06:30 / 30.01.2018
4 820

«Yangi urflar» to‘ylarimizga qanday kirib kelmoqda?

«Yangi urflar» to‘ylarimizga qanday kirib kelmoqda?
Juda bolajon xalqmiz. Oilada yangi mehmon — chaqaloq tug‘ilsa, bizdan baxtli odam yo‘q. Farzandimiz ulg‘aygan sari yaxshi niyat bilan to‘y tadorigiga tushamiz. Bu asrlar davomida shakllangan go‘zal qadriyatlarimizdan biri. Biroq keyingi paytlarda to‘y bilan bog‘liq an’analarimiz qatoriga ayrim bema’ni urf va rasm-rusumlar qo‘shildiki, ularning milliy qadriyatlarimizga hech qanday aloqasi yo‘q.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyoli vakillari bilan uchrashuvda «…ayrim pul topib aql topmagan, ma’naviy saviyasi past kimsalar to‘y-hashamlar, ma’rakalarni o‘tkazish bo‘yicha musobaqa o‘ynab, turli-tuman yangi odatlarni o‘ylab topyapti. Bularni eshitib, ba’zan odam hayratdan yoqasini ushlab qoladi», dedi va bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalarni belgilab berdi.

Haqiqatan, to‘ylar bilan bog‘liq «yangicha urf»lar ko‘plab yurtdoshlarimizni iqtisodiy jihatdan qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda. Qolaversa, ma’naviyatimizga, milliy qadriyatlarimizga ham putur yetkazmoqda. To‘ylar bilan bog‘liq illatlarning oldini olish borasida Marhamat tumani hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi, imom-xatiblar, mahalla oqsoqollari, umuman, shu ishga mas’ul barcha mutasaddilar hamkorligida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Keling, shu o‘rinda nikoh to‘ylari haqida biroz mulohaza yuritaylik. To‘y aslida yillar davomida yaxshi niyat, ezgu orzu-havas bilan orziqib kutiladigan, qavm-qarindoshlar, yor-do‘stlar jam bo‘lib, yangi oilani qutlaydigan tadbir. Elga dasturxon yozib, nikohni ma’lum qilish go‘zal udumlarimizdan biri. Lekin keyingi yillarda to‘ylarimizni dabdaba bilan o‘tkazishga, yangidan-yangi «kashfiyot»lar qilishga o‘rganib qolayotgan edik.

Mehmonlarga kelin-kuyovning to‘ydan oldingi munosabati, yillar davomida yiqqan sepi muhrlangan videotasvirlar, birgalikda tushgan har xil holatlardagi fotosuratlar ko‘rsatilishidek «yangi urf»lar, nikohdan oldin bo‘ladigan bazm, kelin-kuyovning qator-qator mashinalarda sayr qilishi, qaysidir restoranda o‘yin-kulgi qilinishining nima keragi bor? Ortiqcha xarajat, keraksiz dahmaza emasmi? Bu xalqimizning hech bir odob-axloq mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bugun ayrim yurtdoshlarimiz zamonaviylikni ro‘kach qilib, ana shu kabi «ommaviy madaniyat» ko‘rinishlarini o‘zlari anglamagan holda hayotimizga olib kirmoqda.

Hamma narsada me’yor bo‘lgani yaxshi. Shuning uchun ham har bir mahalla fuqarolar yig‘inidagi to‘y o‘tkazish komissiyalari, ko‘pni ko‘rgan, katta hayotiy tajribaga ega otaxon-onaxonlar ko‘magida to‘y bilan bog‘liq yuqoridagi kabi illatlarga barham berilmoqda.

Mahallalarimizda to‘ydan avval va keyin o‘tkaziladigan «mazar yedi», «yuz ochdi» tadbirlari to‘y kuni o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Nikoh kuni qator-qator mashinalarda sayrga chiqish, yoshlarning allamahalgacha o‘yin-kulgi qilishi singari holatlar bartaraf etildi. Odamlar o‘zlari anglagan holda to‘yni qorong‘i tushmasdan to‘xtatmoqda.

Mahallalarda faoliyat yuritayotgan «Qaynonalar kengashi» jamoatchilik tuzilmasi faollari, shifokorlar, huquqshunoslar, keng jamoatchilik vakillarining yuqoridagi kabi illatlarni bartaraf etish, to‘ylarni ixcham o‘tkazish bo‘yicha olib borayotgan targ‘ibot ishlari tufayli samarali natijalarga erishilyapti. Ayniqsa, bu borada Durafshon, Gar-gar, Ershi, Mingtepa, Boboxuroson mahallarida amalga oshirilgan ishlar e’tiborga molik. Bundan tashqari, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar ham ijobiy natijalar bermoqda. Keyingi oylarda tumanimizda mana shunday holatlar umuman qayd etilmadi.

Ota-onalarga to‘yda keraksiz, ortiqcha xarajat o‘rniga yosh oilaga hayotda zarur bo‘ladigan jihoz yoki ma’naviyatini oshirishga xizmat qiladigan kitob sovg‘a qilishi maqsadga muvofiq ekani tushuntirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, to‘ylarni ixcham, dabdabasiz o‘tkazish, shuningdek, qaynona-kelin munosabatlarini yaxshilash, yosh oilalarni mustahkamlash, oila qurish ostonasida turgan yigit-qizlarning oilaviy hayot, oiladagi burch va mas’uliyat haqidagi bilim va tushunchalarini boyitish borasidagi targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish yuzasidan zarur ishlar olib borilmoqda.
Ma’muraxon SOTVOLDIYeVA


Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Yangi urflar» to‘ylarimizga qanday kirib kelmoqda?