15:30 / 18.01.2018
6 267

Lola Karimova otasining yubileyi munosabati bilan tanlov e’lon qildi

Lola Karimova otasining yubileyi munosabati bilan tanlov e’lon qildi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning kenja qizi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi raisi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vasiylik kengashi raisi, O‘zbekistonning YuNESKOdagi doimiy vakili Lola Karimova-Tillyayeva otasi tavalludining 80 yilligi munosabati bilan insholari tanlovi o‘tkazilayotgani haqida ma’lum qildi.

Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida insholar tanlovi o‘tkazmoqda.

Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodning respublikamiz yangi tarixi xususidagi hamda mamlakatimiz davlat mustaqilligini qaror toptirish, xalqaro barqarorlikni ta’minlash va Vatanimizning tarixiy-madaniy merosini qayta tiklashda Islom Karimovning tarixiy xizmatlari borasidagi bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda, deyiladi xabarda.

Insholar tanlovi quyidagi mavzularda o‘tkaziladi:

1. “Mustaqil O‘zbekiston davlati shakllanishida Prezident Islom Karimovning roli”.

2. “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro hamjamiyatda: Birinchi Prezidentning mintaqaviy va global xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi”.

3. “Islom Karimovning O‘zbekiston xalqi ma’naviy qadriyatlari, milliy g‘ururi hamda qadr-qimmati, tarixi va madaniyatini qayta tiklashdagi o‘rni”.

Mualliflardan tanlangan mavzu mohiyatini to‘liq ochib berish hamda fikr-mulohazalarni izchil va xatosiz bayon qilish talab etiladi.

Tanlovga yuborilgan insholar o‘z sohasida katta tajribaga ega atoqli tarixchi, siyosatshunos va filolog olimlardan tashkil topgan maxsus komissiya tomonidan o‘rganiladi, tahlil etiladi va baholanadi.

Tanlov g‘oliblariga quyidagi sovrinlar topshiriladi:

1-o‘rin. 7 000 000 so‘mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan Apple MacBook Air 13 8/256 GB noutbuki.

2-o‘rin. 6 000 000 so‘mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan Apple iRad Pro 10.5 4G 256GB plansheti.

3-o‘rin. 5 000 000 so‘mlik grant, shuningdek, Fond logotipi tushirilgan iPhone 8 64 GB smartfoni.

4-10-o‘rinlar. Rag‘batlantiruvchi sovg‘alar – Fond logotipi tushirilgan Kindle bukriderlari.

Insholar o‘zbek yoki rus tilida yozilishi mumkin. Matn hajmi 2000 so‘zdan (5 sahifaga qadar) oshmasligi lozim. Insholar [email protected] elektron manziliga yuborilishi kerak.

Har bir qatnashchidan faqat bitta insho qabul qilinadi.
Tanlov ishtirokchilari insho bilan birga, shaxsini va O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtida tahsil olayotganini tasdiqlovchi hujjatlar (pasport va talaba guvohnomasi) nusxasini yuborishlari zarur.

Tanlov haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali 2018 yil 18 yanvardan insho topshirishning so‘nggi sanasiga qadar xabar berib boriladi.

Tanlov 2018 yil 22 yanvardan 22 fevralga qadar davom etadi. G‘oliblarni e’lon qilish sanasi – 2018 yil 12 mart.
Tanlov shartlari bilan Islom Karimov nomidagi Fondning rasmiy saytida batafsil tanishishingiz mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lola Karimova otasining yubileyi munosabati bilan tanlov e’lon qildi