23:15 / 01.01.2018
5 911

Qirg‘izistonlik ekspert: Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mintaqadagi boshqa davlatlar uchun andoza bo‘la oladi

Qirg‘izistonlik ekspert: Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mintaqadagi boshqa davlatlar uchun andoza bo‘la oladi
Xalqaro ishlar bo‘yicha ekspert Edil Osmonbetovning fikricha, 2017 yil Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda tarixiy bosqich bo‘ldi. “Chunki biz ikki tomonlama aloqalar nuqtai nazaridan 26 yilda bajarilmagan ishlarni bir yil ichida fazoviy tezlikda amalga oshirdik, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga erishdik”, deydi u.

Qirg‘iziston Milliy axborot agentligi – «Kabar» tomonidan O‘zA uchun maxsus tayyorlangan maqolada qirg‘izistonlik siyosatshunos ikki mamlakat o‘rtasida so‘nggi bir yilda yuz bergan o‘zgarishlar haqida o‘z nuqtai nazarini bayon etgan.

Siyosatshunosning fikricha, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mintaqadagi boshqa davlatlar va MDH mamlakatlari uchun andoza bo‘la oladi.

“Agar biz O‘zbekiston bilan barcha iqtisodiy, chegaraga oid, tranzitni diversifikatsiya qilish masalalariga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda yechim topsak, qo‘shni mamlakat bilan aloqalarimiz teng huquqli bo‘ladi. Mintaqadagi boshqa davlatlar bunga e’tibor qaratib, uni asos qilib oladi va Markaziy Osiyoda 2018-2019 yillarda tamoman boshqa muhit kuzatiladi”, deb ta’kidlaydi E.Osmonbetov.

Siyosatchining fikricha, Sooronbay Jeenbekov Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentligiga saylanganidan so‘ng xorijga ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistonga uyushtirgani mamlakat rahbariyatining O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolatdir.

Shavkat Mirziyoyevning “Qirg‘iziston va O‘zbekiston munosabatlarida chegara bo‘lmasligi kerak”, degan so‘zlari so‘zning asl ma’nosida emas, munosabatlardagi barcha yo‘nalishlarda chegara bo‘lmasligini anglatadi. Ya’ni har ikki mamlakat ijtimoiy hayot va iqtisodiyotning barcha sohalarida bir-biri bilan hamkorlik qilishi zarur, deb ta’kidlaydi ekspert.

Bu ikki tomonlama aloqalar butunlay yangi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilganidan guvohlik beradi.

“Bunda mamlakatlar rahbarlari va hukumatlar, eng asosiysi – xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonch va samimiylik muhim o‘rin tutadi”, deb ta’kidlaydi siyosatshunos.

E.Osmonbetov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi 250 million AQSh dollariga yetgani ikki tomonlama aloqalar tarixida hali kuzatilmaganini, bu davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltiruvchi ko‘rsatkichlardan ekanini ta’kidladi.

“Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston O‘zbekistonning eng yaqin qo‘shnisi, degan so‘zlari biz mintaqada strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganimizni anglatadi”, deb qo‘shimcha qiladi ekspert.

Manba: O‘zA

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qirg‘izistonlik ekspert: Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar mintaqadagi boshqa davlatlar uchun andoza bo‘la oladi