06:04 / 20.01.2018
7 334

Yog‘-moy mahsulotlari narxi asossiz oshishiga qarshi qaratilgan prezident qarori imzolandi

Yog‘-moy mahsulotlari narxi asossiz oshishiga qarshi qaratilgan prezident qarori imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yog‘-moy tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qarorda Sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va keng turdagi yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarilishini kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mazkur tarmoqdagi mavjud tizimli muammolarga barham berish bozorni sifatli, xavfsiz, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish va butun mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning eng muhim sharti hisoblanishi qayd etilgan.

Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, xom ashyo bazasining cheklangani, jumladan muqobil yog‘ olinadigan ekinlardan yetarlicha foydalanmaslik yog‘-moy korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga solishni ta’minlash va bozorning sifatli yog‘-moy mahsulotlariga bo‘lgan talabini qanoatlantirish imkonini bermaydi.

Yog‘-moy korxonalarida zamonaviy texnologiyalarning past darajada joriy etilganligi ishlab chiqarish faoliyatini lozim darajada nazorat qilish va hisobini yuritishga to‘sqinlik qilmoqda, xom ashyo va tayyor mahsulotlarni talon-toroj qilish holatlariga, shuningdek, boshqa suiiste’molchiliklarga olib kelmoqda.

Xom ashyo resurslari va tayyor yog‘-moy mahsulotlarini taqsimlashning samarasiz va zamonaviy bozor prinsiplariga javob bermaydigan mexanizmi ko‘p sonli chayqovchilik bo‘g‘inlari va bozorda sun’iy taqchillik yuzaga kelishiga hamda oqibatda yog‘-moy mahsulotlari narxining asossiz o‘sishiga olib kelmoqda.

Yog‘-moy tarmog‘ini zamonaviy bozor mexanizmlarini keng joriy etish asosida jadal rivojlantirishni ta’minlash va yog‘-moy sanoatini boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi vazifalariga muvofiq choralar belgilangan.

Qaror orqali ma’lum qilinishicha, «O‘zpaxtasanoateksport» XKga tegishli bo‘lgan bo‘lgan «O‘zpaxtayog‘» AJ ustav kapitalidagi ulush O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 28 noyabrdagi «Paxtachilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3408-son qaroriga muvofiq davlat mulkiga nominal qiymat bo‘yicha o‘tkazilgan.

Yog‘-moy mahsulotlarini ishlab chiqarishning resurs bazasini kengaytirish, yog‘-moy korxonalaridagi asbob-uskunalarni modernizatsiya qilish, ularni ishlab chiqarish jarayonini nazorat qilish va hisobini yuritishning zamonaviy tizimlari bilan jihozlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi yog‘-moy tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ilovaga muvofiq tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligining shrot va sheluxani sotish bo‘yicha «Ozuqa yem ta’minoti» MChJ korxonalari tugatiladi.

Keyinchalik sanoatda qayta ishlash uchun mo‘ljallangan ekstraktli paxta yog‘i birja savdolari orqali faqat «O‘zpaxtayog‘» AJ korxonalariga sotilishi haqidagi tartibni belgilash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik beriladi.

2019 yil 1 yanvarga qadar muddatga o‘simlik yog‘ini ishlab chiqaruvchilar import yog‘-moy xom ashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi va «O‘zdonmahsulot» AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda omuxta yem ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Unda omuxta yem ishlab chiqarish yuzasidan amaldagi quvvatlarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, omuxta yem ishlab chiqarish uchun bozordagi ehtiyoj va mamlakatda mavjud bo‘lgan resurs bazasini o‘rganish, chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik sektorlari bo‘yicha omuxta yem tayyorlashning ilmiy asoslantirilgan retsepturalarini ishlab chiqish, makkajo‘xori va boshqa boshoqli don ekinlaridan, shuningdek, yog‘-moy, un mahsulotlari, spirt va pivo ishlab chiqarishdagi chiqindilardan omuxta yemning zamonaviy sanoat ishlab chiqarishini tashkil etishni nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda chigitni qayta ishlovchi yog‘-moy korxonalarini chigitni yuklash, qabul qilish, saqlash va qayta ishlash jarayonini real vaqt rejimida kuzatish, jumladan xom ashyo, yarim tayyor va tayyor mahsulotlarni o‘lchash va hisobini yuritish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimlar bilan, shuningdek, chigit, paxta yog‘i, shrot va sheluxani tashiydigan yuk avtomashinalarining harakatlanishini real vaqt rejimida monitoring qilib borish uchun ularni zamonaviy GPS trekerlar bilan jihozlash bo‘yicha choralar ko‘radi.

«O‘zpaxtayog‘» AJ Toshkent shahar, Shota Rustaveli ko‘chasi, 8-uy manzili bo‘yicha joylashtiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yog‘-moy mahsulotlari narxi asossiz oshishiga qarshi qaratilgan prezident qarori imzolandi