14:37 / 31.12.2017
8 015

“IIB xodimi tunda uyimizga oshib tushdi” yohud minbarda mardikor ayollar

“IIB xodimi tunda uyimizga oshib tushdi” yohud minbarda mardikor ayollar
Mardikor ayollarning parol so‘zlari "Oyna yuvish". "Chorsu" bozori yaqinidagi qora mehnat, tozalash ishlarini taklif qiluvchi ayollarga ishingiz tushsa, ushbu so‘zlarni aytish lozim. Aks holda boshqa "ish" turini taklif qiluvchi ayollarga yo‘liqishingiz mumkin.
Ularning ham o‘ziga xos parol so‘zlari bor - "soatiga necha pul berasiz?".

"Chorsu" bozorida yollanib ishlovchi tozalovchi ayollarning bir kunlik ish haqlari 50-60 mingdan boshlanadi, savdolashib 30 minggacha tushirish mumkin. Ammo, bayram kunlari arafasida ularni topolmaysiz. Chunki, sizdan avval ularni militsiya xodimlari yo‘qlagan bo‘ladi.
Toshkentdan chiqaverishdagi Keles ko‘prigi yaqinida esa kattaroq mardikor bozor bor. U yerda ayol ishchilar nisbatan ko‘proq. Militsiya xodimlari ularni ham tez-tez yo‘qlab turadi.

"Militsiya xodimi tunda uyimizga oshib tushdi. Biz turli viloyatdan kelgan ayollar - 12 kishi, shu Keles shahridagi xonadonda kuniga 10 mingdan to‘lab ijarada turamiz. Kunduz kuni Keles mosti yaqinidagi maydonda mardikor bozorga chiqamiz. Tirikchilik, nachora. Erkagi yo‘q uyga bostirib kirgan ikki nafar militsiya xodimlari bizdan pul talab qilishdi. Propiskamiz yo‘qligi sabab, agar hoziroq jarima to‘lamasak, hammamizni sudga olib ketishi kerakligini aytdi. Ayollar yig‘ilishib pul yig‘ib berdik, 380 ming. Bori shu, dedik. O‘zi senlarning kechki soat sakkizdan keyin birovni uyiga oshib tushishga haqqing bormi, deb ularni haydashga urindik. Lekin, u bizni kaltaklash bilan qo‘rqitdi. To‘g‘ri-da, tunda ayollar yashaydigan uyga oshib tushishga haqqi yo‘q-ku?"

Bu sovuqda qaltirab, mardikor bozorda ish istab turgan o‘rta yoshli ayolning menga aytganlari.
Keles ko‘prigi ostida har kuni 20-30 nafarga yaqin ayollar mardikorlik qilgani chiqadilar. Bir kunda o‘nga yaqin ayollar ish topib ozroq pul topishga erishadi. Qolganlar esa yana ertasidan umid qiladi.

Qanchalik qo‘pol bo‘lmasin, ularni shunday atashadi. Mardikor ayollar. Keles ko‘prigiga to‘plangan bu zaifalar orasida ish izlab, O‘zbekistonning turli viloyatidan kelgan turli yoshdagi xotin-qizlar bor. Qo‘lidan kelgancha har-qanday mehnatni qilishga tayyor bu ojizalarning hayoti osonmas.

Aksari Kelesdagi gaz va elektrdan mosuvo, sovuq uylarda ko‘pchilik bo‘lib bir xonadonni ijaraga olib yashaydilar.
Sirdaryodan kelgan ayol yo‘lkirasi uchun haftasiga 30 ming so‘m to‘lashi, ijara pullari va yana propiska masalasi bilan qo‘lga tushib qolsa, 350 minggacha jarima to‘lashi haqida hikoya qiladi.

"Sirdaryolikman. O‘qimaganman, menga o‘zimizning taraflarda ish yo‘q. Farrosh bo‘lib, kasalxonaga ishga kirmoqchi edim. "Joy yo‘q", deyishdi. Farroshlik uchun ham ozgina pul qistirib keyin ishga kiriladi. Xarajatini beraman, dedim. Odam bor kimdir bo‘shashini yoki dekretga ketishini kuting deyishdi. Qandoq qilay? Ish topilguncha, oshqozonimizni bog‘lab tura olmaymiz-ku. Uchta bolam bor, ularni boqishimiz kerak.

Buni ustiga bolalarimning issiq-sovug‘iga pul jo‘natib turganimda, melisalar rizqimizni qirqishiga nima deysiz?"
Ayollar to‘plangan joyga Matiz mashinasi yaqinlashdi. U to‘xtar-to‘xtamas, unga 10 nafarga yaqin ayol yopirildi.
"Har qanday ish qo‘limdan keladi, chopiq qilish, kartoshka kovlash, uy tozalash, bir mahal ovqat bilan ozroq pul bersangiz bo‘ldi."
Avvaliga 50 ming so‘mdan savdolashishni boshlagan ayol mijozning 15 ming so‘miga ko‘nib mashinaga o‘tirib ketdi.

Unga qo‘shilib o‘z mehnatini taklif qilayotganlar hafsalasi pir bo‘lgancha qolaverishdi.
Eski-tuski kiyimda yo‘l chetida ish istab, kun qorayguncha tik oyoqda turgan ayollarning dardi bir - pul topish, oila boqish. Ayollarning aytishicha, ularning holidan jarimachi militsionerlardan boshqa hech kim xabar olmaydi. Ularga yordam berilmaydi, mardikor ayollarga qarshi faqat kurashiladi. U ham bo‘lsa jarima yo‘li bilan.

Umuman olganda, ular nima uchun jarimaga tortiladi? Bunga militsiya xodimlarining haqqi bormi?
Tegishli idoralardan olgan ma’lumotlarimizga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida "Pasport tizimini qoidalarini buzish" nazarda tutiladi. Mazkur moddaga ko‘ra turgan joyida vaqtinchalik propiskada turmagan shaxslarni eng kam ish haqining 5 baravarigacha jarimaga tortish mumkin. Agar, bu holat bir yil ichida takrorlansa, jarima eng kam ish haqining 15 baravarigacha borishi ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, tunda uyga oshib tushishga militsiya xodimining haqqi bor. Agarda, o‘sha xudud uning vakolati va nazorati ostida bo‘lsa va uy ichidagilar shubhali bo‘lib eshik taqillatishlariga javob berilmasa, militsiya xodimi eshikni buzishga yo devordan oshib tushishga majbur bo‘lishi mumkin.

Militsiya xodimlarining bu harakatlarini qonun taraflama oqlash va tushuntirish mumkin. Shubhali tuyulgan uyda uyushgan jinoyatchilik yoki terrorchilik xavfi, isitish tizimlaridan noqonuniy foydalanish kabi qonunbuzarliklar kuzatilib turiladi.
Biroq, oddiygina ish izlab keluvchi ayollar nima qilsin? Ular havas uchun emas, non topish uchun bu kabi vaziyatga tushmoqdalar.
Qora ishga yollanuvchi ayollar mehnat bilan pul topish ilinjidalar. Ularning amali jinoyatmi?

"Tunov kuni hammamizni olib borib qamadi. Jarima to‘lashga bir tiyin ham pulim yo‘q, deb tilxat xat yozib berdim-da, nima qilsang qil, dedim. Bizga past nazar bilan qaraganlari yetmaganidek. Yana melisalar sudga oborib jarima talab qiladilar. Tushunmayman, nima uchun bizni sudga olib borishadi. Nima biz jinoyat qildikmi? Ana, fohishalarni ushlashsin. Oila boqaman deb, ayol boshimiz bilan qora mehnat qilib yuribmiz. Halol mehnat qilyapmiz. Qonun buzayotgan bo‘lsak, bizga sharoit yaratib berishsin, uylarimiz yonida ish o‘rinlarini topib berishsin. Tumanimda ish bo‘lsa, yo‘lkira, ijara pul qilib shu yerga kelib yashashga orzumand bo‘larmidik?"

"Men Farg‘onadan kelganman. Uyimga yaqin joyda ish bo‘lsa, bola-chaqamni tashlab bu yerga kelib menga nima zarur edi. Buning ustiga ikkinchi darajali saraton kasalim bor. Qorin to‘yg‘izishga zo‘rg‘a pul topyapman, dorilarga pul qayda deysiz? Farg‘onaga borib, qaytishim uchun yo‘lkiraning o‘ziga deyarli bir oy ishlashim kerak. Bir oyda 400 mingga yaqin pul jo‘nataman."

Mardikor bozorga to‘plangan o‘ttizga yaqin ayolning o‘ttiz xil achchiq hayotiy hikoyasi bor. Bu hikoyalar minbarlarda turib nozik jins vakillariga o‘qilgan madhiyalardan naqadar uzoq. Ayollarga atab she’r o‘qiladi, qo‘shiq kuylanadi, biroq, jamiyatimizdagi shunday mardikor ayollarning dardi chetda qolib ketadi.
Albatta, mardikorga aylanayotgan ayollarning muammosiga yechim izlashdan ko‘ra, minbarlarda ularga atab she’r o‘qish qulayroq-da.
Anora Sodiqova


Manba: Dia.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “IIB xodimi tunda uyimizga oshib tushdi” yohud minbarda mardikor ayollar