09:03 / 26.12.2017
7 147

O‘zbekiston Qahramoni Avaz Ergashev vafot etdi

O‘zbekiston Qahramoni Avaz Ergashev vafot etdi
Mamlakat qishloq xo‘jaligi tizimida ko‘p yillar samarali mehnat qilib, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan va xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Qahramoni Avaz Ergashev shu yil 25 dekabr kuni vafot etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va hukumat a’zolari ta’ziya izhor etishdi. Bu haqda «O‘zA»ga tayanib «Kun.uz» xabar bermoqda.

A.Ergashev 1949 yilda Jomboy tumanida tug‘ildi. Faoliyati davomida Jomboy tumanidagi jamoa xo‘jaligida brigada boshlig‘i, bosh agronom va xo‘jalik raisi vazifalarida, shuningdek, «Jomboy don» aksiyadorlik jamiyati, tuman mashina-traktor parkida rahbarlik lavozimlarida mehnat qildi. 2009-2015 yillarda Jomboy tumanidagi «Avaz agro hosil» fermer xo‘jaligi boshlig‘i sifatida samarali faoliyat olib bordi.

A.Ergashev o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda fermerlik harakatini tashkil etish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini shakllantirish borasida fidokorona mehnat qildi. Uning rahbarligidagi fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha viloyatda eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelgan.

A.Ergashev so‘nggi yillarda nafaqada bo‘lishiga qaramasdan, jamoat ishlarida faol ishtirok etib, qishloq va mahallalarni obod qilish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, agrar tarmoqni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishish borasida o‘zining maslahat va yordamini ayamay, aholi o‘rtasida yuksak obro‘-e’tiborga ega edi.

Uning ko‘p yillik samarali mehnati davlat tomonidan munosib taqdirlanib, O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Qahramoni Avaz Ergashev vafot etdi