‘rganib ko‘rishimiz zarurligini bildirganimizdan so‘ng aksariyatining “hovuri pasayadi”.

    Eng yomoni, tuhmat orqali o‘z “shaxsiy manfaat”larini qondirmoqchi bo‘lgan murojaat egalari ham talaygina. Ularga, yuqorida eslatilgan huquqiy maslahatlar kanalida keltirilgan Suqrot (er.avv. 470/469– 399, qadimgi yunon faylasufi) bilan bog‘liq voqeani ilindim...

    Tuhmatdan tiyilish uchun va umuman hayot faoliyatingizda foydali bo‘ladigan — Suqrotning "3 ta elak" qoidasiga amal qiling!

    Bir odam Suqrotning oldiga kelib:

    – Bilasizmi, do‘stingiz Siz haqingizda nimalar deb yuribdi?

    – To‘xtang, – deb uning gapini bo‘ldi Suqrot. – Avvalo, hozir menga aytmoqchi bo‘lgan gapingizni 3 ta elakdan o‘tkazing!

    – 3 ta elakdan? – hayron bo‘ldi gap yetkazmoqchi bo‘lgan odam.

    – Ha, har doim bir nima gapirishdan oldin, uni 3 ta elakdan o‘tkazish lozim. Birinchidan, “haqiqat elagi”dan. Hozir menga aytmoqchi bo‘lgan gapingiz haqiqatligiga ishonchingiz komilmi?!

    – Yo‘q, men buni eshitdim xalos...

    – Yaxshi. Demak, buni haqiqat yoki yolg‘onligini bilmaysiz. Unda ikkinchi — “yaxshilik elagi”dan o‘tkazamiz. Meni do‘stim haqida qandaydir yaxshi gap aytmoqchimisiz?

    – Yo‘q! Teskarisini aytmoqchiman!

    – Demak, – deb davom etibdi Suqrot, – Siz do‘stim haqida yomon gap aytmoqchisizu lekin bu haqiqatligini bilmaysiz. Unda uchinchi — “foyda elagi”dan o‘tkazib ko‘ramiz. Ayting-chi, eshitgan narsangizni menga aytishga ehtiyojingiz kattami?

    – Yo‘q, bunga ehtiyoj yo‘q!

    – Xulosa qilib aytganda, menga aytmoqchi bo‘lgan gapingizda na yaxshilik, na biror foyda, na bunga ehtiyoj bo‘lmasa, nima keragi bor bu haqda so‘z ochishni?

    Mana, eramizdan avvalgi yillarda yashab o‘tgan faylasufning topqirligi!

    Azizlar, tuhmat qilishdan tiyiling! O‘zingiz uchun “shunchaki gap-da” yoki "qarab tur, ustingdan arz qilib abgor qilmasammi" maqomida saqlab turgan gapingizni Suqrotning 3 ta elagidan o‘tkazib ko‘ring, balki bunga hojat yo‘qdir...

    Manba: Qalampir.uz

    » » Birovga tuhmat qilganlar o‘qimasin! Suqrotning 3 ta elagida “tutilgan” gap-so‘zlar...