11:02 / 01.02.2018
5 415

MXX keskin isloh qilinadi, xizmatga taalluqli bo‘lmagan bo‘linmalar faoliyati tugatiladi

MXX keskin isloh qilinadi, xizmatga taalluqli bo‘lmagan bo‘linmalar faoliyati tugatiladi
2018 yilning 31 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati kollegiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, u amalga oshirilgan ishlar tahlili va Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratildi. Bu haqida Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda Oliy Majlis palatalarining rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Devoni vakillari, hukumat a’zolari, Milliy xavfsizlik xizmati markaziy apparati va hududiy boshqarmalari yuqori mansabdor shaxslari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda har qanday davlatning asosiy vazifalaridan biri inson, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashdan iborat ekani va shunday bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, o‘tgan davr mobaynida Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini ta’minlashga katta hissa qo‘shdi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda obyektiv baholash asosida Milliy xavfsizlik xizmati va uning hududiy boshqarmalarining alohida bo‘linmalari faoliyati tanqid qilindi. Idoralararo hamkorlikni tashkil etishda, tezkor va tergov tadbirlarini o‘tkazishda, shuningdek kadrlar bilan ishlashda aniq xato hamda kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari Milliy xavfsizlik xizmatini zamonaviy talablarni inobatga olgan holda qayta isloh etish zarurligini ta’kidladi. Maxsus xizmatlarga xos bo‘lmagan vazifalar bilan shug‘ullanadigan idoralarning tugatilishi muhimligi ta’kidlandi, bu bir qator holatlarda davlatning boshqa tuzilmalari funksiyalarini o‘zgartirishga, shuningdek, milliy xavfsizlikning eng muhim sohalarida bo‘linmalarni mustahkamlashga olib keldi.

O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasida ko‘zda tutilgan keng ko‘lamli vazifalarni hisobga olgan holda, Milliy xavfsizlik xizmatining yaqin istiqbolda ustuvor vazifalari mamlakat rivojlanishi yangi bosqichida hayotning deyarli barcha sohalarida vaqt talablariga javob beradigan tub o‘zgarishlarni hisobga olgan holda belgilanadi.

Mamlakat prezidentining alohida ta’kidlashicha, davlat kuch tuzilmalaridan biri bo‘lgan Milliy xavfsizlik xizmati o‘z faoliyatini “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” prinsipi asosida amalga oshirishi lozim.

Joriy yilda “Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ishlab chiqish va qabul qilish muhimligi qayd etildi, u Milliy xavfsizlik xizmatining asosiy funksiyalari va vazifalarini aniqlaydi va, eng muhimi, kuch organlarining vakolatlarini aniq chegaralashga imkon beradi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha Milliy xavfsizlik xizmati samarali faoliyatining garovi, boshqa har qanday idora yoki tashkilot kabi, kadrlari, birinchi navbatda, rahbar xodimlari, ularning sodiqligi, professionalligi, mehnatsevarligi va yuksak mas’uliyati hisoblanadi.

Milliy xavfsizlik xizmati bo‘linmalari o‘z vakolatlari doirasida aholiga uning muammolarini hal qilishda, mahalliy hokimiyat organlari va davlat organlariga – boshlangan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda faol ko‘mak ko‘rsatishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Milliy xavfsizlik xizmati o‘quv muassasalari rahbarlari va professor-o‘qituvchilari tarkibidan yosh kadrlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish, turli sinovlarga bardosh bilan turish, o‘zini o‘zi doimiy ravishda kamolotga yetkazish va professional o‘sishga alohida e’tibor qaratgan holda tarbiyalashni talab qildi.

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining davlat maslahatchisi etib tayinlangani munosabati bilan Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga binoan, ilgari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimida ishlagan Ixtiyor Abdullayev Milliy xavfsizlik xizmati raisi etib tayinlandi.

Mas’ul shaxslarga Milliy xavfsizlik xizmati va uning bo‘linmalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » MXX keskin isloh qilinadi, xizmatga taalluqli bo‘lmagan bo‘linmalar faoliyati tugatiladi