10:43 / 21.01.2018
4 902

Men yozmayman, chunki...

Men yozmayman, chunki...
Telegram va Feysbukdan ayrim do‘stlarimdan xat olyapman: «Shuncha odam fikr bildirdi, siz ham biron narsa yozing» qabilidagi gaplar. Lekin, men yozolmayman. Yo‘q, yoza olaman, ammo yozishga qo‘lim bormayapti. Nega? Chunki yuragim dard-alamdan dod solyapti, tilim uchidagi gaplar tashqariga chiqolmay halak. Men hozir biron narsa yozsam, o‘ta qo‘pollashib ketishim ham hech gapmas. Chunki bunday vaziyatda vulqon kabi otilib chiqayotgan his-tuyg‘ularimni nazorat qilishim oson kechmaydi. Yozgandayam, baqirib, qichqirib yozishim kerak! Etika-estetika qoidalariga rioya qilmay yozishim kerak! Buralab so‘kib yozishim kerak! Ammo bu narsalar, afsuski, na Feysbuk jamoatchiligi oldida, na saytga to‘g‘ri keladi.

Men yozsam, qappaygan sullohlarni, maddohu-manqurtlarni buralab so‘kib yozishim kerak bo‘ladi!

Men yozsam, chet elda ishlab turib yurtimiz g‘aznasiga har yili milliard-milliard dollar pul yuborayotganiga qaramay, «o‘sha yoqqa» otlanish uchun biletlar narxini «otning kallasidek» qilib qo‘ygan monopol aviareys tashkilotimizni buralab so‘kib yozishim kerak bo‘ladi!

Men yozsam, 25 yil davomida qarsak chalib yotgan, ayrim ishlarni bittirib olish maqsadida o‘z mansabidan foydalanib, xalq ishonchini suiste’mol qilgan, yer bilan yakson qilgan, so‘ngra yangi Prezident saylangach, bir dumalab, va nihoyat «yangicha davr» kelganini va endilikda «ko‘zlar ochilgani»ni iddao qilgan deputatlarni buralab so‘kishim kerak bo‘ladi!

Men yozsam, nechchi yillardan beri takrorlanib kelayotgan holat - yurtdoshlarimizning chet el davlatlariga yo‘l olishlarini ko‘ra bilaturib ham, buning oldini olish uchun hech qanday amaliy harakatlarni amalga oshirmay kelayotgan amaldorlarni buralab so‘kib yozishim kerak bo‘ladi!

Men yozsam, shoiru-musiqachilar va to‘ylarga tashrif buyurishidan avval uning boshdan oyog‘igacha «ko‘kartirilishi» kerakligini talab qiladigan yallachi-yu mashshoqlarni buralab so‘kishim kerak bo‘ladi!

Men yozsam, tug‘ruqxonalarida poraxo‘rlik, shifoxonalarida poraxo‘rlik, maktabu institutlarida poraxo‘rlik avjiga chiqqan, haromga botgan jamoatchilikni buralab so‘kishim kerak bo‘ladi!

Men yozsam, bir tiyinga qimmat mashinalarini chet el davlatlariga sariqchaqa evaziga sotib, o‘z xalqi uchun esa bundan ikki-uch barobar qimmat narx qo‘yadigan o‘sha yer yutgur «GM» zavodini buralab so‘kib yozishim kerak bo‘ladi!

Men yozsam, insonning qadri yo‘q, dardkashi yo‘q, darmoni yo‘q bo‘lgan ushbu mamlakatni so‘kib yozishim kerak bo‘ladi!

«Halol luqma» tushunchasi yot bo‘lgan, o‘z farzandlariga faqat pul va mansab orttirish yo‘lida harakat qilishi kerakligini uqtiradigan, halol va haromni ajratishni o‘rgatishni-ku xayoliga ham keltirmaydigan otalarni, onalarni buralab so‘kib yozishim kerak bo‘ladi!

Mening tilimdan ana shu vaqtda yaxshi gap chiqarmidi? Qog‘ozga o‘rab, jurnalistik etika-estetika qonun-qoidalariga rioya qilib yoza olarmidim? Yo‘q! Shu sababli, qo‘ying, men yozmay. O‘zimga kelib olishim kerak, bunga qancha vaqt talab etilishini esa, ochig‘i, bilmayman.

Halokat qurboni yaqinlariga chiroyli sabr tilayman. Vafot etganlar joyi jannatdan bo‘lsin. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un...

Temurmalik TOJIDDINZODA

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Men yozmayman, chunki...