07:06 / 25.01.2018
11 827

Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonunda nimalar ko‘zda tutiladi?

Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonunda nimalar ko‘zda tutiladi?
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab quvvatlash yili» davlat dasturi qabul qilindi.

Dasturga muvofiq, shu yilning 1 iyuliga qadar Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik konsepsiyasining yangi tahriri tasdiqlanib, unda O‘zbekiston Respublikasiga nisbatan asosiy xavf va tahdidlar, mamlakatning hayotiy muhim manfaatlari va xavfsizlik sohasida davlat strategik rejalashtirish tizimi faoliyatining mexanizm va tamoyillari belgilanadi.

Xususan, davlatni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish sohasida Milliy xavfsizlik xizmatining huquqiy maqomi, vazifalari, funksiyalari va vakolatlari, milliy xavfsizlik organlari faoliyatining asosiy prinsiplari va samaradorligi mezonlari, milliy xavfsizlik xizmati organlari xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish choralari va bu sohada parlament nazorati mexanizmlari belgilanadi.

Aytish kerakki, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga qilgan murojaati chog‘ida Milliy xavfsizlik xizmati idoralari faoliyatini ham isloh qilish vaqti kelganini ta’kidlagan edi.

— Milliy xavfsizlik xizmati idoralari bugungi kungacha 26 yil avval hukumat tasdiqlagan nizom asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Bu nizomga chorak asr davomida tegilmaganligi va har qanday oddiy masala ham milliy xavfsizlikka tahdid deb baholab kelinganligi ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘lgan.

Prezident o‘z nutqida dunyoning ba’zi mintaqalarida yuzaga kelgan notinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga, bu esa, o‘z navbatida, terrorizm va ekstremizm tarqalishiga hamda bu illatlar global muammolardan biriga aylanishiga olib kelayotganini alohida urg‘u bergan edi.

— Bunday vaziyatda milliy davlatchiligimiz, mustaqilligimiz, aholimizning tinch va osoyishta hayoti va xavfsizligimizni saqlash biz uchun eng ustuvor vazifaga aylanib bormoqda. Aynan shu nuqtai nazardan va globallashuv davrining barcha tahdidlarini inobatga olgan holda Milliy xavfsizlik xizmati idoralari faoliyatini ham isloh qilish vaqti keldi, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Milliy xavfsizlik xizmati faoliyati Hukumatning 1991 yil 2 noyabrdagi 278-son qarori bilan tasdiqlangan nizom bilan tartibga solinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi qonunda nimalar ko‘zda tutiladi?