O‘zbekistonda OAVni rivojlantirishga doir yangi qonun loyihasi muhokama etilmoqda

  • 07 dekabr 2017, 22:00
  • 3 681
  • Jamiyat
  • O‘zbekistonda OAVni rivojlantirishga doir yangi qonun loyihasi muhokama etilmoqda
    6 dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga, shuningdek jurnalistlarning kasb faoliyatini himoya qilishga daxldor qonun loyihalari birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar beradi.

    Mazkur qonun loyihasi rivojlangan demokratik mamlakatlar: AQSh, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tajribasini, shuningdek OAV sohasidagi xalqaro shartnomalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Parlament vakillari fikriga ko‘ra, qonunning qabul qilinishi ommaviy axborot vositalarining faoliyati erkinligini, axborotlardan erkin foydalana olishini, ularni davlat organlarining g‘ayrihuquqiy qarorlaridan, mansabdor shaxslarning harakatlari yoki harakatsizligidan himoya qilishni ta’minlovchi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. OAVni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish, shuningdek internet global tarmog‘idagi veb-saytlarni OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini takomillashtirish muhim jihat hisoblanadi.

    Bundan tashqari, jurnalistlar va ijodiy jamoalarni ularga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etish, moliyaviy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan davlat tomonidan qo‘llab quvvatlashning huquqiy mexanizmlari belgilanadi. Moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, fondlar faoliyatini tashkil etish, shuningdek tahririyatlar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

    Shundan so‘ng «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

    Shu narsa ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasini qabul qilishning dolzarbligi jurnalistlik faoliyati erkinligini, hozirgi zamon xalqaro tajribasini va qonun hujjatlarini hisobga olgan holda jurnalistlarning huquqiy maqomi, akkreditatsiya qilish instituti tushunchasi hamda akkreditatsiya qilingan jurnalistlarning huquqlari belgilanishini ta’minlovchi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish zarurati bilan bog‘liqdir.

    Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasi davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashda hamda jamoat manfaatlariga molik dolzarb masalalarni yoritishda jurnalistlarning nufuzini oshirish maqsadini ko‘zlaydi. Mass-media vakillariga jurnalistlik faoliyatini amalga oshirishda qo‘shimcha huquqlar beriladi.

    Qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayonida manfaatdor davlat organlari, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, shuningdek soha olimlari va mutaxassislari ishtirokida muhokama o‘tkazildi. Loyihalarni takomillashtirishga doir aniq takliflar bildirildi. Shuningdek hujjatlar regulation.gov.uz​ portalida omma uchun muhokamaga qo‘yildi.

    Muhokama yakunlariga ko‘ra deputatlar mazkur qonun loyihalarini konseptual jihatdan ma’qullab, birinchi o‘qishda qabul qildilar. Mas’ul qo‘mitaga kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda ushbu hujjatlarni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash topshirildi.

    Eslatib o‘tamiz, bundan avval deputatlarga OAV to‘g‘risidagi kodeks ishlab chiqish taklif etilgandi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » O‘zbekistonda OAVni rivojlantirishga doir yangi qonun loyihasi muhokama etilmoqda