23:00 / 24.01.2018
6 189

Viloyat hokimi: «Nafsni tiyish oiladan boshlansa, u jamiyatda korrupsiya bo‘lmaydi»

Viloyat hokimi: «Nafsni tiyish oiladan boshlansa, u jamiyatda korrupsiya bo‘lmaydi»
KUN.UZ tahririyati Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyat hokimi G‘ofur Mirzayev bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Hokim korrupsiya bilan kurash, bu boradagi muammolar haqida ham gapirdi.

“Korrupsiya har qanday mamlakatda bor. Buni tugatish uchun, birinchi navbatda, halollik, poklik kerak. Rahbarni chiritadigan, unga ishonchsizlik paydo qiladigan narsa – poraxo‘rlik. Korrupsiyani yuz foizga yo‘qotishga harakat qilaveramiz, lekin buni haqiqatan ham yo‘qotish uchun shaffoflik bo‘lishi kerak. Har bir rahbar hech narsani yashirmasligi lozim. Birinchi navbatda, o‘zimizdan boshlashimiz zarur. Men hayotimda isbotlaganman – oylikka yashasa bo‘ladi! Hamma joyda ham qiyinchilik bor, lekin yengib o‘tishni bilish kerak. To‘g‘ri, o‘g‘lingiz o‘rtog‘iga o‘xshab yaxshi kostyum, yaxshi oyoq kiyimi kiyishni istaydi, ammo uni tiyib turadigan narsa – oiladagi vaziyat, tarbiya.

Men yashirmayman – uydan telefon bo‘ladi: “Dadasi, bugun payshanba, osh damlash kerak edi, go‘sht yo‘q”, deydi. Nima deyish kerak shunda?! Tuxum bormi? Bo‘lsa, ikkitasini bosib turavering, ertaga go‘sht bo‘ladi. Oilani ham shunga ko‘niktirish, tiyib turish kerak. Nafsni tiyish degan narsani oilada ham o‘rgatish kerak. Masalan, mening o‘zim shu yerdagi oddiy oshxonada ovqatlanaman, lekin har oyda pulini to‘layman. Dalaga chiqqanda esa, har doim ham ovqat termosim, ham qo‘l termosim yonimda. Men bir yildan ortiq ishlayapman, shu paytgacha biror tumanda ovqat yemaganman.

Korrupsiyani yo‘qotish uchun rahbarning o‘zi namuna bo‘lishi kerak. O‘zingiz tozamisiz, atrofingiz, o‘rinbosarlar ham shunga qarab ketadi. Albatta, Sirdaryoda bir yilda shunchaga kamaydi bu holat demoqchi emasman. Lekin tizimni qattiq ushlasangiz, hammasi yaxshilanadi”, - dedi hokim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Viloyat hokimi: «Nafsni tiyish oiladan boshlansa, u jamiyatda korrupsiya bo‘lmaydi»