23:20 / 23.01.2018
5 308

Tarbiya uchun o‘n ikki daqiqa...

Tarbiya uchun o‘n ikki daqiqa...
Farzand – insonning umr daraxti mevasi. Bu mevaning shirinligi esa ularning mehr suviga qay darajada qonganligiga bog‘liq. Afsuski, bu haqiqatni aksariyat ota-onalar yoddan chiqarishganday… Tobora tezkorlashib borayotgan dunyoda turli yumushlar bilan ovora bo‘lib, hammadan ham farzandlariga kerak ekanliklarini unutishganday…

Meni anchadan buyon o‘ylantirayotgan shu kabi mulohazalar bir suhbatdan so‘ng yanada qat’iylashdi – dugonam oilasi haqida gapira turib, to‘rt yashar qizalog‘ining ularga bildirgan noroziligidan hayratlandi: “Qizim kun bo‘yi “men bilan o‘ynang”, “birga multfilm ko‘raylik”, deb xarxasha qildi. Tabiiyki, men uy ishlaridan ortib u bilan o‘ynay olmadim. Kech tushgach, dadasi keldi. Dadasiga ham xarxashalarini boshladi. Shunda turmush o‘rtog‘im charchaganligini aytib, dam olgani kirib ketdi. Yuzlari jahldan qizargan qizim esa ovozining boricha: “Meni yaxshi ko‘rmasalaring, nega bola qilib yuribsizlar. Berib yuboringlar boshqalarga, ular yaxshi ko‘rib, bola qilsin!” – dedi-da, xonasiga kirib ketdi…”

Farzandlar ota-onalaridan norozi bo‘lishmoqda, balki bunga haqlidirlar ham. Chunki faqat dugonamgina emas, boshqa ko‘pchilik ham farzandlariga vaqt ajrata olmayapti. Uzundan-uzoq seriallarni ko‘rishga, telefonda soatlab gaplashishga, bazmu jamshidlarda ko‘ngil ochishga vaqt topgan ota-onalar farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish, suhbatlashish, o‘yinlariga hamroh bo‘lishga erinadilar.

Ruhshunoslarning ta’kidlashicha, yurtimizda ota-onalar farzandlari uchun bir kundan 12 daqiqanigina (!) ajratar ekanlar. Bu muddat ham ovqat paytidagi “taomni unday yegin”, “issiq kiyin”, “maktabda to‘polon qilma” kabi gap-so‘zlarga sarflanadi…

Farzand tarbiyasi uchun 12 daqiqa kifoya qiladimi? Bolalar uchun shugina muddatni ajratish noinsoflik emasmi? Bu holda ularga odamiylik shartlarini, odob-axloq namunalarini kim o‘rgatadi?! Kim ularga mehrning ta’mini, samimiylikning suratini, oilaviy baxtning taftini ko‘rsatadi?!

Zamondoshim, bir hisob-kitob qilib ko‘ring-a, siz farzandingizga bir kunda qancha vaqt ajratasiz? O‘z javobingizdan ko‘nglingiz to‘larmikan?!
Nigora Mirzayeva

«Irfon» taqvimidan olindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tarbiya uchun o‘n ikki daqiqa...