10:27 / 03.01.2018
10 603

To‘yda fosh bo‘lgan kuyov...

To‘yda fosh bo‘lgan kuyov...
Saltanat opa uchinchi o‘g‘liga ko‘nglidagidek qiz topish uchun uch yildan buyon ovorayu sarson edi. Ikki o‘g‘liga topgan qizlari avvaliga unga yoqqandi. Endi esa ayolning har ikkala kelinidan ham ko‘ngli to‘lmas, kelinlarini o‘g‘illari uchun nomunosib ko‘raverardi.
— Katta o‘g‘illarimga qiz topishda biroz adashdim, ovsin, endi Behzodjonga ko‘ngildagidek kelin topishim shart! — dedi Saltanat opa ovsiniga kuyinib gapirarkan.
— Tanlab-tanlab tozisiga uchramasangiz bo‘ldi, — ovsinining injiqligidan to‘ygan ayol qoshlarini chimirdi. — Sizga shuncha qiz ko‘rsatdim, hammasidan bir ayb topaverasiz.
— O‘rgilay sizdan, baraka toping, ovsinjon, baxtimga borsiz, suyangan singlimsiz, qadrdonimsiz! — dedi doim erkalab gapiradigan Saltanat opa. U chiroyli muomalani qiyvoradiganlar xilidan edi. — Endi yana bir g‘ayrat qilasiz-da. Aytganday, uch-to‘rtta manzil topib qo‘ydim, degandingiz, bormaymizmi?
Ovsinlar bir bo‘lib, shaharning hali u, hali bu burchagidan kelin izlashar, ammo ularning birortasiga Saltanat opaning yuragi “jiz” etmasdi. Uch yildan beri ne-ne xonadonlarga tashrif buyurgan ayol sovchilikni o‘rniga qo‘yar, nimalarga e’tibor berish kerakligiyu, qanday muomala qilishni juda yaxshi bilardi.
— Qarang, juda chiroyli qiz ekan, — pichirladi ovsini Saltanat opaga.
— Chiroyli ekani rost, faqat bilmaydi, nazarimda.
— Qiziqsiz-a?! Uyaladi-da!
— Yo‘q, yo‘q, aylanay, Behzodjonimga to‘g‘ri kelmaydi.
Saltanat opaga qizlardan ayb topish ish emasdi. “Burni uzun, bo‘lmaydi. Semizroq ekan. Juda ozg‘in-ku. Bo‘yi buncha past. Bo‘yi balandrog‘idan toping, ovsin. Sochi xashakmi-yey. Ko‘zlari qora emas-ku. Qoramag‘iz ekan. Juda oppoq, kasalmand emasmikin?” E’tirozlardan charchagan tanish ayollar Saltanat opaga qiz daraklashdan qo‘rqib qolishgan edi.
— Ovsiningiz Saltanat buncha qiz tanlamasa, — asabiylashib gapirdi qo‘shni ayol. — Jiyanimning manzilini bergandim. Kelinim bechorani qo‘rqitib, allambalo savollar beribdi, tavba!
— Uzr, o‘zi yomon ayol emas-u, injiqroq-da.
Saltanat opaga qiz ko‘rsatib charchagan ovsini o‘zining yaqin tanishlari oldida ham yaxshigina mulzam bo‘lardi. Kunlarning birida Saltanat opaning o‘zi ovsiniga qo‘ng‘iroq qilib, yana sovchilikka borishni iltimos qildi. Avvaliga arazlabgina rad etgan ayol, baribir, shirin gaplarga erib, rozilik berdi. Fayzli xonadon bekasi sovchilarni yuzida tabassum bilan kutib oldi. U choy uzatayotganda Saltanat opa birdan qo‘l yuvib olishi kerakligini aytib qoldi. Saltanat opaning bunday ayyorliklariga o‘rganib ketgan ovsini boshini sarak-sarak qilib, uy bekasi bilan suhbatlashishda davom etdi. Saltanat opa esa qo‘l yuvish bahona hammomning ozodaligini yaxshilab ko‘zdan kechirar, eshik tutqichlari, kafel, hattoki tish yuvish cho‘tkalarini ham erinmay tekshirardi. “Barisi joyida, balki, oshxonasi toza emasdir. Bir amallab kirishim kerak”, dedi ayol o‘ziga o‘zi va hammomdan chiqishi bilan oshxona eshigini ochib bir qur nazar tashladi.
— Sochiq qidiryapsiz chog‘i?!
Saltanat opa ortidan kelgan muloyim ovozdan bir sakrab tushdi-da, ko‘ksiga tufladi va “ha” degandek bosh irg‘adi. Ichkariga kirgach, choy olib kirgan qizga boshdan-oyoq razm solarkan, uning yoniga borib qattiq quchoqladi. Semiz ayol bag‘rida ezilib ketgan qiz bir ingrab qo‘ydi-da, kulib turaverdi.
— O‘g‘lingizni chaqiraylik, qizni bir ko‘rsin, — dedi ovsini Saltanat opaga yana pichirlab.
— Keragi yo‘q, Behzodjonga yoqmaydi!
— Doim shunday deysiz! — asabiylasha boshladi ayol. — Bola bechora ham bir ko‘rsin axir!
— Ovsinjon, aytyapman-ku yoqmaydi deb. Tuqqan onasidan ziyod bilmasangiz kerak, harqalay. Ketdikmi?
— Hozir o‘g‘limizni chaqiramiz, yoshlar ham bir ko‘rishib olishsin, — dedi ayol uy bekasi kirishi bilan.
Saltanat opa bunday o‘zboshimchalikdan asabiylashsa-da, yuzida soxta tabassum aks etdi. U qizni quchoqlab olgan paytda “Juda ozg‘in ekan”, degan xulosaga kelgan, o‘g‘li uchun nomunosib deya, qizga o‘n ballik sistemada to‘rt baho qo‘ygandi.
— Qizingiz juda nimjon ekan, — dedi Saltanat opa boshqa xonaga kirishgach, uy bekasiga xushmuomalalik bilan. — Ishqilib, bemalol tug‘a olarmikin?
— N-nima? — dedi uy bekasi sarosima bilan goh u, goh bu ayolga qararkan.
Saltanat opaning savolidan ko‘zlari chirt yumilib, boshi egilgan ovsini gapni ilib ketdi:
— H-haligi, opam juda hazilkashlar-da, h-ha, shunga…
— Oilangizda qamalgan, o‘g‘ri, giyohvandlar yo‘qmi? — dedi Saltanat opa ovsinining stol ostidan oyog‘ini tepkilashlariga parvo qilmay. — O‘g‘illarimning karerasiga ta’sir qilmasin, deyman-da.
— Y-yo‘q…
— Mening o‘g‘lim dunyodagi to‘rttaning bittasi. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yo‘lga yurmaydi. Ba’zi yigitlarga o‘xshab didsiz ham emas. Kiyimlari ozoda, undan dunyodagi eng shirin iforlar taralib turadi. Oliy ma’lumotli, aqlli, farosatli, dunyoqarashi keng. Nimasini aytay, shunday o‘g‘limga uncha-munchasini teng ko‘rolmayman-da!
— Oppoq qanddek, qog‘ozga o‘ralgan o‘g‘lingiz bor ekan! — dedi uy bekasi qat’iylik bilan Saltanat opaning gapini shart kesib. — Qani, omin, yaxshi boringlar!
Saltanat opa yo‘l bo‘yi uy bekasining “yuzsiz”ligiyu, qizning “kamchilik”laridan nolib ketdi. Bunday gaplardan bezgan ovsini mashina oynasidan ko‘cha chiroqlariga qarab jim ketar, xayolan “Bu ayol o‘g‘lini yo qizg‘anadi, yoki osmondagi tanho oy deb biladi”, deb o‘ylardi.
Saltanat opa o‘g‘lining taqdirini o‘ylab kuyinar, har kuni “Ey, Xudo, nima uchun Behzodjonimning to‘yini buncha cho‘zasan?!” deb Yaratganga nola qilardi. U o‘g‘li uchun birorta qizni teng ko‘rmas, uch-to‘rtta arziydiganlarining esa oilasi qoniqtirmasdi.
Kelinoyisi kuyinib: “O‘zing ham shuncha paytdan beri birorta qizni ko‘z ostingga olmabsan-da, Behzodjon, onang ham qiynalib ketdi!” deganda o‘sha “yagona” o‘g‘il “Onajonim qizlarni mendan ko‘ra yaxshi biladi. Onajonimga yoqqanigagina uylanaman!” derdi.
O‘g‘lining bu gapidan jonlanib ketgan Saltanat opa yana qiz qidirar, yana sovchilikka borar, tanlovni boshlardi. Kelinlari ko‘nglini to‘ldirolmayotgani uchun uchinchi o‘g‘liga hammaning havasi keladigan, nuqsonsiz qiz topishni istagan ayol har kuni shu ish bilan ovora edi.
— To‘rtinchi yilga qarab ketyapsiz, — dedi ovsini Saltanat opaga zimdan qarab. — Bu ketishda Behzodjon o‘ttizga kiradi. Agar vaqtida uylantirganingizda, hademay, Behzodjoningizning o‘g‘liga nevara kelin izlab yurardingiz.
— Mening Behzodjonim o‘ttizga kirsa ham, yosh ko‘rinadi, — dedi Saltanat opa biroz asabiylashib. — Undan keyin erkak kishi uchun o‘ttiz yosh katta degani emas.
— O‘zingiz bilasiz, — dedi hadeb aql o‘rgatishdan charchagan ovsin. — Bolalarni vaqtida oilali qilish ota-onaning burchi deb aytdim-da. Tag‘in kimnidir topib olmasin.
— Mening Behzodjonim bunday beodoblik qilmasligini bila turib, shunday deysizmi?! — deya Saltanat opa o‘rnidan shartta turdi. — Behzodjondek o‘g‘il bu dunyoda yo‘q. Uning tarbiyasi, husni, aqli…
Saltanat opa uzoq gapirdi. U o‘g‘lining yagona va betakrorligiga chin dildan ishonardi.
* * *
To‘y katta dabdaba bilan boshlandi. Chiroyli to‘yxona, taniqli san’atkorlar, bekamu-ko‘st dasturxon… Saltanat opa marosim hashamatli tarzda boshlangani uchun o‘zida yo‘q xursand. Jamiki yig‘ilgan mexmonlar “Nihoyat, arzigulik kelin topilibdi-da”, degan o‘yda kelinga havas bilan qarashardi.
— Musiqani to‘xtating! — bir bolasini qo‘lidan, ikkinchisini esa etagidan tutgancha to‘yxonaga kirib kelgan juvon sahnadagi boshlovchidan mikrofonni tortib oldi. — Bu yigit uylanmaydi, men yo‘l qo‘ymayman.
Barcha mehmonlar, tanish-bilishlar, Saltanat opa va o‘g‘li ham hayratdan dong qotdi. To‘yni buzishga shaylangan ayolni to‘xtatish uchun Saltanat opa shaxdam qadamlar tashlab uning yoniga bordi-da, qo‘llarini beliga qo‘ydi.
— Sen kimsanki, mening Behzodjonimning to‘yini buzasan? A, uyatsiz?!
— O‘sha Behzodjonning rafiqasi bo‘laman, oyijonginam, ana, so‘rang to‘rttaning bittasi bo‘lmish o‘g‘lingizdan.
Bor ovozda aytilgan bu gapdan hammaning og‘zi ochilib, ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketdi. Saltanat opa o‘g‘liga qarar, o‘g‘li Behzodjon esa boshini egib olgandi…
Munisbek

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘yda fosh bo‘lgan kuyov...