08:04 / 27.01.2018
22 542

Chayon zahrini qaytargan duo...

Chayon zahrini qaytargan duo...
Bundan bir necha o‘n yillar avval, avji yoz saratonida hamqishlog‘im Boqijon Eshboyev bilan pomidorni yashiklarga joylashtirayotgandik. Birdan sherigim “uh-uh”lab yubordi. Qarasak chap qo‘lining ko‘rsatkich barmog‘ini chayon chaqib olibdi. Darhol tirsagidan siqib bog‘ladik.

-Tezroq shifoxonaga boraylik, – dedim vahimaga tushib, – chayon zahri yomon bo‘ladi, o‘limga olib borishi mumkin deyishadi…

-Bunaqa voqealar bu joyda tez-tez bo‘lib turadi, – dedi bizdan sal narida dehqonchilik qilib yurgan To‘lashboy aka Abdullayev yonimizga yetib kelgach. -Eng yaxshisi Lo‘g‘umbek qishlog‘i tepasida No‘shkan mahallasiga boringlar. O‘sha yerda Alivoy degan odam yashaydi. Zumda davolab qo‘yadi.

Mashinada shosha-pisha aytilgan manzilga yo‘l oldik.

-Bay, bay, rosa kuchga to‘lgani chaqibdi-ya!- dedi u Boqijonning barmog‘iga nazar solib. – Yoz oylari chayonlarning rosa quvvatga kirgan payti bo‘ladi. Men tahorat qilib olay, sizlar manavi chorpoyada o‘tirib turinglar.

Aslida Aliboy aka darvozadan kirganimizdayoq ahvolni tushungan ekan. Boqijonning ko‘zidan yosh oqar, chayon chaqqan barmog‘idan to tirsagigacha qorayib qolgan edi. Alivoy aka tahorat olib kelgach, duo o‘qishga tushdi. U nafasini ichiga chuqur yutib, duo o‘qir va so‘nggi nafasi yetguncha «kuf-kuf»lardi. Ajabki, u har “kuf”laganda qo‘lni qoraytirgan chayon zahri pastga siljib, yo‘qolib borardi. Shu tariqa duo o‘qib bo‘lguncha chayon qoraytirgan dog‘dan asar qolmadi. Faqatgina ko‘rsatkich barmoqning bo‘g‘iniga kelib ko‘kimtir chiziqcha paydo bo‘ldi.

-Ertalabgacha bu yog‘i ham yo‘qolib ketadi, xavotir olmanglar, vaqtida kelib yaxshi qilibsizlar,-dedi Aliboy aka bizni hayratga solgan duoxonligini yakunlagach.-Men chayon chaqqan odamlarni va toshma toshganlarni qasida duosini o‘qib qaytaraman. Sizlarga maslahatim: chayon chaqsa o‘sha zahoti o‘ldirmay, dumini uzib tashlab, o‘zini chaqqan joyga qo‘yish kerak. Chayonning o‘zi o‘z zahrini tanadan tortib oladi. Yana bir yo‘li: atrofda sigirmi, qandaydir qoramol bo‘lsa, chayon chaqqan joyni o‘sha hayvonning tumshug‘iga tutish darkor. Mabodo tana terisi yupqa bo‘lsa, darhol chayon chaqqan joyni kesib tashlab, qonni pastga oqizish zarur…

Har yili yoz oy mahali, pomidorlar g‘arq pishgan kezda, qo‘shnim Boqijon bilan o‘sha voqeani eslaymiz. Chayonning zahrini qaytargan duoning kuchiga hanuzgacha hayron bo‘lamiz.

Aslida dunyoning o‘zi, borliqning o‘zi tilsimot. Buni mo‘’jizakor holatni boshidan kechirgan odamgina yaxshi anglab yetadi.
Yo‘ldoshmirza ISOQJONOV

Manba: auz.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chayon zahrini qaytargan duo...